Yuqori jagʻ boʻshlig‘i (sinus maxillaries) juft va yirik boʻlib, yuqori jagʻ suyagi tanasida joylashgan, har birining hajmi turlicha boʻlib, kattalarda oʻrtacha 12-20 sm teng (baʼzan 30 sm ga yetishi mumkin). Yuqori jagʻ boʻshliqlarining shakli uch qirrali piramidani eslatadi. Boʻshliqlarning ichki yuzasi qalinligi 0,1mm atrofida boʻlgan shilliq parda bilan qoplangan va u koʻpqatorli silindrik hilpillovchi epiteliydan tashkil topgan. Hilpillovchi epiteliyning harakati tufayli shilimshiq ajralma doira boʻylab yuqoriga boʻshliqning ichki devori tomon siljiydi. Bu joyda boʻshliqning oʻrta burun yoʻliga ochiluvchi teshigi joylashgan. Yuqori jagʻ boʻshligʻida
old,
orqa,
yuqori,
pastki va
ichki devorlari tafovut etiladi.
Yuqori jagʻ boʻshligʻining old, yoki yuz devori yuqori jagʻ suyagining old yuzidan hosil boʻlib, koʻz kosasining pastki chetidan yuqori jagʻ suyagining alveolyar oʻsimtasigacha davom etadi. Ushbu devor boʻshliqning eng qalin devori bulib, lunjning yumshoq toʻqimalari bilan qoplangan. Yuz devorining old yuzasida joylashgan yassi suyak chuqurligi qoziq yoki it chuqurchasi (fossa canina) deb ataladi. U 4-7 mm chuqurlikda joylashadi. Qoziq chuqurchasi haddan tashqari chuqur boʻlgan hollarda yuqori jagʻ boʻshligʻining old va yuqori devorlari bevosita ichki devoriga yaqin joylashgan boʻladi. Buni yuqori jagʻ boʻshligʻini diagnostik teshish paytida eʼtiborga olish lozim, chunki bunday hollarda nini yuzning yumshoq toʻqimalariga yoki koʻz kosasiga kirib ketishi va yirinrgli asoratlarni rivojlanishiga sabab boʻlishi mumkin.
Boʻshliqning yuqori, yoki koʻz kosasi devori eng yupqa boʻlib, koʻz kosasining pastki devori hisoblanib, unda koʻz kosasi asab tolasining kanali joylashgan. Baʼzan asab tolasi va qon tomirlar yuqori jagʻ boʻshligʻining yuqori devorini qoplagan shilliq pardaga yaqin joylashishi mumkin. Buni jarrohlik amalida patologik ajralmani qirib olish jarayoni paytida eʼtiborga olish lozim.
Boʻshliqning orqa-yuqori (ichki) boʻlimlari gʻalvirsimon labirintning orqa katakchalari va ponasimon boʻshliq bilan yonma-yon joylashganligi tufayli ular yuqori jagʻ boʻshligʻiga ochilishi mumkin. Koʻz kosasi va bosh miya qattiq pardasining gʻorsimon sinusi bilan aloqa hosil qiluvchi vena qon tomirlar toʻrining mavjudligi yalligʻlanish jarayonini ushbu maydonlarga tarqalishiga va gʻorsimon sinus trombozi, koʻz kosasi flegmonasi kabi ogʻir asoratlarni rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
Yuqori jagʻ boʻshligʻining orqa devori qalin boʻlib, yuqori jagʻ suyagining tepaligi (tuber maxille) sohasiga toʻgʻri keladi, uning orqa yuzasi yuqori jagʻ asab tolasi, qanottanglay tuguni, yuqori jagʻ arteriyasi va qanottanglay vena qon tomirlar toʻri joylashgan qanottanglay chuqurchasiga qaratilgan.
Boʻshliqning pastki devori yuqori jagʻ suyagining alveolyar oʻsigʻiga toʻgʻri keladi. Uining tubi taxminan burun boʻshligʻi tubi sathida yoki undan pastroqda joylashgan. Baʼzan ushbu maydonda ikkinchi kichik va ikkita katta oziq tishlarning ildizlari boʻrtib chiqib, baʼzan ildiz kariyesi jarayoni odontogen gaymoritni rivojlanishiga sabab boʻlishi mumkin.
Yuqori jagʻ boʻshligʻining ichki (burun) devori (piramidaning asosi) burun boʻshligʻining tashqi devori hisoblanib, pastki va oʻrta burun yoʻllarining asosiy qismiga toʻgʻri keladi. U asta-sekin yupqalashgan suyak plastinkasidan va oʻrta burun yoʻli maydonida ikki qavat shilliq pardadan iborat. Yuqori jagʻ boʻshligʻining teshigi yuqori boʻlimlarda joylashganligi boʻshliq ajralmasi chiqarilishini qiyinlashtiradi.
Yuqori jagʻ boʻshligʻining uzunligi 1-5 yoshli bolalarda eni va balandligiga nisbatan koʻproq boʻladi, 6-7 yoshlarga borib uning shakli kattalarnikiga oʻxshaydi. 8 yashar bolalarda yuqori jagʻ boʻshligʻining tubi burun tubi sathida, 12 yoshli bolalarda esa burun tubidan pastroqda joylashadi.
Bir yoshgacha boʻlgan bolalarda yuqori jagʻ boʻshligʻining pastki devori ikki qator sut va doimiy tishlarning kurtaklari ustida joylashadi, lekin ular bilan tutashmaydi. Yosh bolalarda qoziq tish yuqori jagʻ boʻshligʻi va koʻz kosasining ichki burchagiga yaqin joylashib, 5-6 yoshda yuqori jagʻ boʻshligʻi qoziq tish, ikki kichik va katta oziq tishlar bilan bevosita bogʻliq boʻladi