Halqum (pharynx) ovqat hazm qilish tizimining boshlangʻich qismi boʻlib, ogʻiz boʻshligʻi va qiziloʻngach orasida joylashgan. Bir vaqtning oʻzida u nafas olish yoʻlining ham bir qismidir, chunki havo halqum orqali burun boʻshligʻidan hiqildoqga oʻtadi. halqum umurtqa pogʻonasi boʻyin qismining oldida joylashib, kalla suyagi asosi sathidan VI boʻyin umurtqasi sathigacha davom etadi va torayib, qiziloʻngachga oʻtadi. Kattalarda halqumning uzunligi 14 sm (12-15 sm), eni – 4,5 sm ga teng.
Halqumda yuqori, orqa, old va yon devorlar tafovut qilinadi.
yuqori devori – gumbazi (fornix pharyngis) ensa suyagining asosiy qismi va ponasimon suyak tanasi sohasida kalla suyagi asosining tashqi yuzasiga tutashadi;
orqa devori boʻyin fassiyasining umurtqa oldi plastinkasi (lam.prevertebralis) oldida yotib, beshta yuqori boʻyin umurtqalari tanalari sathiga toʻgʻri keladi;
yon devorlari ichki va tashqi uyqu arteriyalar, ichki boʻyinturuq vena, adashgan va til osti asab tolalari, simpatik poya, til osti suyagining katta shoxlari va qalqonsimon togʻay plastinkalariga tegib turadi;
old devori burunhalqum sohasida xoanalar orqali burun boʻshligʻiga, oʻrta boʻlimi – ogʻiz boʻshligʻiga ochiladi.
Halqumning yuqori qismida va xoanalar yonida halqumning shilliq pardasi koʻpqavatli hilpillovchi silindrik epiteliy, oʻrta va pastki qismida koʻp qavatli yassi epiteliy bilan qoplangan. Shilliq pardada, ayniqsa burunhalqum, yumshoq tanglayning halqum yuzasida va til negizining shilliq pardasida koʻpgina shilliq bezlar mavjud. Limfadenoid toʻqima, shu jumladan murtaklar ham shilliq osti qavatida joylashgan.
Halqum devorlari
shilliq (tunica mucosa),
fibroz (tunica fibrosa),
mushak (tunica muscularis) va
biriktiruvchi (tunica adventitia) qavatlardan iborat.
Halqum muskullari koʻndalang-targʻil mushak tolalaridan tuzilgan. Ular
halqumni qisuvchi (constrictor) va
halqumni yuqoriga koʻtaruvchi (levator) mushaklarga boʻlinadi.
Halqumning qisuvchi mushaklariga yuqori, oʻrta va pastki konstriktor mushaklari (m.constrictorpharyngis superior, medius et inferior) kiradi.
Halqumni koʻtaruvchi mushaklariga bigizsimon-halqum (m.stylopharyngeus) va orqa tanglay ravoqchasini hosil qilgan tanglayhalqum (m.palatopharyngeus) mushaklari kiradi.
Halqumning orqa va yon devorlari yumshoq biriktiruvchi toʻqima bilan toʻlgan halqum atrofi boʻshligʻi bilan yonma-yon turadi.
Halqum atrofi boʻshligʻida 2 boʻshliq tafovut qilinadi:
halqum orti boʻshligʻi;
halqum yon boʻshligʻi.
Halqum orti boʻshligʻi (spatium retropharyngeum) boʻyin umurtqalari, ularni qoplagan mushaklar va boʻyin fassiyasi umurtqa oldi plastinkasining old tomonida joylashgan; u tor tirqish shaklida boʻlib, yumshoq biriktiruvchi toʻqima bilan toʻlgan. Halqum orti fassiyasi kalla suyagi asosidan boshlanib, halqumning orqa devori boʻylab pastga tushadi va qiziloʻngach orti yumshoq toʻqimasiga, undan keyin koʻks oraligʻiga oʻtadi.
Halqum yon boʻshligʻi (spatium lateropharyngeum) yumshoq biriktiruvchi toʻqima bilan toʻlgan boʻlib, bigizhalqum mushagi yordamida old va orqa boʻlimlariga boʻlinadi. Bu boʻshliq kalla suyagi asosidan boshlanib, koʻks oraligʻigacha davom etadi.
Halqum 3 boʻlimdan iborat:
burun boʻlimi – epipharynx (burunhalqum);
ogʻiz boʻlimi – mesopharynx ( ogʻizhalqum);
hiqildoq boʻlimi – hipopharynx (hiqildoqhalqum).