Bemor kursiga oʻtirgandan soʻng tekshiruvchi unga tekshiruv haqida tushuncha beradi, yorugʻlik manbaini toʻgʻrilab, peshonasiga reflektorni taqadi. Tekshiruv hiqildoq koʻzgusi yordamida quyidagicha bajariladi:
Hhiqildoq koʻzgusi dastasiga oʻrnatilgandan soʻng issiq suvda (40-450C ) yoki spirtovka ustida 2-3 soniya davomida isitilib, salfetka bilan artiladi. Tekshiruvchi koʻzguni kaftining orqa yuzasiga tegizib, isiganini tekshirib koʻradi.
Tekshiruvchi bemordan ogʻzini ochib, tilini chiqarib, ogʻiz orqali nafas olishini soʻraydi.
Tekshiruvchi chap qoʻli bilan bemor tilining uchini doka salfetka bilan ushlab (bunda u bosh barmogʻini tilning yuqori yuzasiga, III- barmogʻini – uning pastki yuzasiga, II- bar mogʻini - yuqori labiga qoʻyadi), bemor tilini oʻziga va pastga biroz tortadi. Bu harakatni bemorni oʻzi ham bajarishi mumkin.
Hiqildoq koʻzgusining dastasini oʻng qoʻli bilan qalamni ushlaganday ushlab, vrach uni ogʻiz boʻshligʻiga yumshoq tanglaygacha kiritadi (bunda koʻzguning yuzasi pastga qaratilgan va tilning sathiga parallel turishi lozim). Koʻzguni kiritish paytida til ildizi va halqumning orqa devoriga tekkizmaslikka harakat qilinadi. Yumshoq tanglayga etgandan soʻng koʻzguning yuzi halqum oʻqiga nisbatan 450 burchakda oʻrnatiladi; peshona reflektorining yorugʻligi koʻzguga tushishi uchunyumshoq tanglay yuqoriga va orqaga biroz koʻtariladi. Keyin bemorga choʻzib “i-i” tovushini chiqarish, soʻng chuqur nafas olish buyuriladi. Ovozni chiqarish va nafas olish paytida hiqildoqning ichki yuzasi koʻzga koʻrinadi (151,152 – rasmlar).
Vrach koʻzguni halqumdan chiqarib oladi va dastasidan ajratib, uni zararsizlantiruvchi eritmaga solib qoʻyadi.
Bilvosita laringoskopiyadagi hiqildoq manzarasiga izoh:
Koʻzguda hiqildoq old boʻlimlarining aksi yuqorida joylashadi (orqada joylashganday boʻlib koʻrinadi), orqa boʻlimlari esa – pastda joylashadi (oldinda joylashganday boʻlib koʻrinadi). Hiqildoqning oʻng va chap tomonlari haqiqiy manzaraga mos keladi.
Hiqildoq koʻzgusida dastlab til ildizi va til murtagi, keyin ochilgan yaproqga oʻxshash hiqildoq usti qopqogʻi koʻzga tashlanadi. Hiqildoq usti qopqogʻining shilliq pardasi meʼyorda och-pushti yoki biroz sargʻish rangda boʻladi. Hiqildoq usti qopqogʻi va til ildizi orasida ikki kichik chuqurchalar – vallekulalar joylashgan. Ular oʻrta va yon til hiqildoq usti qopqogʻi burmalari bilan chegaralangan.
Ovoz chiqarilganda va chuqur nafas olinganda ovoz burmalari koʻzguda aniq koʻrinadi; meʼyorda ular yaltiroq oq rangda boʻladi. Ovoz burmalarning old uchlari qalqonsimon togʻay sohasida oʻtkir burchak, yaʼni old komissurani hosil qiladi.
Ovoz burmalarining ustida dahliz yoki soxta burmalar koʻrinadi, ovoz va dahliz burmalari orasida chuqurliklar – hiqildoq qorinchalari joylashgan.
Koʻzguning pastida hiqildoqning orqa boʻlimi; shilliq parda bilan qoplangan yuzi silliq choʻmichsimon togʻaylar pushti rangli ikki tepachaday boʻlib koʻzga koʻrinadi; ushbu togʻaylarning ovoz oʻsiqlariga ovoz burmalarining orqa uchlari birikadi, togʻaylar tanasining orasida esa choʻmichsimon togʻaylararo boʻshliq hosil boʻladi.
Choʻmichsimon togaylardan yuqoriga hiqildoq usti qopqogʻi yaproqining tashqi chetlari tomon choʻmichhiqildoq usti burmalari joylashgan. Bu burmalardan tashqi tomonda hiqildoqning pastki qismi, yaʼni noksimon choʻntaklari (sinus piriformis) joylashgan. Meʼyorda choʻmichsimon togʻaylar, choʻmichhiqildoq usti burmalari va noksimon choʻntaklarning shilliq pardasi pushti rangda, yuzi silliq boʻladi.
Nafas olinganda va ovoz chikarilganda koʻzguda hiqildoqning ikki tomonlama baravar harakati koʻrinadi (153-rasm).
Chuqur nafas olinganda ovoz burmalari orasida uchburchak tirqish“ovoz yorigʻi” hosil boʻladi (154-rasm); ovoz yorigʻidan nimpushti shilliq parda bilan qoplangan traxeyaning yuqori halqalari koʻzga tashlanib turadi.
Hiqildoq koʻzdan kechirilganda uning umumiy va boʻlimlarining holatiga alohida – alohida baho beriladi.