Yosh bola dastlabki oylarida faqat soʻrib ovqatlanadi. Bunda ogʻiz boʻshligʻida 100 mm sim. ust. chegarasida manfiy bosim hosil qilinadi. Soʻrish paytida yumshoq tanglay pastga choʻzilib, til negiziga yaqinlashadi va ogʻiz boʻshligʻini orqa tomondan berkitib, burun orqali nafas olish uchun sharoit yaratadi. Suyuqlik ogʻiz boʻshligʻiga kirganda soʻrish va nafas harakatlari toʻxtab, yutinish harakati yuz beradi. Kattalarda chaynash harakati tufayli ovqat luqmasi til negizi sohasida toʻplanib, uni qitigʻlaydi va yutish harakatini, yaʼni halqum konstriktorlari, yumshoq tanglay va tanglay ravoqchalari mushaklarining toʻlqinsimon qisqarishini paydo qiladi. Reflektor yutinish harakati tufayli ovqat luqmasi ogʻiz boʻshligʻidan halqum boʻylab qiziloʻngachgacha oʻtadi. Yutish harakatida uzluksiz va ketma-ket 3 bosqich kuzatiladi: ogʻiz bosqichi – ixtiyoriy, halqum bosqichi – ixtiyorsiz (tezlashgan) va qiziloʻngach bosqichi – ixtiyorsiz (sekinlashgan).
Yutish harakatining I bosqichi ixtiyoriy boʻlib, bunda til yuqoriga koʻtarilishi bilan luqma tanglay-til ravoqchasining orqasiga siljitiladi. Bu bosqich bosh miya poʻstloqi tomonidan nazorat qilinadi. II bosqichda luqma halqum boʻylab qiziloʻngachning kirish joyigacha ixtiyorsiz siljitiladi. Bu bosqich yumshoq tanglay va halqum retseptorlarining qitiqlanishi natijasida paydo boʻlgan shartsiz refleksdir. Ikkinchi bosqich boshlanganda hiqildoq yuqoriga koʻtirilib, hiqildoq usti qopqogʻi til negiziga yopishib, pastga tushadi va hiqildoqqa kirish joyini yopadi; choʻmichsimon togʻaylar va dahliz burmalari bir biriga yaqinlashib, hiqildoq yorigʻini toraytiradi.
Tanglay ravoqchalari mushaklari va halqum yuqori konstriktorlarining qisqarishi tufayli ovqat luqmasi halqumning oʻrta boʻlimiga siljiydi. Shu paytda yumshoq tanglay yuqoriga va orqaga koʻtarilib, halqumning orqa devoriga yopishib, burunhalqumni ogʻizhalqumdan ajratadi. Halqumning oʻrta boʻlimida oʻrta va pastki konstriktorlar ovqat luqmasini pastga siljitadi. Hiqildoq, til osti suyagi va halqumni yuqoriga koʻtarilishi luqmani siljishini osonlashtiradi. III bosqich – ixtiyorsiz sekin davom etadi. Ovqat luqmasi qiziloʻngachga kirish joyiga yaqinlashganda u reflektor ravishda ochiladi, qiziloʻngach mushaklarining qisqarishi esa luqma qiziloʻngach boʻylab siljishini taʼminlaydi. Ovqat luqmasidan boʻshagandan soʻng halqum yana dastlabki holatiga qaytadi. Yutish harakati 6-8 soniya davom etadi. Ovqatni qabul qilish harakati organizmdagi nafas, qon aylanish, gaz almanishuviga taʼsir koʻrsatadi.
Suyuqlikni yutish harakati boshqacharoq kechadi. Ogʻiz boʻshligʻining tubi, til va yumshoq tanglay mushaklarining qisqarishi natijasida ogʻiz boʻshligʻida yuqori bosim hosil qilinadi va suyuklik toʻgʻridan-toʻgʻri qiziloʻngachning yuqori boʻlimiga va meʼdaning kirish joyigacha etib boradi. Jarayon 2-3 soniya davom etadi.
Yumshoq tanglayning old va orqa yuzasining shilliq pardasi, halqumning orqa devori, hiqildoq usti qopqogʻining tilga qaragan yuzasida taʼm reseptorlari boʻlib, ular taʼm bilish faoliyatini bajaradi. Asosan shirin, nordon, shoʻr va achchiq taʼmlar tafovut qilinadi.
Taʼmni sezishda nogʻora tori (chorda tympani), tilhalqum (n. glossopharyngeus) va sayyor (n.vagus) asab tolalari ishtirok etadi.