Leykoz – ogʻir qon kasalligi boʻlib, turli aʼzolarda patologik gemopoez oʻchoklarining hosil bulishi va qonda etilmagan leykotsitlar shakllarningpaydo boʻlishi bilan ifodalanadi. Kasallik oʻtkir va surunkali kechadi. Leykozda leykotsitlarning fagotsitar faoliyati buzilishi natijasida bemorda nekrotik va septik asoratlar, gemorragik diatez belgilari, kuchayib boruvchi ogʻir kamqonlik rivojlanadi. Murtaklar leykemik va aleykemik leykozlarda zararlanadi.
Oʻtkir leykozning angina shakli toʻsatdan boshlanib, shiddatli kechadi. Kasallikning dastlabki bosqichlarida kuzatilgan kataral angina keyinchalik gemorragik, yarali-nekrotik va gangrenali anginaga aylanadi. Milklarda ham shunga oʻxshash oʻzgarishlar sodir boʻlib, bemorni ogʻzidan badboʻy hid kelib, disfagiya kuzatiladi. Terisi juda rangpar boʻlib, unda petexiya toshmalari va qontalashlar paydo boʻladi. Ogʻir hollarda burun, milklar, meʼda va ichaklardan oʻlim holatiga olib keluvchi qon ketishlar kuzatilishi mumkin. Boʻyin limfa tugunlari va taloq kattalashadi.
Qonda leykotsitlar soni 30 dan – 200,0 ʼ 109 / l gacha etadi. Leykozning leykopeniya shaklida leykotsitlar soni 1,0 – 3,0 ʼ 109 /l kamayishi mumkin. Qonda etilmagan “blast” hujayralari (gematoblast, miyeloblast, limfoblastlar) paydo boʻlib, ular 95% tashkil qiladi.
Davolash. Hozirgi kunda leykoz kasalligida qoʻllaniladigan farmakoterapiya kamsamarali boʻlib, u kasallikning kechimida remissiya davriga erishishga va bemorning umrini bir necha yilga choʻzish imkonini beradi, xolos. Vena ichiga bir-necha bor eritrotsitar massani (150-200 ml dan) tomchilab qoʻyish leykozning asosiy davolash tadbiri hisoblanadi. Bir vaqtning oʻzida organizmning zaharlanish belgilarini kamaytirish va nekrotik oʻzgarishlarni bartaraf etish maqsadida bemorga antibiotikoterapiya buyurilib, nekrozga uchragan maydonlarga antiseptik eritmalar bilan ishlov beriladi. Bunday bemor gematolog nazorati ostida otorinolaringolog ishtirokida davolanadi.