Yarali-nekrotik angina, yarali pardali angina yoki Simanovskiy-Plaut-Vensan anginasi murtaklarda, ba ʼzan tanglay ravoqchalarida va halqum devorlarida badboʻy hidli, kulrang karash bilan qoplangan yuzaki yaralar paydo boʻlishi bilan namoyon boʻladi. Kasallik haqida dastlab 1890-yilda N.P.Simanovskiy va 1897-yilda H.R.Plaut va H.Vintsent maʼlumot berganlar.
Etiologiyasi. Bu anginani sogʻlom odamning ogʻiz boʻshligʻida mavjud boʻlgan saproflt mikroblar – gʻaltaksimon tayoqcha (B. fusiformis) va ogʻiz boʻshligʻi spiroxetasi (Spirichaeta buccalis) simbiozi qoʻzgʻatadi. Organizm umumiy va mahalliy immumtetimng susayishi, oʻtkir yoki surunkali yuqumli kasalliklar, qon kasalliklari, gipo yoki avitaminoz, tish va milk kasalliklari, burun orqali nafas olishni qiyinlashishi va boshqa omillar anginani rivojlanishiga yordam beradi.
Klinik belgilari. Murtakning tomoq yuzasida (odatda, bir tomonda) yumshoq, oson koʻchuvchi kulrang karash paydo boʻlib, karash olingandan soʻng uning ostida yuzaki yara qoladi. Yaraning tubida nospetsifik mikrofloraga boy (asosan gʻaltaksimon batsillalar va spiroxetalar) yumshoq fibrinli karash hosil boʻladi. Fibrinli karash ostida nekrozga uchragan limfadenoid toʻqima maydoni, uning chetlarida – reaktiv yalligʻlanish tasmasi koʻrinadi. Nekroz jarayoni murtakning epiteliy qavati va parenximasiga, karash va yaralar milklarga, yumshoq tanglayga, halqumning orqa devoriga, hiqildoqqa va baʼzan atrof toʻqimalarga ham tarqalishi mumkin. Bemor chaynaganda yoki yutinganida tomogʻida yot jism va kuchli ogʻriq his etishiga, ogʻzidan yoqimsiz hid kelishiga, soʻlagi oqishiga shikoyat qiladi. Umumiy ahvoli nisbatan qoniqarli, tana harorati meʼyorda yoki biroz koʻtarilgan, zararlangan tomonda jagʻ osti limfa tugunlari kattalashib, biroz ogʻriydi.
Kasallik 1-3 hafta, baʼzan oylab davom etadi. Murtaklar sohasidagi yaralar dagʻal chandiqli oʻzgarishlar qoldirmasdan bitib ketadi.
Tashxis bemor shikoyatlari va faringoskopiya manzarasi asosida qoʻyiladi. Faringoskopiyada murtaklardan birining halqum yuzasi kulrang-sargʻish yoki kulrang – yashil karash bilan qoplanganligi, karash olingandan soʻng ostida cheti notekis yara borligi va uning tubi iflos kulrang-sargʻish karash bilan qoplanganligi, ogʻir hollarda yaralar murtak chegarasidan tashqariga, atrof toʻqimalarga – milklarga, til ildiziga, tanglay ravoqchalariga tarqalgan boʻladi. Karash va yara ajralmasining bakteriologik tekshiruvida Fusobacterium fusiforme va Spirochaeta vincenti borligi, qonda biroz leykotsitoz, kamqonlik belgilari va ECHT ni oshishi kuzatiladi. 10% hollarda ushbu angina difteriya bilan birga kechadi.
Yarali-nekrotik angina halqum difteriyasi, tanglay murtagi zaxmi, sili, qon kasalligidagi angina va halqum murtagi oʻsmasidan farqlanishi lozim.
Davolash. Bemorga umumiy va mahalliy davolash tadbirlari buyurilib, ogʻiz boʻshligʻi kasalliklari davolanadi.