Nogʻora parda (membrana tympani) qalinligi 0,1 mm, boʻyi 10 mm, eni 8 – 9 mm, sathi 55- 60 mm boʻlgan juda yupqa oval tuzilma boʻlib, tashqi quloqni oʻrta quloqdan ajratib turadi. Tashqi eshituv yoʻlining oʻqiga nisbatan bolalarda nogʻora parda 300 oʻtkir burchak (kattalarda 450) hosil qilib joylashadi. Bundan tashqari nogʻora parda ichkariga qadahsimon botgan boʻlib, eng chuqur joyi kindik (umbo) deb ataladi (3,4-rasmlar).
Nogʻora parda tolali-togʻay nogʻora halqasi (annulus fibrocartilagineus) ichida joylashadi, ammo yuqori qismida bu halqa yoʻqligi tufayli u nogʻora oʻymasida (incisura tympanica, yoki incisura Rivinus) bevosita chakka suyagining tangachasimon qismiga birikadi. Nogʻora oʻymasi sohasidagi kichik maydon boʻshashgan qismi yoki Shrapnell membranasi (pars flaccida, s. membrana Shrapnelli) deb ataladi.
Nogʻora parda 3 qavatdan; tashqi – teri, yaʼni epidermal qavati, tashqi eshituv yoʻlining bezlardan xoli terisining davomi hisoblanadi, ichki – epitelial shilliq qavati nogʻora boʻshligʻi shilliq pardasining davomi hisoblanadi va oʻrta – radial va sirkulyar fibroz tolalardan tashkil topgan biriktiruvchi toʻqima qavatidan iborat. Bolgʻacha dastasi radial hamda sirkulyar tolalar yordamida nogʻora pardaning ichki va oʻrta qavatiga zich birikadi. Bolgʻacha dastasining pastki uchi nogʻora parda oʻrtasidan pastroqda chuqurlik – nogʻora parda kindigini (umbo membranae tympani) hosil qiladi. Keyin bolgʻacha dastasi yuqoriga va biroz oldinga davom etib, yuqori qismida tashqaridan koʻzga koʻrinadigan kalta oʻsiqni hosil qiladi, undan oldinga va orqaga old va orqa bolgʻacha burmalari (plica malleolis anterior etposterior) joylashgan.
Otoskopiyada sunʼiy yorugʻlikda nogʻora parda yaltiroq-kulrang boʻlib koʻrinadi. Unda quyidagi “bilish” nuqtalar tafovut qilinadi: bolgʻacha dastasi, kalta oʻsiq, old va orqa burmalari, kindik, yorugʻlik konusi.
Yorugʻlik konusi nogʻora parda yuziga tushgan yorugʻlik aksi tufayli hosil boʻladi va oldpastki qismida joylashgan teng tomonlama yaltiroq uchburchak shaklida namoyon boʻladi.
Nogʻora parda shartli ikkita bir – biriga perpendikulyar oʻtkazilgan xayoliy chiziqlar yordamida 4 ta kvadrantlarga boʻlinadi. Chiziqlarning biri bolgʻacha dastasi boʻylab nogʻora pardaning pastki chetiga, ikkinchisi – unga perpendikulyar holda kindikdan oʻtkaziladi, natijada nogʻora pardada old-yuqori, old-pastki, orqa-yuqori va orqa-pastki kvadrantlar hosil boʻladi