Tashqi quloq ekzemasi (eczema) – oʻtkir yaUigʻlanish belgilari bilan kechgan, quloq suprasi va tashqi eshituv yoʻli terisining taʼsirlanishi va infeksiya natijasida rivojlangan surunkali kasallik. Oʻtkir va surunkali oʻrta otitda quloqdan oqayotgan yiringli ajralma, tarkibida yod bor dori moddasi, koʻmir va sement changi, ob-havoning yuqori namligi quloq suprasining terisiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Tashqi quloq ekzemasi organizmning ayrim moddalarga nisbatan sezgirligini oshishi yoki umumiy kasalliklarning (qandli diabet, podagra va boshq.) belgisi sifatida namoyon boʻlishi ham mumkin. Mahalliy immunitetning susayishi, surunkali teri kasalliklari (mikrobli, zamburugʻli, virusli), surunkali infeksiya oʻchoqlari (tonzillit, xolesistit) va sil kasalliklari tashqi quloq ekzemasining rivojlanishiga yordam beradi.
Bolalarda koʻpincha hoʻl ekzema uchraydi. Uning rivojlanishiga ekssudativ diatez, raxit, ichak kasalliklari, uzoq vaqt turli dorilar bilan davolash, bolani haddan tashqari issiq kiyintirish kabi omillar yordam beradi.
Klinik belgilari. Tashqi quloq ekzemasining oʻtkir va surunkali, chegaralangan va tarqoq, hoʻl va quruq shakllari tafovut qilinadi.
Oʻtkir tashqi quloq ekzemasida terining asosan yuzaki qatlamlari, surunkali ekzemada – uning chuqur qatlamlari zararlanadi. Oʻtkir ekzemada qizarish va infiltrasiya tufayli quloq suprasi qalinlashib, eshituv yoʻli keskin torayadi, terida kichik serozli pufakchalar paydo boʻladi. Pufakchalar yorilgandan soʻng quloqdan serozli ekssudat oqadi, ajralma qurigandan soʻng terining qoʻl yuzasida sargʻish-kulrang poʻstloqlar hosil boʻladi. Poʻstloqlar toʻplanib tashqi eshituv yoʻlini yopib qoʻyishi mumkin. Bemor qulogʻi tinmay qichishiga shikoyat qiladi. Ikkilamchi infeksiyani qoʻshilishi chegaralangan yoki tarqoq tashqi otitning rivojlanishiga olib keladi.
Umumiy kasalliklarda tashqi quloq ekzemasi koʻpincha surunkali kechadi va kaytalanib turadi; quloq suprasi qalinlashib,tashqi eshituv yoʻlining kirish qismi terisida yoriqlari hosil boʻladi.
Tashxis bemor shikoyatlari, kasallikni boshlanishi, uning sabablari va allergik omilni aniqlash, otoskopiya, bakteriologik, mikologik va boshqa laboratoriya tekshiruvlari natijasi asosida qoʻyiladi.
Qiyosiv tashxis. Tashqi quloq ekzemasini tashqi quloq saramasi, chegaralangan va tarqoq tashqi otit va otomikozdan farqlash lozim. Saramasda zararlangan maydon paypaslanganda keskin ogʻriydi, uning chegarasi, yaʼni demorkasiya chizigʻi koʻzga tashlanib turadi; ekzemada bu belgi kuzatilmaydi. Otomikoz kasalligi bemorning oʻziga xos shikoyatlari, otoskopiya va mikologik tekshiruvlarining natijalarida asosida aniqlanadi.
Davolash tadbirlari kasallikning rivojlanishiga sabab boʻlgan asosiy kasallikni davolashdan boshlanadi va turli endogen va ekzogen omillar taʼsiri bartaraf etiladi; xususan, oʻrta quloqning yiringli kasalliklari davolanadi, surunkali infeksiya oʻchoqlari sogʻlomlashtiriladi, uglevodlar almashinuvi tiklanadi. Bemorga parxez taomlar tavsiya qilinadi (tuz, uglevodlar, spirtli ichimliklar, qovurilgan va dudlangan qoʻy yoki tovuq goʻshti, anjir, pista, bodom kabi maxsulotlarni isteʼmol qilish cheklanadi). Tozalangandan soʻng quloq suprasiga har kuni talk yoki rux oksidi kukuni sepiladi. Hoʻl ekzemada kortikosteroid aerozollari va malhamlari (oksikort aerozoli va malhami, gioksizon, prednizolon, elokom, selestoderm, diprosalik, triderm malhamlari) buyuriladi. Tashqi eshituv yoʻliga 2-3% li kumush nitrati,1-2% li brilliant yashil eritmalari bilan ishlov berish yaxshi natija beradi. Poʻstloqlar avval vazelin yogʻi bilan yumshatilib, keyin olib tashlanadi. Bemorga desensibilizatsiyalovchi (dimedrol, diazolin, suprastin, fenkarol, gistolan, analergin, klaritin, loratal, kalsiy glyukonat, kalsiy xlorid) va kortikosteroid dori vositalari tavsiya etiladi. Zarur boʻlsa autogemoterapiya, vitaminlar, UBN, UVCH, lazer-yoki magnitolazeroterapiya fizioterapiya muolajalari buyuriladi.
Tashqi quloq ekzemasini oldini olish uchun kasallikning rivojlanishiga sabab boʻlgan omillar bartaraf etilishi lozim. Tashqi eshituv yoʻlini suv bilan yuvish taqiqlanadi, chunki suv va suvli eritmalar kasallikni avj olishiga olib keladi. Oʻtkir yoki surunkali oʻrta otit bilan kasallangan va qulogʻidan tinimsiz yiring oqadigan bemorlarni toʻgʻri davolash muhim ahamiyatga ega. Bunday bemorlarga tozalikka rioya qilish tavsiya qilinadi.