Ichki quloq (auris interna), yaʼni labirint juda murakkab tuzilgan. U suyakli labirint va uning ichida joylashgan pardali labirintdan tuzilgan.
Suyakli labirint chakka suyagining toshsimon qismi (pars piramida) ichida joylashgan.
U uch boʻlimdan tashkil topgan
chigʻanoq (cochlea);
dahliz ( vestibulum);
yarim doira kanallar (canalis semicircularis).
Suyakli labirintning ichi – perilimfa, pardali labirintning ichi – endolimfa suyuqligi bilan toʻlgan. Perilimfa oʻz ion tarkibi bilan miya suyuqligini eslatsa, endolimfa – hujayra ichi suyuqligiga oʻxshaydi. Perilimfa dahliz suv oqavasi orqali miya suyuqligi bilan tutashadi. Shu tufayli meningit kasalligida infeksiya ichki quliqqa va aksincha, labirintitlarda bosh miya pardalariga tarqalishi mumkin.