Skarlatina – streptokokk infeksiyasining klinik shakllaridan biri boʻlib, oʻziga xos belgilar – organizmning umumiy zaharlanishi, angina va mayda qizil nuqtali toshmalar bilan kechuvchi oʻtkir yuqumli kasallik. Kasallik halqum, tanglay murtaklari, yumshoq tanglay shilliq pardasining keskin qizarishi bilan boshlanadi. Bemorning tana harorati 38-400C koʻtarilib, bosh ogʻriqi va qusish kuzatiladi. Qizarish, yaʼni “skarlatina enantemasi” qattiq tanglayga tarqalib, unda zararlangan maydonni keskin ajratib turuvchi chegara chizigʻini paydo qiladi. Bu belgi kasallikning 2-kunida yuqolib, 3-4- kuni esa bemorning tili malina rangiday qip-qizarib, soʻrgʻichlari koʻzga tashlanib turadi. Keyinchalik jarayon tanglay murtaklariga koʻchadi va u erda kataral yoki yiringli-gemorragik angina belgilari paydo boʻladi. Tanglay murtaklari shishib, oson olinadigan iflos-kulrang karash bilan qoplanadi. Karash tanglay ravoqchalariga, yumshoq tanglay, tilcha va burunhalqumga tarqaladi. Mahalliy limfa tugunlar kattalashib ogʻriydi, terida mayda nuqtali toshmalar, epidermisni koʻchishi, Filatov burun-lab uchburchagi (toshmasiz rangpar teri maydoni) belgilari kuzatiladi. Angina koʻproq bolalarda rivojlanadi va ogʻir kechadi, baʼzan skarlatina bilan ogʻrigan bolada talvasa va es-hushni yoʻqotish holatlari kuzatilishi mumkin.
Davolash. 5-7 kun davomida bemorning yoshiga qarab ichishga yoki mushak orasiga penitsillin guruhi va keng taʼsir koʻlamiga ega antibiotiklar buyuriladi. Bir vaqtning oʻzida antigistamin dorilar, ogʻiz va halqumni antiseptiklar bilan chayish tavsiya qilinadi.