Tekshiruv bemor shikoyatlarini aniqlash, anamnez maʼlumotlarini yigʻishdan boshlanadi. Burun va burun yondosh boʻshliqlarini tekshiruvi quyidagi bosqichlardan iborat:
I bosqich. Koʻzdan kechirish.
1. Tashqi burun va burun yondosh boʻshliqlari sohalarini koʻzdan kechirish. Bemor tekshiruv stoli yonidagi kursiga oʻtirgandan soʻng tashqi burun koʻzdan kechiriladi, bunda burunning shakliga, terisining rangiga, unda dogʻ yoki chandiq borligiga eʼtibor beriladi.
2. Tashqi burunni paypaslash. Tekshiruvchi ikki qoʻlining koʻrsatkich yoki bosh barmoqlarini bemorning burni ustiga qoʻyib, yengil uqalash harakatlari bilan burun negizini, uning suyaklarini va uchini paypaslab koʻradi
3. Peshona boʻshliqlari old va pastki devorlarini paypaslash. Tekshiruvchi ikki bosh barmoqlarini bemorning peshonasiga, qoshlarining ustiga qoʻyib, bu maydonni yengil bosadi, keyin barmoqlarini koʻz kosasi yuqori devorining ichki burchagiga koʻchirib, u maydonni ham bosib koʻradi. Uch shoxli asab tolasi I shoxchalarining (n.supraorbitalis) chiqish nuqtalarini paypaslaydi. Meʼyorda peshona boʻshliqlarning devorlarini paypaslaganda ogʻrimaydi.
4. Yuqori jagʻ boʻshliqlarining old devorlarini paypaslash. Tekshiruvchi ikki bosh barmoqlarini yuqori jagʻ boʻshligʻi old devoridagi qoziq tish chuqurchasiga qoʻyib yengil bosadi va uch shoxli asab tolasi II shoxchalarining (n.infraorbitalis) chiqish nuqtalarini paypaslaydi. Keyin pastki jagʻ sohasida uch shoxli asab tolasi III shoxchalarining (n.mentalis) chiqish nuqtalarini paypaslaydi . Meʼyorda yuqori jagʻ boʻshligʻining old devorini paypaslaganda bemor ogʻriqni his etmasligi kerak.
5. Jagʻ osti va boʻyin limfa tugunlarini paypaslash. Jagʻ osti va chuqur boʻyin limfa tugunlari bemorni boshi biroz oldinga egilgan holda barmoqlar uchi yordamida yengil paypaslanadi. Meʼyorda limfa tugunlar paypaslanmaydi.
Chuqur boʻyin limfa tugunlari dastlab bir tomonda, keyin boshqa tomonda paypaslanadi. Bemorning boshi oldinga biroz egiladi. Oʻng tomondagi limfa tugunlarni paypaslash uchun tekshiruvchi oʻng qoʻlini bemorning ensasiga qoʻyib, chap barmoqlarining uchi bilan toʻsh-oʻmrov-soʻrgʻichsimon mushagi oldidagi yumshoq toʻqimalarni chuqur paypaslaydi. Chap tomondagi limfa tugunlarini paypaslaganda esa chap qoʻlini bemorning ensasiga qoʻygan holda oʻng qoʻli yordamida paypaslaydi. Meʼyorda limfa tugunlar paypaslanmaydi.