Soʻrgʻichsimon oʻsiq (processus mastoideus) oʻrta quloqning orqa qismida joylashgan. U qalin suyak toʻqimasi va koʻpgina havoli katakchalardan iborat boʻlib, barcha katakchalar soʻrgʻichsimon oʻsiq gʻori (antrum mastoideum) va gʻorga kirish joyi (aditus ad antrum) orqali nogʻora boʻshligʻining yuqori-orqa qismiga ochiladi. Chaqaloqlarda soʻrgʻichsimon oʻsiq yaxshi rivojlanmagan boʻlib, faqat bitta boʻshliqdan – soʻrgʻichsimon oʻsiq gʻoridan (antrum) iborat. Oʻsiqning shakllanishi 2 yoshdan boshlanib, 6-7 yoshda tugaydi.
Soʻrgʻichsimon oʻsiq choʻqqisi pastga qaragan konusni eslatadi. Chigʻanoq oʻsigʻining davomi boʻlgan va kalla suyagi oʻrta chuqurchasining tubiga toʻgʻri kelgan chakka chizigʻi (linea temporalis) uning yuqori chegarasi boʻlib xizmat qiladi. Soʻrgʻichsimon oʻsiqning old chegarasi-tashqi eshituv yoMining orqa devori boʻlib, uning orqa-yuqori chetida boʻrtish – spina suprameatum (spina Henlae) bor. Bu boʻrtish suyak yuzasidan 2-2,5 sm chuqurlikda joylashgan gʻommg joylashuviga mos keladi.
Soʻrgʻichsimon oʻsiq gʻori – aylana shakldagi havoli katakcha boʻlib, shakli va tuzilishidan qatʼiy nazar soʻrgʻichsimon oʻsiqda 100 % hollarda mavjud boʻladi va quloqda bajariladigan barcha jarrohlik amallarida ishonchli anatomik tuzilma – moʻljal boʻlib xizmat qiladi.
Yosh bolalarda soʻrgʻichsimon oʻsiq gʻori tashqi eshituv yoʻlidan yuqoriroqda va ancha yuzaki (2-4 mm chuqurlikda) joylashadi, bola ulgʻaygan sari u asta-sekin orqaga va pastga siljiydi (9-rasm). Gʻor tomini (tegmen antri) hosil qilgan suyak plastinka uni kalla oʻrta chuqurchasining qattiq pardasidan ajratib turadi.
Tuzilishi boʻyicha meʼyorda soʻrgʻichsimon oʻsiqning havoli, diploetik va aralash, patologiyada – sklerotik turlari tafovut qilinadi.
Pnevmatik soʻrgʻichsimon oʻsiqda havoli katakchalar uning deyarli barcha maydonini toʻldirib, hatto chakka suyagining tangachasimon qismiga, chigʻanoq oʻsigʻi va piramidaga ham tarqalishi mumkin. Odatda gʻor atrofida joylashgan kichik va uzoqroqda joylashgan – yirik katakchalar (baʼzan, choʻqqi katakchasi) tafovut qilinadi.
Diploetik (spongiozli) soʻrgʻichsimon oʻsiqda havoli katakchalar kam boʻlib, ular asosan gʻor atrofida toʻplangan va trabekulalar bilan chegaralangan kichik boʻshliqlardan iborat. Bunday hol koʻpincha modda almashinuvining buzilishi bor bolalarda uchraydi. Masalan, raxit va boshqa kasalliklarda.
Sklerotik (zich) soʻrgʻichsimon oʻsiq umumiy va mahalliy yallig^lanishning oqibati boʻlib, bunda soʻrgʻichsimon oʻsiq zich suyak toʻqimasidan tuzilgan boʻladi, unda havoli katakchalar soni juda kam yoki umuman boʻlmaydi.
Soʻrgʻichsimon oʻsiq katakchalari (cellulae mastoideae) hajmi va joylashuvi boʻyicha quyidagi guruhlarga boʻlinadi:
Boʻsagʻa katakchalari – ular bevosita kortikal qavat ostida, asosan sigmasimon sinus, yuz asab tolasining suyak kanali va antrum oraligʻida joylashgan;
Choʻqqi katakchalari soʻrgʻichsimon oʻsiq choʻqqisida joylashgan;
Sinus atrofi (perisinuoz) katakchalari sigmasimon sinus atrofida joylashib, kallaning orqa chuqurchasi oldida yotadi;
Ensa suyagi atrofi ( oktsipital) katakchalari ensa suyagi tomonda joylashgan;
Yuz asab tolasi atrofi (perifassial) katakchalari yuz asab tolasi kanalining pastga tushuvchi qismi sohasida joylashgan;
Antrum atrofi (periantral) katakchalari nogʻora boʻshligʻi va antrumning tomida joylashgan;
Chakka katakchalari tashqi eshituv yoʻlining yuqori orqa devorida joylashgan;
Burchak katakchalari piramida qirrasi boʻylab joylashgan;
Labirint atrofi (perilabirint) katakchalari piramidada joylashib, labirintni oʻrab oladi. Soʻrgʻichsimon oʻsiq gʻori va katakchalari oʻrta quloq shilliq pardasining davomi boʻlgan
shilliq parda bilan qoplangan, shuning uchun nogʻora boʻshliq ichidagi patologik jarayon soʻrgʻichsimon oʻsiq katakchalariga oson tarqaladi.
Soʻrgʻichsimon oʻsiqning ichki (orqa) yuzasida (kalla suyagining ichida) sigmasimon sinus (sinus sigmoideus) – vena boʻshligʻi yotadi. U bosh miya qattiq pardasining duplikaturasi boʻlib, bosh miyadan vena qoni shu cinus orqali boʻyinturuq vena tizimiga qoʻyiladi. Nogʻora boʻshligʻining ostida sigmasimon sinus kengayib, yaʼni ichki boʻyinturuq vena piyozchasini hosil qiladi. Bu ichki suyak plastinkasi (lamina vitrea) sigmasimon sinus va kalla suyagining orqa chuqurchasini soʻrgʻichsimon oʻsiq katakchalaridan ajratib turadi. Oʻrta quloqdagi yalligʻlanish jarayonlari suyak plastinkasini emirib sigmasimon sinusga tarqalishi mumkin,uning devori jarohatlanganda esa hayot uchun xavfli qon oqishi yuzaga keladi. Baʼzan sigmasimon sinusni tashqi eshituv yoʻli orqa devoriga yaqin yoki yuzaki joylashganligi (lateropozisiyasi) quloqda bajariladigan jarrohlik amali paytida sinus devorini jarohatlanishiga sabab boʻladi.
Tegmen antri suyak plastinkasi soʻrgʻichsimon oʻsiq gʻorini kalla suyagining oʻrta bosh miya chuqurchasi va bosh miya qattiq pardasidan ajratib turadi; patologik jarayon suyak plastinkasini emirganda yiring bosh miya pardalariga tarqalishi mumkin.
Soʻrgʻichsimon oʻsiq choʻqqisining ichki yuzasida ikki qorinchali mushak tolalari birikadigan chuqur soʻrgʻichsimon egat (incisura mastoidea) boʻlib, baʼzan yiringli jarayon soʻrgʻichsimon katakchalaridan shu egat orqali boʻyin mushaklarining ostiga tarqalishi mumkin.
Soʻrgʻichsimon oʻsiq sohasida muhim klinik ahamiyatga ega boʻlgan Shipo uchburchagi joylashgan, chunki soʻrgʻichsimon oʻsiq sohasida bajariladigan barcha jarrohlik amallari aynan shu uchburchak sohasida bajariladi. Shipo uchburchagi tepadan chakka chizigʻi bilan (xayolan oʻtkazilgan bu chiziq yonoq yoyining davomi boʻlib, kalla suyagi oʻrta chuqurchasi tubining sathiga toʻgʻri keladi – linea temporalis), old tomondan – tashqi eshituv yoʻlining orqa devoridan chakka chizigʻiga xayolan oʻtkazilgan toʻgʻri chiziq bilan (bu chiziq Fallopiy kanali, uni ichidan oʻtadigan yuz asab tolasi chegarasi hisoblanadi), orqadan – soʻrgʻichsimon oʻsiq choʻqqisi oʻrtasidan chakka chizigʻiga xayolan oʻtkazilgan vertikal chiziq (bissektrisa) bilan chegaralanadi. (Ushbu chiziq orqa tomondan sigmasimon sinus bilan chegara hisoblanadi).