Traxeobronxoskopiya tekshiruvi asosan nafas yoʻllaridan yot jismini olib tashlash, traxeya va asosiy bronxlardan papillomalarni olib tashlash, skleroma va oʻpka hoʻppozini davolash, pastki nafas yoʻllari oʻsmasi, sili, bronxoektazlari, traxeyaning chandiqli torayishlari va traxeya – qiziloʻngach oqmalarini aniqlash uchun qoʻllaniladi.
Traxeobronxoskop naychasi qaysi sohadan kiritilishiga qarab yuqori va pastki traxeobronxoskopiya tekshiruv usullari tafovut etiladi. Yuqori traxeobronxoskopiyada naycha ogʻiz, halqum va hiqildoq orqali kiritilsa, pastki traxeobroxoskopiyada u hosil qilingan traxeostomadan kiritiladi.
Traxeobronxoskopiya umumiy endotraxeal ogʻriqsizlantirish ostida bajariladi.
Yuqori traxeobronxoskopiya bemor oʻtirgan yoki yotgan holatida bajarilishi mumkin.Tekshiruvdan 30 daqiqa oldin mushak orasiga 1ml 0,1% atropin sulfat va 1 ml 2% promedol eritmasi yuboriladi.
Bemor ogʻzini katta ochgan holda jarrohlik stoliga chalqancha yotqizilib, elkalari ostiga yostiqcha qoʻyiladi. Vrach bemorning pastki jagʻini chap qoʻl barmoqlari bilan ushlagan holda koʻz nazorati ostida bronxoskop naychasini ogʻiz burchagidan uning ogʻiz boʻshligʻiga kiritadi. Bunda naychaning distal uchi ogʻizhalqumning oʻrta chizigʻida joylashishi lozim. Til va hiqildoq usti qopqogʻini bosib, naycha asta-sekin oldinga siljitiladi, shunda ovoz tirqishi koʻzga koʻrinadi. Keyin vrach naycha dastasini aylantirib, uning distal uchini 450 ga burib, nafas olish paytida naychani ovoz tirqishining keng orqa qismi orqali traxeyaga kiritiladi. Dastlab traxeya devorlari, keyin bifurkatsiya maydoni koʻzdan kechiriladi. Traxeya yorigʻi asta-cekin kichrayib boruvchi halqalar shaklida namoyon boʻlib, oqish rangli togʻay halqalar aniq koʻzga tashlanib turadi. Meʼyorda traxeya va bronxlarning shilliq pardasi och pushti rangli boʻladi. Koʻz nazorati ostida naycha navbatma-navbat asosiy, keyin – kichik bronxlarga kiritiladi. Bronxoskop naychasini chap bronxga kiritish nisbatan qiyin, buning uchun bemor gavdasini va boshini oʻng tomonga biroz egish lozim.
Naychani chiqarib olish paytida traxeya-bronx daraxti koʻzdan kechiriladi. Yot jism yoki gistologik tekshiruvga olingan toʻqima parchalari maxsus qisqichlar yordamida chiqarib olinadi. Bronxlardan shilimshiq yoki yiringli ajralmani chiqarish uchun elektr soʻrgʻich ishlatiladi. Muolajadan soʻng bemor 2 soat davomida vrach nazorati ostida boʻladi, chunki bu vaqt ichida bemorda hiqildoq shishi va stenotik nafas belgilari roʻy berishi mumkin.
Pastki traxeobronxoskopiyada pastki nafas yoʻllari traxeostoma teshigidan kiritilgan naycha orqali koʻzdan kechiriladi. Dastlab traxeya devorlarining shilliq pardasi 10% lidokain yoki 2% dikain eritmalari bilan mahalliy usulda ogʻriqsizlantiriladi. Keyin traxeostoma teshigi atrofiga steril salfetkalar qoʻyilib, bronxoezofagoskop naychasi traxeostoma teshigidan traxeya va bronxlarga kiritiladi.