Halqumning himoya faoliyati. Yot jism yoki boshqa (kimyoviy, termik) omil taʼsir etganda halqum mushaklarining reflektor qisqarishi yuz berib, halqum yorigʻini toraytiradi, natijada yot jismni pastki boʻlimlarga siljishi qiyinlashadi. Bundan tashqari, havoning isitilishi va chang zarrachalaridan tozalanishi halqumda ham davom etadi. Chang zarrachalari halqum devorlaridagi shilliqqa yopishib, balgʻam bilan birga tashqariga chiqariladi yoki yutib yuborilib, oshqozonda zararsizlantiriladi. Ogʻiz va halqum boʻshligʻidagi shilliq pardaning qon tomirlari va limfadenoid toʻqimasidan ajraladigan limfositlar ham himoya faoliyatida faol ishtirok etadi.
Limfadenoid murtaklar halqumda, yaʼni nafas va ovqatni hazm qilish yoʻllari oʻzaro tutashgan maydonda joylashganligi uchun doimo havo va ovqat luqmasi taʼsiri ostida boʻladi.
Halqum limfoid apparati halqa shaklida joylashib,“Pirogov – Valdeer limfadenoid halqum halqasi” deb nom olgan. U ikkita tanglay (I va II), bitta halqum (III), bitta til (IV) va ikkita nay murtaklari ( V va VI) dan tashkil topgan.
Juft tanglay murtaklari (tonsilla palatina ) halqumning yon tomonida joylashib, old va orqa tomondan til-tanglay va tanglay-halqum ravoqchalari bilan chegaralangan. Toq halqum murtagi (tonsilla pharyngea) burunhalqum gumbazida, toq til murtagi (tonsilla lingualis) til negizining novsimon soʻrgʻichlari orqasida, bir juft nay murtaklari (tonsilla tubariae) – burunhalqumning yon devorida, eshituv nayining halqum teshiklari yonida joylashgan. Yuqorida qayd etilgan murtaklardan tashqari halqumda limfadenoid toʻqima toʻplamlari ham mavjud. Ular halqumning yon devorida, tanglay-halqum ravoqchalarining orqasida, halqumning orqa devorida, hiqildoqqa kirish joyida, noksimon chuqurlikda shilliq qavat ostida joylashgan.
Homila davrida murtaklar kalla suyagi asosida, yurak va yirik qon tomirlar hamda oʻpka maydonida shakllanadi. Tanglay murtagi homilaning 3-oyida, halqum murtagi 5- oyida, nay murtagi 6 – oyida va til murtagi 7- oyida shakllana boshlaydi. Chaqaloqlarda murtaklar follikulalari koʻzga tashlanmaydi. 10 yoshda limfoid toʻqimaning hajmi katta boʻlib, balogʻat yoshiga borib limfoid elementlar va follikulalar asta kichrayadi. Kattalarda murtaklar kichik, folikulalar soni kam boʻladi, baʼzan limfoid toʻqima atrofiyaga uchrab, biriktiruvchi toʻqima bilan almashadi.
Tanglay murtagi limfadenoid halqum halqasining eng yirik tuzilmalaridan biri boʻlib, tuzilishining murakkabligi bilan ajralib turadi. Tanglay murtagida ichki (tomoq) va tashqi (yon) yuzalari hamda yuqori va pastki qutblari tafovut qilinadi (120-rasm). Tanglay murtagining halqum yorigʻiga qaragan ichki yuzasi 16-22 chuqur, egri-bugri, bir-biriga tutashgan lakunalarga (kriptalarga) ega boʻlib,ular daraxt ildiziday qator shoxchalarga tarmoqlanadi.
Tanglay murtagining tashqi yuzasi kalin fibrozli biriktiruvchi toʻqima – murtak psevdokapsulasi (soxta kapsula) bilan qoplangan boʻlib,uning qalinligi 1 mm ga etadi. Psevdokapsula va halqum yon devori orasida yumshoq paratonzillyar yumshoq toʻqima joylashgan.Murtakning ichki (tomoq) yuzasida va pastki qutbida psevdokapsula boʻlmaydi. Psevdokapsuladan murtak ichiga biriktiruvchi toʻqima tolalari – trabekulalar kiradi. Murtak trabekulalari oʻziga xos qalin toʻr hosil qiladi.Toʻrning orasi limfositlarning sharsimon toʻplami – follikulalar bilan toʻlgan;
Bundan tashqari bu erda plazmatik hujayralar va labrositlar ham uchraydi. Follikulalar odatda kriptalar boʻylab joylashadi. Kichik follikulalardan tashqari murtakda yirik “ikkilamchi follikulalar” ham mavjud boʻlib, ularning diametri 1-2 mm ga etadi. Bunday follikulalarda toʻq rangli periferik va och rangli markaziy maydonlar tafovut etiladi. Markaziy maydon reaktiv yoki embrional maydon deb ataladi. Olimlarning fikricha unda limfoblastlar boʻlib, ular yangi limfositlarni ishlab chiqish, zaharli moddalarni zararsizlantirish vazifasini bajaradi.
Tanglay murtagining erkin yuzasi, lakunalarning devorlari koʻpqavatli yassi epiteliy bilan qoplangan. Epiteliy ostida kollagen, elastik va argirofil tolalar toʻri tafovut etiladi. Argirofil tolalar odatda epiteliyning oʻrta qavatlarida, limfoleykositlar joylashgan maydonlarda joylashib, tayanch va oziqlantirish faoliyatini bajaradi. Epiteliy qoplamida limfosit va neytrofillar boʻlib, ular murtak parenximasidan halqum yorigʻiga koʻchib turadi. Koʻchgan epiteliy, mikroflora, limfotsit va neytrofillardan murtak kriptalarida tiqmalar hosil boʻladi. Lakunalar murtak ichiga kirib birlamchi va ikkilamchi tirqishlarni hosil qiladi.
Tanglay murtagining yuqori qutbi sohasida baʼzan uchburchak shaklidagi chuqurlik (sinus) boʻlib, unda baʼzan tanglay murtagining qoʻshimcha boʻlagi joylashadi.
Tanglay murtagining pastki qutbi til negizi ustida osilib turib, halqumning yon devoriga zich yopishib turadi. Murtakning pastki qutbidan 1,1-1,7 sm masofada ichki uyqu arteriyasi, 2,3-3,3 sm masofada – tashqi uyqu arteriyasi oʻtadi.
Tanglay murtaklarining oʻziga xos anatomotopografik xususiyatlari, psevdokapsula va undan tarqalgan trabekulalar, ularni ovqatni hazm qilish va nafas yoʻllari kesishgan maydonda joylashishi tanglay murtaklarida surunkali yalligʻlanish rivojlanishiga qulay sharoit yaratadi.
Tanglay murtagi qon ishlab chiqishda ham ishtirok etadi. Limfoid elementlar turlicha hosil boʻladi. Follikulalar hujayralari mitoz, amitoz va kurtaklanish yoʻli orqali koʻpayadi. Hosil boʻlgan yangi limfotsitlarning bir qismi limfa tomirlar orqali qon tomir tizimiga, boshqa qismi – epiteliy qavatidan halqum yorigʻiga chiqariladi. Murtak parenximasida doimo plazmotsit va gistiotsit hujayralari, yaʼni makrofaglar boʻladi. Plazmositlar koʻpincha follikulalar va biriktiruvchi toʻqima yonida joylashadi. Ular oʻzgargan limfotsit,poliblast va monotsitlardan hosil boʻlib, murtak uzoq vaqt taʼsirlanganligini bildiradi. Gistiotsitlar odatda retikulyar toʻqimadan hosil boʻlib, murtaklar taʼsirlanganda harakatsiz gistiotsitlar faol fagotsitlarga aylanadi.
Halqum, til va nay murtaklarining anatomik tuzilishi tanglay murtagini eslatsada, oʻziga xos xususiyatlariga ega.
Halqum murtagining yuzasi sagital yoʻnalishda joylashgan burmalar hosil qiladi. Follikula va tarqoq limfoid elementlarining toʻplami shu burmalar orasida joylashib, burmalar oʻzaro egatlar, yaʼni oʻziga xos kriptalar bilan ajralib turadi.
Til murtagi yassi tepaliklar toʻplamidan tashkil topgan boʻlib, har bir tepalikning uchida teshikcha boʻladi. Bu teshikchalar qopchaga oʻxshagan tirqishsimon lakuna yoki kriptaga olib boradi. Til murtagi qon tomirlarga va shilliq bezlarga boyligi, kriptalarining kichikligi bilan tanglay murtagidan farq qiladi.
Nay murtaklari hajmi boʻyicha boshqa murtaklardan ancha kichik, asosan limfoid toʻqimadan tashkil topgan boʻlib, ularda follikulalar soni ham kam boʻladi. Nay va halqum murtaklari koʻp qavatli hilpillovchi epiteliy bilan qoplanganligi bilan tanglay va til murtaklardan farq qiladi.
Murtaklarni tashqi uyqu arteriyasi qon bilan taʼminlaydi. Tanglay murtaklarini yuqoriga koʻtariluvchi halqum arteriyasi, yuqoriga koʻtariluvchi tanglay arteriyasi va yuz arteriyasining tanglay shoxchasi qon bilan taʼminlaydi.
Tanglay murtaklaridan vena qon tomirlari yuz venasiga, keyin esa ichki boʻyinturuq venaga qoʻyiladi.Burunhalqum va shu maydonda joylashgan halqum va nay murtaklarining venalari toʻgʻridan toʻgʻri kalla ichi va umurtqa venalari bilan tutashadi. Til murtagidan qon til venasi orqali ichki boʻyinturuq venaga oqib tushadi.
Tanglay murtagining innervatsiyasida tilhalqum, til, sayyor va simpatik asab tolalari ishtirok etadi. Asab elementlari murtakning epiteliy qavatida va follikulalarda joylashgan. Tanglay murtagi epiteliy qavatining ostida subepitelial perilakunar asab toʻri, lakuna epiteliy qavati ostida xemoreseptorlar joylashgan.
Murtak follikulalarining innervatsiyasini ularning orasida joylashgan asab toʻri taʼminlaydi. Follikulalarda asab tolachalarning mavjudligi unda afferent impulsatsiyasi borligidan dalolat beradi. Follikulalarda xolinesteraza toʻplami borligi aniqlangan.
Limfadenoid halqum halqasining fiziologik faoliyatiga doir “infeksion” va “himoya” nazariyalari ishlab chiqilgan.
B.S.Preobrajenskiy tasnifi boʻyicha organizmdagi limfadenoid toʻqima limfatik (nodulyar) va follikulalardan tashqarida yotgan lifoid (eksranodulyar) toʻqimalarga boʻlinadi. Limfatik toʻqima – bu follikulalar hosil qilgan limfositlar guruhi boʻlsa, limfoid toʻqima – bu yumshoq retikulyar biriktiruvchi toʻqima orasida joylashgan limfoid elementlarning tarqoq toʻplamidir.
Organizmning limfatik tizimlarini 3 guruhga boʻlish mumkin:
taloq va ilikning limfatik toʻqimasi umumiy qon oqimining yoʻlida joylashib,limfa-qon toʻsigʻini hosil qiladi;
limfa tugunlar limfa oqimi yoʻlida joylashib, limfointerstitsial toʻsiqni hosil qiladi. Yuqumli kasalliklarda limfa tugunlarda antitelolar ishlab chiqiladi;
murtaklar, ichaklardagi toʻp-toʻp va yakka limfa tugunlar birgalikda limfoepitelial toʻsigʻni hosil qiladi.
Halqum limfoid halqasining limfoepitelial toʻsiq tizimini shartli 4 bosqichlarga boʻlish mumkin:
toʻsiq – murtakning shilliq pardasi boʻlib,bu toʻsiq zaiflashganda bemorda angina kasalligi rivojlanadi;
toʻsiq- qon tomirlar devori, yaʼni gistogematik toʻsiq boʻlib, bu toʻsiq zaiflashganda mikroblar va ularning zaharli moddalari qonga tarqalib, metatonzillar kasalliklarni rivojlanishiga olib keladi;
toʻsiq- murtak kapsulasi boʻlib, uning faoliyati buzilganda bemorda paratonzillit kasalligi rivojlanadi;
toʻsiq – mahalliy boʻyin limfa tugunlaridan tashkil topgan.
V.I.Voyachekning fikricha murtaklar toʻsiq (baryer) faoliyatini bajaradi. Bakteriya va zaharli moddalar murtakning epiteliy qavatidan oʻtib murtak parenximasida zararsizlantiriladi. Bu jarayonda hosil boʻlgan mahalliy antitelolar organizmning immunnitetiga taʼsir koʻrsatadi. Murtak gistiotsitlari asosiy toʻsiq elementi hisoblanadi.
Infeksion nazariya tarafdorlari murtaklardagi “fiziologik yara” va zaharli moddalarni eʼtiborga olib, ularni infeksiyaning “kirish darvozasi” deb hisoblasalar, “himoya” nazariyasi tarafdorlari – murtaklardagi limfa oqimi markazdan tashqariga qarab harakat qilganligini eʼtiborga olib, ularni infeksiyaning “chiqish darvozasi” deb baholaydilar. Ammo, tadqiqotlar ikkala nazariyalarni ham inkor etadi, chunki murtaklar limfa chiqaruvchi tomirlarga ega emas. Murtaklardagi limfatik kapillyarlar toʻri lakunalarga (kriptalarga) ochilmaydigan yopik kanallar tizimidan iborat.
Tanglay murtaklarida yuzaki va chuqur joylashgan limfatik kapillyarlar toʻri mavjud. Yuzaki joylashgan limfatik kapillyarlar toʻri murtakning erkin yuzasida epiteliy ostida joylashgan. Chuqur limfatik kapillyarlar toʻri tarqoq limfoid toʻqimada, yaʼni follikulalar atrofida va biriktiruvchi toʻqimada joylashgan limfatik kapillyarlardan tuzilgan. Murtak kapsulasi ham koʻp qavatli limfatik kapillyarlar toʻriga ega, ulardan murtak tashqi yuzasining chiqish limfa tomirlari hosil boʻlgan; limfa murtak follikulalari atrofi limfatik kapillyarlar toʻridan shu limfa tomirlar va murtakning ichki yuzasidan chiqayotgan limfa tomirlar orqali chiqariladi. Tanglay ravoqchalari shilliq pardasi va burunhalqumning yon tomonida joylashgan limfa tomirlar orqali tanglay murtaklari til, nay va halqum murtaklari bilan bogʻlanadi.
Barcha murtaklar mahalliy limfa tugunlarga ega. Halqum murtagi uchun yuqori – yon boʻyin, tanglay murtaklari uchun – jagʻ osti va til murtagi uchun chuqur buyinturuq zanjirining yuqori tuguni birlamchi mahalliy limfa tugunlar sifatida xizmat qiladi.
Murtaklarning himoya faoliyati infeksiyani zaharsizlantirishdan iborat. V.N.Zak va V. T.Talalayevlar fikricha doimiy ravishda taʼsir qilgan infeksiya bu erda “fiziologik angina”ni paydo qiladi, oʻz navbatida angina organizmning immun holatiga taʼsir koʻrsatadi.
V.Davidovskiy murtaklarni fiziologik moslashish apparati deb hisoblaydi.
Hozirgi kunda murtaklar organizm immun tizimining periferik aʼzosi sifatida hujayra va gumoral immunitetning shakllanishida ishtirok etishi isbotlangan. Barcha limfatik aʼzolarga oʻxshab, murtaklar limfotsitlar ishlab chiqarishda, yaʼni limfopoez jarayonida ishtirok etadi. Limfotsitlar follikulalarning markaziy qismida ishlab chiqarilib, etilgan sari ular follikuMammg chetiga qarab siljiydi va u erdan limfa yoʻllarga, limfaning umumiy oqimiga va murtaklar yuzasiga chiqadi. Limfotsitlarni murtaklar yuzasidan chiqarilishi organizmda ularning sonini meʼyorda saqlashga yordam beradi, yaʼni murtaklar eliminatsiyasi roʻy beradi. Tanglay murtaklarida T-va V-limfotsitlar boʻlib, T-limfotsitlar follikulalar orasida, V-limfotsitlar – follikulalar ichida joylashgan. V-limfotsitlar makrofag, plazmatik hujayralar, immunoglobulinlarni hosil qilishda, T-limfositlar – hujayra immumtetimng mediatorlarini ishlab chiqarishda qatnashadi.
Bundan tashqari tanglay va halqum murtaklarida virusga qarshi nospetsifik omil – interferon, poliomiyelitga qarshi antitelolar ishlab chiqarilishi aniqlangan. Interferon adenovirus, paragripp, Koksaki, qizamiq, stomatit viruslariga qarshi vosita hisoblanadi.
Koʻpgina tadqiqotlarda halqum murtaklari halqasi, xususan, tanglay murtaklari ferment ishlab chiqarishda ishtirok etishi tasdiqlangan. Murtaklar toʻqimasida amilaza, lipaza, fosfataza va boshqa fermentlar borligi, ovqatlangandan soʻng ularning miqdori koʻpayganligi aniqlangan. Bu esa murtaklarni ovqatni oral hazm qilish jarayonida ishtirok etishini tasdiqlaydi.
Murtaklar oʻziga xos immunoretseptor vazifasini bajarib, mahalliy va umumiy himoya reaksiyalarni paydo qilishda muhim ahamiyatga ega. Murtaklar retseptorlari koʻpgina aʼzolar bilan asab-reflektor yoʻl orqali bogʻlangan. Xususan, yurak va murtaklar oʻrtasida tonzillokardial refleks borligi amalda tasdiqlangan. Tanglay murtaklari bosilganda yoki unga igna sanchilganda elektrokardiogrammada oʻzgarishlar paydo boʻladi. Bunday oʻzgarishlar surunkali tonzillit bilan ogʻrigan bemorda yaqqol namoyon boʻlib, tonzillokardial refleks deb ataladi.
Tonzillokardial refleks – shartsiz refleks boʻlib, undan shartli refleks hosil qilishda foydalansa boʻladi. Masalan, murtaklarga mexanik taʼsir bir necha bor tovush signali bilan birga oʻtkazilsa, keyinchalik elektrokardiogrammadagi oʻzgarishlar faqat tovush signali boʻlganda ham paydo boʻladi. Bu aurokardial shartli refleks amalda eshituvning obyektiv tekshiruvi sifatida qoʻllaniladi.
Bundan tashqari, limfadenoid halqum halqasi ayrisimon, qalqonsimon, meʼda osti, buyrak usti bezlarining qobigʻi bilan, xususan,tanglay murtaklari (ayniqsa balogʻat yoshida) gipofiz – buyrak usti bezining qobigʻi – limfatik toʻqima tizimi bilan uzviy bogʻliq.