Hiqildoq va pastki nafas yoʻllarida kungaboqar, tarvuz va oshqovoq urugʻlari, yongʻoq, pista yoki tuxum poʻchogʻi, goʻsht va sabzavot boʻlakchalari, nina, toʻgnagich, tugma, mix, oʻyinchoqlar qismi va boshqa yot jismlar tiqilib qolishi mumkin. Yosh bolalarda har narsani ogʻziga olish odati borligi sababli ovqatlanish yoki oʻyin paytida, yugurganda, yiqilganda yoki gapirganda ogʻziga olgan jism nafas yoʻllariga kirib qolishi mumkin. Yuqori nafas
yoʻllari yot jismi koʻpincha bolalarda uchraydi va ularda rivojlangan boʻgʻilish holatiga sabab boʻladi. Hiqildoqhalqumning himoya refleksi susaygan yoki tish protezlari qoʻyilgan katta kishilarda ham yot jismni nafas yoʻllariga kirib qolish hollari uchraydi. Hiqildoq yot jismi 3,3% hollarda qayd etiladi.
Kasallikning kechimi yot jismning shakli va oʻlchamlariga bogʻliq boʻladi. Yosh bolalarda organik yot jismlar ayniqsa xavfli hisoblanadi. Nafas yoʻllarida tiqilib qolgan organik yot jism shishib, ilgak yordamida chiqarib olishga uringanda parchalanishi, uning kichik parchalari kichik bronxlar yorigʻiga kirib, ularni yopib koʻyishi mumkin. Kichik yot jism koʻzga koʻrinmaydi, shuning uchun u bronxlarda uzoq vaqt davomida qolib ketadi va zotiljam, traxeobronxit kabi asoratlarni rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Organik yot jism allergen sifatida nafas yoʻllari shilliq pardasining shishi va patologik mikroflarani rivojlanishiga yordam beradi.
Klinik belgilari. Yirik yot jism hiqildoq yorigʻida tiqilib qolganda bemorda boʻgʻilish holati yuz berishi mumkin. Kichik yot jism hiqildoq sohasida tiqilib qolganda, uning shilliq pardasi yalligʻlanib, shishadi. Buning natijasida bemorda hiqildoq torayishi belgilari rivojlanishi mumkin. Bemorda xurujli yoʻtal, baʼzan yutinganda ogʻriq va qusish kuzatiladi. Yot jism ovoz tirqishi sohasida tiqilib qolganda bemorning ovozi oʻzgaradi, pasayadi, baʼzan afoniya kuzatiladi.
Traxeya yorigʻida koʻpincha ovoz yorigʻidan oʻtgan oʻrtacha hajmdagi yot jismlar tiqilib qoladi (yongʻoq donalari, noʻxat, turli oʻsimliklarning urugʻi). Bemor tunda yoki hayajonlanganda hurujli yoʻtalga shikoyat qiladi. Traxeyada tiqilib qolgan harakatchan yot jismida auskultatsiyada dagʻal oʻtkazuvchan xirillash eshitilib, yot jismning harakati belgisi aniqlanadi; yoʻtalganda yoki nafas chiqarilganda yot jism hiqildoqning ovoz boylamlariga uriladi va shunda vrach “chertgan” tovushni eshitadi, traxeya sohasini paypaslaganda esa u yengil turtkini his etadi. Bemor ogʻzini ochib, nafas olganda hushtak tovushi eshitiladi. Traxeyaning harakatchan yot jismi baʼzan hiqildoqda tiqilib qolib, toʻsatdan rivojlangan boʻgʻilish holatiga sabab boʻladi.
Yot jism traxeya bifurkatsiyasi sohasida tiqilib qolganda bemorda inspirator, baʼzan – ekspirator hansirash, terining rangparligi va bezovtalik kuzatiladi.
Bronxlarda tiqilib qolganda yot jismda bemorda vaqti-vaqti bilan yoʻtal xurujlari va nafas faoliyatining buzilish belgilari kuzatiladi. Xurujlar orasida bemor tinchlanib, erkin nafas oladi. Koʻpincha yot jism oʻng bronxda (80% hollarda), kamdan-kam hollarda – chap bronxda tiqilib qoladi.
Hiqildoq yoki traxeya yorigʻiga zuluk kirib qolgan hollarda bemorda xurujli yoʻtal, qon qusish, qon tupurish, ovozni boʻgʻilishi, nafas olish va nafas chiqarish harakatlarining qiyinligi va hatto boʻgʻilish holati yuz berishi mumkin.
Kasallikning kechimi bronx yorigʻining yopilish darajasiga bogʻliq boʻladi. Yot jism bronx yorigʻini toʻliq yopib qoʻygan hollarda bemorda oʻpkaning oʻng yoki chap boʻlagi atelektazi belgilari rivojlanadi. Bemor yoʻtalganda yot jism oʻpkaning qaysi boʻlagida tiqilib qolganligiga qarab auskultatsiyada nafasni susayishi, quruq va hoʻl xirillashlar, perkussiyada oʻpka tovushini qisqarishi yoki qutisimon boʻlishi.
Bronx torayishi 3 klinik shakllarda namoyon boʻladi; toʻliq, ventil va qisman torayishi.
bronxning toʻliq torayishida oʻpkaning bir boʻlagi atelektazi rivojlanadi;
ventil bronx torayishida yot jism tiqilgan tomonda oʻpka emfizemasi rivojlanadi.
bronxning qisman torayishida Goltsknext-Yakobson belgisi kuzatiladi, yaʼni bemor
chuqur nafas olganda koʻks oraligʻi a ʼzolariyot jismi boʻlgan bronx tomonga siljiydi.
Tashxis kasallikning oʻziga xos boshlanishi, bemor shikoyatlari, auskultatsiya, perkussiya, rentgenoskopiya, rentgenografiya, bronxoskopiya, kompyuterli tomografiya maʼlumotlari asosida qoʻyiladi. Kattalarda hiqildoq yot jismi bevosita laringoskopiyada aniqlanadi (159-rasm).
Bronxoskopiyada bronxoskop birinchi navbatda yot jism tiqilib qolgan maydonga kiritiladi va dastlab shu maydon koʻzdan kechiriladi. Yot jismning shakli, bronx devoriga nisbatan joylashuvi baholanadi va uni chiqarib olish rejasi tuziladi. Rentgenologik tekshiruv yot jism qaysi joyda tiqilib qolganini aniqlashga yordam beradi.
159-rasm.Hiqildoq yot jismi
Rentgenkontrastli yot jism koʻkrak qafasi rentgenogrammasida koʻrinadi. Rentgenkontrastsiz yot jismda rentgenologik manzara bronx yorigʻining yopilish darajasiga qarab turlicha boʻladi:
bronx yorigʻi toʻliq yopilganda bemorda obturasiyali atelektaz rivojlanadi, yaʼni oʻpka soyasi xiralashib, diafragma gumbazi yuqoriga koʻtarilib, qovurgʻalar orasi torayib, koʻks oraligʻining soyasi yon tomonga siljiydi;
bronx yorigʻi qisman yopilganda zararlangan tomonda diafragma gumbazining harakati cheklanib, oʻpka soyasi xiralashib, nafas olganda koʻks oraligining soyasi zararlangan tomonga siljiydi (Golsknext-Yakobson belgisi);
bronx ventil shaklida yopilganda oʻpka soyasining tiniqligi kuchayib (emfizema), qovurgʻalar oraligʻi kengayib, koʻks oraligʻi aʼzolari sogʻlom tomonga siljiydi, zararlangan tomonda diafragma gumbazi pastga tushib, uning harakati chekalanadi.
Davolash. Nafas yoʻllari yot jismi shifoxona sharoitida endotraxeal ogʻriqsizlantirish ostida bajarilgan yuqori yoki pastki traxeobronxoskopiyada chiqarib olinadi.
Nafas yoʻllari yot jismini pastki traxeobronxoskopiya yordamida chiqarib olish uchun traxeostomiya jarrohlik amali quyidagi hollarda qoʻllaniladi:
yirikroq yot jism hiqildoq osti boʻshligʻida yoki traxeyada tiqilib qolganda va uni chiqarib olish paytida boʻgʻilish hollari rivojlanish xavfi tugʻilganda;
yot jism traxeya-bronx tizimining chuqur boʻlimlarida tiqilib qolganda;
bemorning ahvoli ogʻir boʻlib, vrachning qoʻl ostida bronxoskop boʻlmaganda.
Pastki traxeobronxoskopiya quyidagi vaziyatlarda bajariladi:
shishgan yoki oʻtkir uchli yirik yot jismni ovoz yorigʻi orqali chiqarish iloji boʻlmaganda;
yot jism tufayli bemorda boʻgʻilish holati rivojlanganda;
bronx yot jismini yuqori bronxoskopiyada chiqarib olishga urinishlar natija bermaganda.
Bronxoskopiya yordamida yot jismni chiqarib olishni iloji boʻlmagan hollarda bemor jarrohlik
boʻlimiga oʻtkazilib, yot jism jarrohlik usuli yordamida olinadi.
Yot jism parchalanganda birinchi navbatda uning yirik boʻlagi chikarib olinadi, qolgan mayda boʻlakchalari bronxlarni yuvish yoki elektr soʻrgʻich yordamida chiqariladi.
Traxeobronxoskopiyada kuzatilishi mumkin boʻlgan asoratlar:
jarohatdan soʻnggi laringit;
traxeya va bronxlar shilliq pardasini jarohatlanishi, teshilishi;
yurak faoliyatining reflektor toʻxtashi (sayyor asab tolasi bosilganda);
nafas yoʻllaridan qon oqishi;
pnevmotoraks;
teri osti emfizemasi;
traxeobronxit va zotiljam.
Hiqildoq yorigʻida tibbiy zuluk tiqilib qolganda umumiy ogʻriqsizlantirish ostida bevosita laringoskopiya tekshiruvi bajarilib, zuluk qisqich yordamida ushlanib, hiqildoq yorigʻiga 10% natriy xlorid eritmasi ozgina sepilsa tishlagan joyini qoʻyib yuboradi va zuluk osongina chiqarib olinadi.