Hiqildoq jarohatlari ochiq, yopiq, ichki va tashqi jarohatlarga boʻlinadi. Hiqildoq sohasi jarohatlanganda bemorda yutinish va nafas olish faoliyatlari buzilishi, ovozining oʻzgarishi, yoʻtal va teri osti emfizemasi belgilari kuzatiladi. Laringospazm natijasida yoki jarohatlangan togʻayning parchalari, yirtilgan yumshoq toʻqimaning boʻlagi yoki shilliq parda ostidagi gematoma nafas yoʻllarini yopib qoʻyib, bemorda boʻgʻilish holati yuz berishiga sabab boʻladi. Hiqildoqning dahliz qismi jarohatlanganda halqumning yutinish faoliyatining buzilishi tufayli ichilgan suyuqlik va ovqat luqmasi nafas yoʻllariga kirib qoladi va bemor yoʻtalganda jarohat maydonidan havo bilan birga chiqariladi. Hiqildoq sohasi traxeya bilan birgalikda jarohatlanganda boʻyinning yumshoq toʻqimalari ham zararlangan boʻlib, qontalash va gematomalarni hosil boʻlishi, jarohat maydonidan havo, qon va shilimshiq ajralma kirib-chiqib turish holati kuzatiladi.
Hiqildoqning yopiq tashqi jarohatlarida hiqildoq qismlarining lat eyishi, sinishi, teri osti toʻqimasining yirtilishi natijasida bemorda hiqildoq torayishi holati yuzaga keladi. Bunday jarohatlar koʻpincha koʻcha – transport hodisalarida, sport oʻyinlari paytida sodir boʻladi. Hiqildoqning yengil jarohatlarida hiqildoq sohasida ogʻriq, shish, teri ostiga qon quyilishi, baʼzan terining shilinishi kuzatiladi.
Til osti suyagini sinishi quyidagi belgilar bilan kechadi: bemor ogʻzini ochib, tilini chiqarganida keskin ogʻriq paydo boʻlishi, nutq va yutish harakatini qiyinligi; jarohat maydoni paypaslaganda gʻirchillash (krepitatsiya) tovushini eshitilishi. Hiqildoq togʻaylari sinib, yumshoq toʻqimalar yirtilganda bemorda emfizema, disfagiya, nafas faoliyatini buzilishi va ovozning oʻzgarishi kuzatiladi. Ogʻir jarohatlarda hiqildoq til osti suyagidan yoki traxeyadan ajralib, bemorda boʻgʻilish holati yoki boʻyin, yuz va koʻkrak qafasi teri osti emfizemasi yoki koʻks oraligʻi emfizemasi rivojlanib, bemorda oʻlim holati yuz berishi mumkin.
Hiqildoqning ichki jarohati koʻpincha mexanik taʼsirlar natijasida yuzaga keladi (urilish, termik va kimyoviy taʼsir). Hiqildoqda va burma osti boʻshligʻida tiqilib qolgan yot jism shilliq pardani jarohatlashi mumkin. Bunday hollarda laringoskopiyada burma osti boʻshligʻining shilliq pardasi qizargan va yirtilganligi, unda qontalashlar hosil boʻlganligi koʻrinadi. Shunga oʻxshash jarohatlar yot jismni chiqarib olish yoki endoskopiya muolajasi paytida ham sodir boʻlishi mumkin. Hozirgi kunda intubatsiyali ogʻriqsizlantirish keng qoʻllanilishi natijasida hiqildoq shilliq pardasining shishi, ovoz burmalarining falaji, intubatsiyadan soʻnggi granulemalar kabi asoratlar kam uchramoqda.
Tashxis bemor shikoyatlari, anamnez maʼlumotlari, jarohat sodir boʻlgan vaqtni va vaziyatini aniqlash asosida qoʻyiladi. Obyektiv tekshiruvda hiqildoq sohasidagi jarohat maydoni koʻzdan kechirilib, yot jism bor-yoʻqligi aniqlanadi. Tekshiruvda boʻyin yumshoq toʻqimalari zararlanganligi aniqlanadi. Laringoskopiyada shilliq osti gematomasi, ovoz boylamlari yirtilganligi, hiqildoq shilliq pardasining jarohati natijasida rivojlangan hiqildoq torayishi belgilari, hiqildoq qismlarini oʻz joyidan siljishi, hiqildoq togʻaylari jarohatlanganligi aniqlanadi (158-rasm). Barcha klinik tekshi-ruvlardan tashqari bemorning qon guruhi va rezus-omili aniqlanib, zarur boʻlsa endoskopiya, rent-genografiya, kompyuter tomografiyasi, MRT tekshiruvlari oʻtkaziladi.
Davolash. Hiqildoq sohasi jarohatlangan bemor shifoxona sharoitida davolanadi. Shoshilinch ravishda hayot uchun zarur boʻlgan nafas faoliyatini tiklash,qon oqishni toʻxtatish, jarohat maydoniga birlamchi ishlov berish, toʻqimalarni oʻz joyiga oʻrnatish va chok qoʻyish tadbirlari oʻtkaziladi. Kuchli qon oqishlarda jarohat maydonidan pastda tashqi uyqu arteriyasiga bosuvchi boylam qoʻyiladi yoki bogʻlanadi. Bemorning nafas olishi keskin buzilgan hollarda shoshilinch intubatsiya yoki traxeostomiya jarrohlik amallari (konikotomiya, krikokonikotomiya) bajariladi.
Hiqildoqning yengil ichki jarohatida jarohat maydoni tozalangandan soʻng bemorga antibiotiklar, shishga qarshi, desensibilizatsiya dorilari va mahalliy davolash muolajalari buyuriladi.