Quloq suprasi (auricula) chakka-pastki jagʻ boʻgʻimi va soʻrgʻichsimon oʻsiq orasida joylashgan va qalinligi 0,5-1 mm teng elastik togʻaydan iborat. Unda togʻay usti pardasi va teri bilan qoplangan tashqi (boʻrtgan) va ichki (botgan) yuzasi tafovut qilinadi. Quloq suprasining erkin cheti oldinga biroz qayrilib burma (helix) hosil qiladi. Burma oʻz oyoqchasi (crus helicis) bilan tashqi eshituv yoʻlining (meatus acusticus externa) ustidan boshlanib, yuqoriga, keyin orqaga va pastga davom etadi. Bu burmaga parallel ravishda ichkarida qarama-qarshi burma (antihelix) joylashgan, ular orasida uzun chuqurlik – scapha joylashgan. Tashqi eshituv yoʻli kirish joyining old qismida quloq doʻmboqchasi (tragus), orqa qismida – qarama-qarshi doʻmboqcha (antitragus) joylashgan. Tragus va antitragus lar orasida chuqur oʻyma (incisura intertragica) hosil boʻladi. Quloq doʻmboqchasi tashqi eshituv yoʻlining bir qismi hisoblanadi. Antihelixning ikki oyoqchalari orasida uchburchak chuqurcha (fossa triangularis), quloq suprasining pastida – togʻaydan xoli boʻlgan va yogʻ toʻqimasidan tashkil topgan, teri bilan qoplangan quloq colinchagi (lobus) joylashgan. Antihelixning oldida voronkasimon chuqurlik boʻlib, u quloq suprasi boʻshligʻi (cavum conchae) deb ataladi (1-rasm).
Quloq suprasi boylam va mushaklar yordamida chakka suyagining tangasimon qismiga, soʻrgʻichsimon va yonoq oʻsimtalariga birikadi. Tashqi eshituv yoʻliga kirish maydonida teri tuklar bilan qoplangan va yogʻ bezlariga ega. Quloq suprasi tovush toʻlqmlarini kuchaytirib, tashqi eshituv yoʻliga yoʻnaltirish vazifasini bajaradi,ototopikada ishtirok etadi, hamda kosmetik ahamiyatga ega.