Quloqdan qon oqishi quloq suprasi, tashqi eshituv yoʻli yoki nogʻora pardaning mexanik jarohatlarida, kalla suyagi asosi singanda (sinish chizigʻi chakka suyagi ustidan oʻtganda), bosh miya qon tomirlari (ayniqsa sigmasimon sinus), tashqi yoki ichki uyqu arteriyalari shikastlanganda kuzatiladi. Bundan tashqari gripp yoki jarrohlik amalidan soʻng asorat sifatida rivojlangan oʻtkir va surunkali oʻrta otitlarda ham quloqdan qon oqishi kuzatilishi mumkin.
Quloqdan qon oqishining keskinligi jarohat maydonining joylashuviga bogʻliq; tashqi quloq jarohatida kamroq, chakka suyagi va tashqi eshituv yoʻli suyak qismining jarohatida – koʻproq qon oqishi kuzatiladi. Nogʻora parda yirtilgan hollarda bemor qulogʻini ogʻrishiga va shangʻillashiga, eshitish qobiliyati pasayganligiga shikoyat qiladi. Otoskopiyada nogʻora parda qizarganligi, unga qon quyilganligi va tirqishsimon yoki aylana shaklda yirtilganligi koʻrinadi.
Kalla suyagi asosi singan va bosh miyaning qattiq pardasi shikastlangan hollarda quloqdan nafaqat qon, balki orqa miya suyuqligi ham oqadi; bemorning eshitish qobiliyati keskin pasayadi yoki yoʻqoladi, baʼzan yuz asab tolasining falaji, bosh aylanishi, koʻngil aynishi va qusish kabi vestibulyar buzilishlar kuzatiladi.
Oʻrta quloq tomi va tubi shikastlangan hollarda nogʻora boʻshligʻida qon toʻplanadi (gemotimpanum). Otoskopiyada koʻkimtir nogʻora parda tashqi eshituv yoʻliga boʻrtganligi, nogʻora boʻshligʻida qon toʻplamining sathi koʻrinadi.
Grippdan keyin rivojlangan oʻtkir oʻrta otitda quloqdan qon oqishi asosiy kasallikning belgisi boʻlib, otoskopiyada nogʻora parda qizarganligi, uning epiteliy qatlami koʻchganligi va toʻq qizil qon pufakchalari paydo boʻlganligi koʻrinadi.
Surunkali yiringli oʻrta otit polip oʻsishi bilan kechganda tashqi eshituv yoʻlida bajarilgan muolajadan soʻng (masalan, tashqi eshituv yoʻliga kiritilgan zond polipga tegib ketganda) quloqdan kam miqdorda qon oqishi mumkin. Xolesteatoma nogʻora boʻshligʻining old devorida joylashib, ichki uyqu arteriya devorini emirganda quloqdan koʻp miqdorda qon oqishi kuzatilishi mumkin.
Tashxis bemor shikoyatlari, anamnez maʼlumotlari, otoskopiya, rentgenografiya, kompyuterli tomografiya tekshiruvlari natijalari asosida qoʻyiladi.Baʼzan quloq ichida qon borligi tashqi eshituv yoʻlini paxta yoki zond bilan tozalash paytida aniqlanadi. Kalla asosi singanda bosh miya qon tomirlarining jarohatini aniqlash ancha qiyin.
Davolash. Bemorga quloqdan qon oqishini toʻxtatish tadbirlari oʻtkaziladi; tomir ichiga yoki mushak orasiga qon oqishini toʻxtatuvchi dorilar (disinon, etamzilat natriy) yuboriladi, tashqi eshituv yoʻliga kseroformga shimdirilgan pilikcha qoʻyiladi. Zarurat tugʻilgan hollarda umumiy uyqu arteriyasi bosiladi va bemor shoshilinch ravishda shifoxonaga yuboriladi. Ogʻir hollarda tashqi uyqu arteriyasi bogʻlanadi.
Oʻrta quloq jarohatlari kalla suyagi asosi singanda va sinish chizigʻi chakka suyagi ustidan oʻtganda yoki chakka suyagining toshsimon qismi uzunasiga singanda kuzatiladi. Bunday hollarda sinish chizigʻi nogora boʻshligʻining yuqori devori va tashqi eshituv yoʻli ustidan oʻtadi.
Jarohatdan soʻnggi oʻrta otit oʻrta quloqning oddiy yalligʻlanishining klinik manzarasi kabi kechadi. Shu bilan birga u ayrim xususiyatlarga ega. Bunday hollarda oʻrta otit kalla suyagi, bosh miya, umurtqa pogʻonasi va boshqa aʼzolar jarohati bilan birga kechadi. Shuning uchun diagnostik va davolash tadbirlari nevropatolog, neyrojarroh, oftalmolog mutaxassislari bilan birgalikda olib borilishi lozim. Kalla suyagi asosi yoki umurtqa pogʻonasi singan bemorning boshi va gavdasi albatta harakatsizlantirilishi lozim.
Oʻrta quloq jarohati nogʻora pardaning yirtilishi bilan kechgan hollarda ikkilamchi infeksiya nogʻora boʻshligʻiga tashqi eshituv yoʻli orqali, nogʻora parda yirtilmagan hollarda – eshituv nayi orqali tarqalishi va yalligʻlanish jarayonining rivojlanishiga sabab boʻlishi mumkin. Infeksiyani nogʻora boʻshligʻiga tarqalishi soʻrgʻichsimon oʻsiqning ochiq shikastida ham kuzatiladi. Jarohatdan soʻng organizmning himoya kuchini pasayishi natijasida jarohatdan soʻnggi oʻrta otit bilan ogʻrigan bemorda mastoidit asorati rivojlanishi mumkin.
Oʻrta quloq jarohatlari koʻpincha eshituv suyakchalarida oʻzgarishlar bilan birga kechishi mumkin. Bunda bolgʻacha va sandonchani sinishi, chiqishi, siljishi, uzangicha asosini labirint darchasidan chiqib ketishi kuzatiladi. Shunga oʻxshash jarohatlar kalla suyagi va pastki jagʻ suyagi jarohatlarida ham qayd etiladi.
Oʻrta quloq jarohatida bemorning qulogʻidan qon, baʼzan miya suyuqligi oqadi, unda ”zararlangan” tomonga yoʻnalgan nistagm belgisi paydo boʻlishi mumkin.
Tashxis bemor shikoyatlari, anamnez maʼlumotlari, zararlangan maydonni koʻzdan kechirish, paypaslash, otoskopiya, otomikroskopiya, Stenvers boʻyicha chakka suyagi rentgenografiyasi yoki kompyuter tomografiya, qon tahlillari, orqa miya suyuqligining tarkibini tekshirish, akumetriya, audiometriya tekshiruvlari natijalari asosida qoʻyiladi. Eshituv suyakchalarining shikastlanishi otoskopiya va otomikroskopiyada, nogʻora parda zararlanmagan hollarda – impendansometriya tekshiruvlari yordamida aniqlanadi (timpanogrammaning D shakli). Ayrim hollarda jarohatning xarakteri va eshituv suyakchalari zanjirining uzilishi timpanotomiya va timpanoplastika jarrohlik amali paytida aniqlanadi.
Davolash. Ochiq jarohatlarda jarohat maydoniga birlamchi jarrohlik ishlovi beriladi. Tashqi eshituv yoʻliga borat kislotasiga shimdirilgan bint boʻlagi kiritiladi, shikastlangan quloq sohasiga aseptik boylam qoʻyilib, yalligʻlanishjarayonini oldini olish maqsadida bemorga antibiotiklar buyuriladi. Eshituv suyakchalari va nogʻora parda jarohatlanganda oʻrta quloqning tovushni oʻtkazish faoliyatini tiklash maqsadida nogʻora boʻshligʻida timpanoplastika jarrohlik amali bajariladi.
Ichki quloq jarohatlari oʻtkir uchli yot jism (toʻgʻnogich, shpilka) nogʻora boʻshligʻi va labirint darchasini teshib, quloq ichiga chuqur suqilgan hollarda sodir boʻladi. Ichki quloqda bajarilgan jarrohlik amali paytida ham ichki quloq jarohatlanishi mumkin (masalan, tashqi yarim doira kanal jarohati yoki uzangichani dahliz darchasidan ajralishi). Kalla suyagi asosining sinishi chakka suyagi piramidasining sinishi bilan kechgan shikastlarda ham ichki quloq jarohatlanishi mumkin. Yuqorida qayd etilgan jarohatlar quloqning eshitish va muvozanatni saqlash faoliyatini pasayishi, keskin vestibulyar reaksiyalar (bosh aylanishi, muvozanatni buzilishi, koʻngil aynishi va h.k.) bilan kechadi. Bundan tashqari, infeksiyani ichki quloqdan kallaning orqa chuqurchasiga tarqalishi natijasida bunday bemorlarda kalla ichi asoratlari rivojlanishi mumkin.