Surunkali faringit (pharyngitis chronica) – halqum shilliq pardasining surunkali yalligʻlanishi boʻlib, odatda oʻtkir faringitni etarli darajada davolamaslik va bartaraf etilmagan etiologik omillar ta ʼsiri natijasida rivojlanadi.
Etiologiyasi. Kasallik koʻpincha tamaki chekuvchi, spirtli ichimliklarni isteʼmol qiluvchi bemorlarda, chang va zararli gazlar bilan ifloslangan ishlab chiqarish korxonalari ishchilarida kuzatiladi. Burun, burun yondosh boʻshliqlari va halqumning oʻtkir va surunkali kasalliklari, tonzillitlar, burun orqali nafas olishning buzilishi, noqulay ob-havo va noqulay ekologik sharoit surunkali faringitning rivojlanishiga yordam beradi.
Qator hollarda kasallikning yuzaga kelishiga oshqozon-ichak kasalliklari, endokrin va gormonal buzilishlar, tish chirishi, oʻtkir va juda issiq yoki juda sovuq ovqatlarni isteʼmol qilish ham sabab boʻladi. Nihoyat, surunkali faringit qator surunkali yuqumli kasalliklarda va silda rivojlanishi mumkin.
Patomorfologik oʻzgarishlari jihatidan surunkali faringit asosan kataral, gipertrofik va atrofik shakllarga boʻlinadi.
Surunkali kataral faringitda halqum shilliq pardasining doimiy qizarishi, shishi, qon tomirlarni kengayishi, kichik venalar turgʻunligi, shilliq bezlar faoliyatining keskin buzilishi kuzatiladi.
Gipertrofik (granulyoz) faringitda (tarqoq yoki oʻchoqli) – epiteliy qavati oʻzgarib, burunhalqumda hilpillovchi silindrik epiteliy kubsimon yoki yassi epiteliy bilan almashadi, halqum orqa, yon devorlarining shilliq osti pardasi qalinlashib, limfoid toʻqimasi kattalashadi. Yosh bolalarda koʻpincha surunkali granulyoz faringit kuzatilsa, katta yoshli bolalarda patologik jarayon halqum yon burmalari limfoid toʻqimasini ham qamrab oladi. Bemor tomogʻi qurishiga, unda noxushlik, shilinish, achishish his etishiga, quyuq shilimshiq ajralma toʻplanishiga, yutish paytida qulogʻi biroz ogʻrishiga shikoyat qiladi.
Faringoskopiyada halqum orqa devori shilliq pardasining qizarishi ostida tariqday yarim aylana toʻqqizil tepachalar – limfoid toʻqima donachalari koʻrinib, ayrim joylarda ular bir-biriga qoʻshilib ketganligi, qon tomirlar koʻzga tashlanib turganligi va shilliq parda yopishqoq ajralma bilan qoplanganligi aniqlanadi. Patologik jarayon halqumnnig yon devorida joylashganda tanglay murtaklari orqasida limfoid toʻqimani kattalashishi kuzatiladi. Jarayonni eshituv nayining halqum teshigi atrofiga tarqalishi esa bemorda eshitish qobiliyatining pasayishiga sabab boʻlishi mumkin.
Surunkali atrofik faringit odatda atrofik rinit bilan birga kechadi. Bunda halqumning shilliq pardasi yupqalashib, hilpillovchi epiteliy koʻpqavatli yassi epiteliy bilan almashadi, shilliq bezlar soni kamayib, ularning shilliq ishlab chiqarish faoliyati susayadi. Faringoskopiyada halqum orqa devorining shilliq pardasi rangpar, yupqalashgan, yaltiroq va quruqligi, ayrim joylarda poʻstloq va quyuq ajralma bilan qoplanganligi koʻrinadi.
Klinik belgilari. Surunkali kataral faringitda bemor tomogʻi qurishiga, qichishiga, unda noxushlik va yot jismni his etishiga, yoʻtalga, baʼzan qulogʻi bitishiga shikoyat qiladi. Atrofik faringit bilan ogʻrigan bemor tomogʻi qurishiga, yutinishi qiyinlashganigi, ogʻzidan yoqimsiz hid kelishiga shikoyat qiladi. U suhbat davomida bir qultum suv ichishga ehtiyoj sezadi. Gipertrofik faringitda halqumda shilimshiq-yiringli ajralma toʻplanadi.
Faringoskopiyada surunkali kataral faringitda halqum shilliq pardasi qizargan va shishganligi, orqa devorining ayrim maydonlari tiniq yoki xira shilimshiq ajralma bilan qoplanganligi, gipertrofik faringitda – orqa va yon devorlarining shilliq osti qavati qalinlashib, unda tariqday va undan kattaroq yarimdoira toʻq qizil tepachalar hosil boʻlganligi, surunkali atrofik faringitda – shilliq parda yupqalashib, och-pushti rangda, ayrim joylarda poʻstloq va quyuq ajralma bilan qoplanganligi koʻrinadi.
Davolash tadbirlari poliklinika sharoitida olib boriladi. Birinchi navbatda kasallikning mahalliy va umumiy sabablari – burun va burun yondosh boʻshliqlari, murtaklar kasalliklari, zararli omillar hamda ogʻiz boʻshligʻidagi infeksiya oʻchoqlari bartaraf etiladi.
Surunkali gipertrofik faringitda halqumni natriy xloridning izotonik yoki 1% eritmasi bilan chayish, 3-5% kumush nitrati, 3-5% protorgol yoki kollargol eritmasini surtib, shilliq parda shishini kamaytirish tavsiya qilinadi. Bemorga moychechak, marmarak damlamalari bilan issiq ingalyasiyalar, halqumning shilliq pardasiga oblepixa yogʻini surtish yoki ingalyatsiya qilish, madanli suv ingalyatsiyalari buyuriladi. Bakteriostatik taʼsirga ega antiseptiklar karamellarini (faringosept, geksaliz va boshq.) ogʻizga solib shimish yaxshi foyda beradi. Limfoid toʻqimali tez-tez yalligʻlanuvchi dagʻal tepachalar kriotaʼsir, 30-40% kumush nitrat bilan kuydiriladi yoki jarrohlik usuli yordamida olib tashlanadi.
Surunkali atrofik faringitda yengil ishqoriy suv – glitserinli aralashma, 0,9 % – 200 ml natriy xlorid yoki uning 1% eritmasiga 4-5 tomchi 5% yod qoʻshib halqumni chayish tavsiya qilinadi. Atrofik faringitda gidrokarbonat natriy eritmasini, evkalipt va oblepixa yogʻini qoʻllash man etiladi, chunki ular bezlarning shilliq ishlab chiqarish faoliyatini susaytirib, shilliq pardani qurushiga olib keladi. Halqum orqa devorining shilliq pardasi yon tomonlariga 0,5 % novokain, lidaza, aloe va FIBS yuboriladi. 2% novokain va aloe ekstraktini ogʻizhalqum shilliq qavati ostiga har ikki tomoniga 1 ml dan yuborish foydali. Jami 8-10 muolaja oʻtkaziladi. Bundan tashqari bemorga 0,5% nikotin kislota eritmasi bilan elektroforez, induktotermiya muolajalari, lazer nurlari bilan nurlash, proteolitik fermentlar, moychechak va oʻsimlik yogʻi bilan ingalyatsiya, IRS-19 aerozoli buyuriladi. Halqum orqa devorining shilliq pardasi vaqti-vaqti bilan Lyugol eritmasiga shimdirilgan paxta boʻlagi bilan uqalanadi.