Adenotomiyani bajarish uchun asosiy koʻrsatmalarga halqum murtagi gipertrofiyasining II, III darajalari quyidagi belgilar bilan kechgan holatlar kiradi:
burundan nafas olishni qiyinlashishi qaytalanuvchi etmoidit, sfenoidit, gaymo rit bilan kechganda;
qaytalanuvchi tubootit, kataral, yiringli va ekssudativ oʻrta otit, eshitish qobiliyatini pasayishi bilan kechganda;
yoʻldosh toksiko-allergik kasalliklar (miokardit, leptomeningit, surunkali bronxit, bronxial astma) bilan kechganda.
Noqulay epidemiologik vaziyatda (bola yuqumli kasallik bilan ogʻrigan bemor bilan muloqotda boʻlganda yoki emlanganda) jarrohlik amali 2-3 oydan soʻng bajariladi.
Adenotomiyaning qarshi koʻrsatmalariga quyidagilar kiradi:
qon kasalliklari (oʻtkir va surunkali leykoz, gemorragik diatez, immun gemopatiya);
toksik difteriya korinebakteriyalari batsillatashuvchiligi;
oʻtkir yoki surunkali LOR-aʼzolari kasalliklarining huruj davri;
oʻtkir yoki surunkali ichki aʼzolar kasalliklarining huruj davri;
yurak, buyrak, jigar va oʻpka kasalliklarining dekompensatsiya bosqichlari;
tish kariyesi;
timomegaliya;
halqum qon tomirlari nuqsonlari.
Adenotomiya jarrohlik amali odatda ambulatoriya yoki poliklinika sharoitida mahalliy yoki
umumiy ogʻriqsizlantirish ostida halqasimon pichoq – adenotom yordamida bajariladi. Bunda adenotom oʻrta chiziq boʻylab dimogʻ suyagining orqa chetidan halqum gumbazigacha kiritilgandan soʻng adenoid toʻqimasi asbobning halqasiga olinadi. Keyin adenotom chaqqonlik bilan burunhalqum devori boʻylab pastga siljitiladi, bir paytning oʻzida adenoidlar asosi sohasida kesib olinadi (bemorning boshi biroz oldinga egilgan boʻlishi kerak). Keyin bolaga navbatma-navbat burun kataklarini qoqish buyuriladi (144-rasm).
Jarrohlik amali umumiy ogʻriqsizlantirish ostida bajarilganda esa burun ajralmasi elektr soʻrgʻich bilan soʻrib olinadi.
Adenotomiya jarrohlik amalida quyidagi asoratlar kuzatilishi mumkin: jarohat maydonidan qon ketishi, tana haroratini koʻtarilishi, boʻgʻilish holati (qonni nafas yoʻliga kirishi natijasida), meningoentsefalit, meningit, umurtqa pogʻonasi osteomiyeliti, boʻyin umurtqasini chiqishi, yumshoq tanglayni falaji va boshqalar. Bemorni jarrohlik amaliga tayyorlash asoratlarni oldini olishga yor – dam beradi.
Jarrohlik amalidan soʻng qon ketishi kuzatilmagan bemor 2 soatdan soʻng uyga ketishi mumkin. Unga 1-2 kun davomida uy sharoitida boʻlish va iliq suyuq ovqatlar isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Bolalarda adenoidlar koʻpincha tanglay murtagi gipertrofiyasi bilan birga uchraydi. Bunday hollarda dastlab tonzillotomiya, keyin adenotomiya jarrohlik amallari bajariladi.