Tanglay murtaklari gipertrofiyasi, yaʼni tanglay murtaklarning yalligʻlanishsiz kattalashishi 3 darajaga boʻlinadi:
I darajada – tanglay murtaklari tanglay-til ravoqchalaridan tomoqning oʻrta chizigʻigacha boʻlgan masofaning 1/3 qismini egallaydi;
II darajada – tanglay murtaklari bu masofaning 2/3 qismini egallaydi;
III darajada – tanglay murtaklari bir-biriga tegib turadi.
Kattalashgan murtaklar oq-pushti rangda, yumshoq, yuzi silliq boʻlib old ravoqchalardan oʻrta chiziq tomonga chiqib turadi
Bemor nafas olish va yutinishni qiyinlashganligiga shikoyat qiladi, unda yoʻtal, nutqni buzilishi, manqalanish kuzatilib, uyqusida xurrak otadi. Bunday hollarda tonzillotomiya – murtaklar hajmini qisman qisqartirish jarrohlik amali bajariladi. Tonzillotomiya koʻpincha 4-7 yoshdagi bolalarda ambulatoriya sharoitida mahalliy yoki umumiy ogʻriqsizlantirish ostida bajariladi. Jarrohlik amalidan soʻng bola 2 soat davomida vrach nazorati ostida, keyin 1-2 kun uy sharoitida boʻladi.Unga iliq suyuq ovqat beriladi. Qon va oʻtkir yuqumli kasalliklarda tonzillotomiya amali vaqtincha bajarilmay turiladi.