Quloqning akustik jarohatlari oʻta kuchli tovush toʻlqinlari (120 dB) eshituv aʼzosiga qisqa muddatli yoki davomli taʼsir etishi natijasida sodir boʻladi va eshituv aʼzosi faoliyatining buzilishi bilan namoyon boʻladi.
Bunday jarohatlar oʻtkir va surunkali akustik jarohatlarga boʻlinadi. Oʻtkir akustik jarohat oʻta kuchli va baland toʻlqinli tovush (portlash, quloq suprasi oldida hushtak chalish) qisqa muddatli taʼsir etishi natijasida sodir boʻlib, ogʻriq bilan kechadi.
Surunkali akustik, yoki shovqin taʼsirida yuzaga kelgan jarohatlar koʻpincha tinch hayotda uchraydi va kuchli tovush toʻlqinlarining davomli taʼsiri natijasida rivojlanadi. Agar oʻtkir akustik jarohat natijasida buzilgan eshitish qobiliyati tiklansa, surunkali akustik jarohat spiral aʼzoning atrofiyasiga olib kelishi mumkin. Davomli shovqin va vibratsiyaning (masalan, toʻquv sexida, temirchilik ustaxonasidagi vibratsiya) birgalikda taʼsiri bemorda eshitish qobiliyatini ogʻir buzilishlariga olib keladi.
Tashxis bemor shikoyatlari, kasallikni boshlanishini aniqlash asosida qoʻyiladi. Akustik jarohatlarda bemorda odatda konduktiv past eshitishlik va suyak orqali eshitish boʻsagʻasini oshishi kuzatiladi.
Davolash. Kasb bilan bogʻliq eshituv buzilishlarining boshlangʻich bosqichida bemorga kasbni oʻzgartirish yoki shaxsiy himoya choralarini qoʻllash tavsiya qilinadi. Bunday bemorlarga sensonevral past eshitishlikni davolash tadbirlari buyuriladi: B, C, A, E guruhi vitaminlar, tinchlantiruvchi vositalar, mehnat va dam olish tartibiga rioya qilish.
Kasbiy past eshitishlik oldini olish choralari tibbiy va texnik tadbirlarga boʻlinadi. Tibbiy tadbirlarga shovqin bilan bogʻliq ishlab chiqarish korxonalariga ishga qabul qilinadigan shaxsni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va maxsus testlar yordamida eshituv aʼzosining kuchli tovush taʼsiridan toliqish darajasini aniqlash ishlari kiradi. Eshitish qobiliyatini tiklanishi uzoq vaqt davom etgan shaxslar shovqin sharoitida mehnat qilishga yaroqsiz deb topiladi. Korxona xodimlarini otorinolaringologik koʻrikdan oʻtkazib, ularning eshitish darajasini oʻz vaqtida aniqlash sensonevral past eshitishlikni oldini olishda muhim profilaktik ahamiyatga ega.
Texnik tadbirlarga ishchilarga taʼsir etuvchi tovush toʻlqinining kuchini pasaytirish (tovush toʻlqinlarini yutish va tarqalishini cheklash) choralari kiradi. Ishlab chiqarish korxonalarida yuqori toʻlqinli tovush kuchi 90 – 100 dB dan, oʻrta chastotali tovush kuchi 85-90 dB dan va past toʻlqinli tovush kuchi 75-85 dB dan oshmasligi talab qilinadi. Shaxsiy himoya vositalaridan ishchilarga shovqinga qarshi turli moslamalar foydalanish tavsiya etiladi.