Flegmonoz angina (intratonzillyar hoʻppoz) nisbatan kam uchraydi. Kasallikning rivojlanishiga banal anginalardan tashqari, murtaklarni ovqatni qattiq luqmasi bilan jarohatlanishi sabab boʻlishi mumkin.
Bunday anginada lakunalar chiqarish faoliyatining buzilishi, dastlab murtak toʻqimasining shishi, keyin leykotsitlar infiltrasiyasi kuzatiladi. Follikulalardagi nekrozga uchragan toʻqima maydonlari qoʻshilib, murtakda yiringli oʻchoq hosil qiladi (131-rasm). Murtak yuzasiga yaqin joylashgan hoʻppoz oʻz-oʻzidan ogʻiz boʻshligʻiga yoki paratonzillyar boʻshliq ichiga yorilishi mumkin. Flegmonoz anginada murtak qizarib kattalashadi, paypaslanganda ogʻriydi. Murtak ichi kichik hoʻppozchalari belgisiz yoki biroz mahalliy va umumiy oʻzgarishlar bilan kechib,odatda keskin klinik belgilar bilan kechuvchi paratonzillyar hoʻppozdan farq qiladi. Agar flegmonoz anginada bemor ogʻzini ocha olsa, paritonzillit yoki paritonzillyar hoʻppozda u ogʻzini ochishga qiynaladi.
Davolash. Flegmonoz angina jarrohlik usulida davolanib, bemorda murtak ichi ho ʼppozini ochish yoki umumiy va mahalliy ogʻriqsizlantirish ostida tonzillektomiya jarrohlik amallari bajariladi. Bir vaqtning oʻzida bemorga yalligʻlanishga qarshi antibiotiklar, antigistamin, ogʻriqsizlantiruvchi, dezintoksikatsiya va simptomatik dori vositalari buyuriladi. Tanglay murtaklari chegarasi sohasiga teri ostiga antibiotik eritmasini yuborish va vena ichiga 1% li kalsiy xlorid eritmasini bir daqiqada 40-50 tomchidan tomchilab yuborish yaxshi natija beradi.
Jarrohlik amali paytida quyidagi asoratlar kuzatilishi mumkin: jarohat maydonidan qon oqishi, tana haroratini koʻtarilishi, boʻgʻilish (qon nafas yoʻllariga kirganda sodir boʻladi), meningoentsefalit, meningit, umurtqa pogʻonasi osteomiyeliti, boʻyin umurtqalarini chiqishi, yumshoq tanglay falaji va boshq. Asoratlarni oldini olish uchun jarrohlik amalidan oldin EKG, qon, siydik va axlatning klinik tekshiruvlari oʻtkaziladi; pediatr, terapevt va kardiolog koʻrigi uyushtirilib, bemor jarrohlik amaliga tayyorlanadi.