Traxeya (trachea) chaqaloqlarda C5 – C6 umurtqalari sathidan boshlanib, T4 sathida asosiy bronxlarga boʻlinadi. Chaqaloqlarda traxeyaning boʻyi 35-45 mm, halqalarining soni 16-18 ga etadi. Traxeya silindr shaklida boʻlib, uning koʻndalang diametri 6 -10 mm, old – orqa diametri 4,5- 5 mm ga teng. Traxeya bifurkatsiyasining burchagi 600 ga teng. Oʻng bronx – 150, chap bronx – 450 burchak hosil qilib traxeyadan ajralib chiqadi. Erkaklarda quyidagi hayot bosqichlarida: 8- 10 oylik davrda, 6-10,12-16 va 20-22 yoshda, ayollarda – 10-12 oylik davrda, 6-8 va 10-14 yoshda traxeya ayniqsa tez oʻsadi. Traxeyaning boʻyi erkaklarda 28 yoshgacha, ayollarda – 20 yoshgacha oʻsadi. Traxeyaning old-orqa va koʻndalang diametrini tez kattalashishi 8 oylik davrda,1 yoshda, 6-10, 10-12 va 20-22 yoshda kuzatiladi. Chaqaloqlarda traxeya oʻrta chiziqda joylashib, pastki 1/3 qismida u 2-3 mm oʻng tomonga siljigan boʻladi.
Traxeyaning old yuzasida, uning YI- XI halqalari sathida ayrisimon bez joylashgan. Qalqonsimon bez traxeyaning yuqori toʻrtta halqasining old va yon tomonlarini oʻrab tursa, traxeyaning oʻng tomonidan elka-miya poyasi, chap tomonida – umumiy uyqu arteriyasi oʻtadi.
Kattalarda C 6 va C 7 umurtqalari sathida hiqildoq traxeyaga oʻtadi. Traxeya boʻyin va koʻkrak qismlarga boʻlinadi (boʻyin qismi 6-8 ta togʻay halqalardan iborat). Ularning chegarasi T-2 T-3 umurtqalar sathida turadi. Koʻkrak qafasining yuqori aperturasidan (apertura thoracis superior) traxeya koʻkrak qafasiga kiradi. Bu erda traxeyaning koʻkrak qismi joylashadi. T-4-T-5 umurtqalari sathida traxeya asosiy oʻng va chap bronxlarga boʻlinadi. Bronxlarga boʻlinish joyida traxeya yorigʻiga qaragan yarim oy qirra hosil boʻladi (carina trachea). Bu qirra bronxoskopiyada muhim diagnostik ahamiyatga ega .
Kattalarda traxeyaning buyl 90-120 mm ni, koʻndalang diametri 15-30 mm ni tashkil etadi. Traxeya yoyslmon traxeya togʻaylaridan (cartilagines trachealis) tashkil topgan. Ularning orqa uchlari biriktiruvchi toʻqima plastinkasi yordamida birikib,traxeyaning orqa devorini hosil qiladi (pariyes membranaceus). Traxeya togʻay yarim halqalarining soni 15-18, baʼzan 19 taga etadi, ularning balandligi 2-5 mm ga, qalinligi 1 mm ga teng. Traxeyaning birinchi eng baland yarim halqasining balandligi 11-13 mm etadi. Traxeya halqalari togʻay usti pardasi bilan qoplangan. Halqalar bir-biri bilan halqasimon boylam (lig.anularia) yordamida birikadi, orqa tomonda u parda devorga qoʻshiladi. Halqasimon boylamning balandligi 1,5 – 3 mm ga teng. Parda devorning tarkibida uzunasiga va koʻndalang joylashgan yassi mushak tolalari boʻlib, ular nafas olganda yoki yoʻtalganda traxeyani harakatga keltiradi. Traxeya parda devorining eni 10- 22 mm atrofida boʻladi. Oʻziga xos anatomik tuzilishi tufayli traxeya yon tomonga siljishi, boʻyi va yorigʻining oʻlchamlari oʻzgarib turishi mumkin.
Traxeyaning ichi shilliq parda bilan qoplangan, u hiqildoq shilliq pardasining davomi hisoblanib, shilliq parda burmalariga ega boʻlmagan koʻpqavatli hilpillovchi epiteliy bilan qoplangan. Shilliq pardaning oʻzi va shilliq osti qatlami limfotsitlarga boy yumshoq toʻqimadan iborat. Shilliq osti qavatida, ayniqsa, orqa devori va halqalar orasidagi boʻshliqda aralash bezlar boʻlib, ularning ajralmasi bakteriostatik, bakteriotsid taʼsirga ega.