Burun va burun yondosh boʻshliqlarining fiziologik faoliyati inson organizmidagi ayrim aʼzo va tizimlar uchun muhim ahamiyatga ega. Masalan, chang zarrachalarining 60% va koʻpgina bakteriyalar burun boʻshligʻida ushlanib qolinadi. Burun orqali nafas olinganda pastki nafas yoʻllariga turli kasalliklarni qoʻzgʻatuvchi mikroblar 10-marta kam kiradi.
Burun orqali nafas olishning qiyinlashishi bemorda qon bosimining oshishiga, koʻzdan yosh oqishiga, koʻz qorachigʻini torayishiga, yurak faoliyati va bosh miyada qon aylanishini buzilishiga, xotirani susayishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, u angina, oʻtkir respirator kasallik, bronxit va zotiljamni rivojlanishiga yordam beradi.
Nafas ogʻiz orqali olinganda organizmga kirayotgan kislorod miqdori meʼyordagiga qaraganda 78% ni tashkil qilib, uzoq vaqt davom etgan kislorod yetishmovchiligi bemorni jismonan va aqlan rivojlanishga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Burun boʻshligʻi bosh miya bilan qon va limfa tomirlar orqali aloqa hosil qilishi tufayli burun orqali nafas olishning uzoq vaqt qiyinlashishi bosh miyada qon va limfa aylanishining buzilishiga olib kelishi mumkin. Natijada bemorda taxikardiya, kalla ichi bosimini oshishi, bosh ogʻriqi, jismoniy va ruhiy toliqish, ishtahani pasayishi, fikrni jamlay olmaslik belgilari kuzatiladi.
Burun orqali nafas olishning uzoq vaqt qiyinlashishi asab tizimi buzilishlariga va qator kasalliklarni (bronxial astmaga, bolalardagi epilepsiyaga oʻxshash talvasa holati yoki tungi enurez) rivojlanishiga olib kelishi ham mumkin. Bolalarda burun orqali nafas olishning uzoq vaqt davomida qiyinlashishi koʻkrak qafasi suyaklarining rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatib, qomati va yuz-jagʻ tuzilishining buzilishiga sabab boʻladi; natijada
yuqori jagʻ notoʻgʻri rivojlanadi,
uning yon qismlari bir-biriga yaqinlashadi,
qattiq tanglay torayib, balandroq joylashadi (”Gotik” tanglay).
Burun tubining koʻtarilishi burun toʻsigʻini qiyshayisiga, tishlar joylashuvini buzilishiga olib keladi.