Nogʻora pardani yirtilishi oʻrta quloq jarohatlarining 90% hollarida uchraydi. Quloq sohasiga zarb tegishi, quloq sohasi bilan yiqilish, qorboʻron yoki suvga shoʻngʻish oʻyinlari paytida tashqi eshituv yoʻlining havo bosimi toʻsatdan oshishi natijasida nogʻora parda yirtilishi mumkin. Bunday jarohatlar gʻovvoslarda, kompressiya va dekopressiya qoidalari buzilganda, yaqin masofada portlash sodir boʻlib, nogʻora pardaga kuchli havo toʻlqini taʼsir etganda yuz berishi mumkin.
Chakka suyagining piramida sohasi uzunasiga singanda va sinish chizigʻi nogʻora parda ustidan oʻtgan hollarda ham nogʻora parda yirtilishi mumkin. Nogʻora pardani bevosita jarohatlanishi quloqni turli qattiq jismlar bilan tozalash (masalan, gugurt choʻpi yoki shpilka bilan) yoki chakalakzorlarda yugurganda daraxt shoxchalari quloqni ichiga kirib ketishi natijasida sodir boʻlishi mumkin. Bilar-bilmas quloq ichidan yot jismni chiqarib olishga urinishlar ham shunday oqibatlarga sabab boʻladi.
Klinik belgilari. Bemor qulogʻi ogʻrishiga, qulogʻi shangʻillashiga va eshitishi pasayganiga shikoyat qiladi. Otoskopiyada nogʻora pardaga qon quyilganligi, unda tirqishsimon teshik borligi va nogʻora boʻshligʻida gematoma hosil boʻlganligi koʻrinadi. Baʼzan nogʻora pardadagi teshik orqali nogʻora boʻshligʻining qizargan shilliq pardasi va uning ichki devori koʻrinib turadi. Teshiklar tirqishsimon, nuqtali, aylana, baʼzan cheti qiyshiq shaklda boʻlib, nogʻora pardaning bitta yoki undan ortiq qismlarini egallashi mumkin. Koʻpincha nogʻora pardaning old-pastki qismi sohasi yirtiladi. Bugʻ, qaynoq suv yoki kimyoviy modda taʼsiri natijasida nogʻora parda toʻliq teshilishi yoki erib ketishi mumkin.
Tashxis bemor shikoyatlari, anamnez maʼlumotlari, otoskopiya, akumetriya, audiometriya, vestibulometriya tekshiruvlari asosida qoʻyiladi.
Davolash tadbirlari nogʻora pardadagi teshik orqali infeksiyani oʻrta quloqqa tarqalishini oldini olishga qaratiladi. Quloqni yuvish qatʼiy taqiqlanadi! Birinchi tibbiy yordam tashqi eshituv yoʻliga 5-7 kunga steril pilikchani kiritib turishdan iborat. Oʻrta quloqni yalligʻlanishini oldini olish maqsadida bemorga antibiotiklar buyurilib, eshituv nayining oʻtkazuvchanligi tekshiriladi. Nogʻora pardaning teshigini oʻz-oʻzidan bitishi uning oʻlchamlariga va jarohatning xarakteriga bogʻliq boʻladi. Mexanik jarohat olgan 55% bemorlarda nogʻora pardadagi teshik oʻz-oʻzidan bitib ketadi.
Bu hol koʻpincha tirqishimon shakldagi teshik nogʻora pardaning 1/4 qismini egallaganda kuzatiladi.
Nogʻora pardadagi teshik oʻz-oʻzidan bitmagan hollarda bemorlarda keyinchalik miringoplastika jarrohlik amali bajarilib, teshik turli plastik materiallar (meatotimpanal toʻqima boʻlagi, chakka mushagining fassiyasi, ishlov berilgan bosh miya pardasi va h.k.) yordamida yopiladi.