Agranulotsitozda rivojlangan angina – qonda monositlar va limfositlar saqlanib, granulositlarning (bazofillar,eozinofillar va neytrofillar) yoʻqolishi, bir vaqtning oʻzida leykotsitlar sonini keskin kamayshi (bʼzan 0,2-0,510 9/l gacha) bilan kechuvchi tanglay murtaklari va halqumning yarali-nekrotik yalligʻlanishi. Agranulotsitozning rivojlanishiga koʻpincha gemopoezga salbiy taʼsir etuvchi dorilarni (analgin, aspirin, sulfanilamidlar, antibiotiklar, oʻsmaga qarshi dorilar) davomli va notoʻgʻri qoʻllash sabab boʻladi.
Etiologiyasi boʻyicha agranulotsitozning 4 turi tafovut qilinadi: yuqumli, toksik (dorilar taʼsiri natijasida), nurlanish va qon kasalliklaridagi agranulotsitoz.
Kasallik shiddatli, oʻtkir va nisbatan oʻtkir shakllarda kechadi. Agranulotsitozning oʻtkir shakli bir kecha-kunduzda rivojlanib, bemor ahvolining ogʻirligi, tana haroratining balandligi va qaltirash kabi umumiy belgilar bilan namoyon boʻladi. Bir vaqtning oʻzida tanglay murtaklarida nekrotik yaralar paydo boʻladi. Jarayon ogʻiz boʻshligʻi, halqum va hatto hiqildoqning shilliq pardasiga tarqaladi. Nekrozga uchragan chuqur yumshoq va suyak toʻqimalari parchalanib dagʻal nuqsonlar hosil qiladi. Jarayon tomoqni keskin ogʻrishi, yutinganda ogʻriqni kuchayishi, soʻlak oqishi, ogʻizdan yoqimsiz hid kelishi bilan kechadi.
Qonda keskin leykopeniya va neytropeniya aniqlanadi. Bir necha kun ichida qonda neytrofillar yuqolib, leykoformulani faqat limfotsit va monotsitlar tashkil qiladi. Eritrositlar va trombotsitlar soni deyarli oʻzgarmaydi.
Tashxis kasallikni boshlanishi, bemor shikoyatlari, faringoskopiya, laboratoriya tekshiruvlari natijalari va boshqa qoʻshimcha maʼlumotlar asosida qoʻyiladi.
Davolash. Bemorga qon ishlab chiqarishni faollashtiruvchi dorilar buyurilib, ikkilamchi infeksiyaga qarshi davolash tadbirlari oʻtkaziladi. Agranulotsitozga sabab boʻlgan dorilarni qoʻllash toʻxtatiladi. Vena ichiga 200-300 ml qon, leykotsitar massa qoʻyilib, leykopoezni faollashtiruvchi vositalar – nukleinat natriy, pentoksil, leykogen buyuriladi, kortikosteroidlar, vitaminlar, kalsiy xlorid yoki kalsiy glyukonat tavsiya qilinadi. Har kuni ogʻiz boʻshligʻi va halqumga ishlov berilib, nekrozga uchragan toʻqimalar olib tashlanadi; ogʻiz boʻshligʻi va halqum antiseptik eritmalar bilan yuviladi.