Tashqi eshituv yo‘li ekzostozlari (exostosis) – tashqi eshituv yoʻlining devorlaridan oʻsgan suyak tuzilmalari. Oyoqchali va yassi ekzostozlar tafovut qilinadi.
Oyokchali ekzostozlar koʻpincha tashqi eshituv yoʻli suyak qismining tashqi halqasi sohasida oʻsadi, yassi ekzostozlar keng asosga ega boʻlib, tashqi eshituv yoʻlining bitta yoki bir nechta devorlarida joylashadi. Ekzostozlar toʻgʻnagʻich kallachasiday yoki tashqi eshituv yoʻlini toʻliq yopuvchi yirik hajmga ega boʻlishi mumkin. Baʼzan bunday tuzilmalarning soni koʻp boʻlib, tashqi eshituv yoʻlida nogʻora halqa sohasigacha joylashadi. Kichik ekzostozlar bemorni bezovta qilmaydi va toʻsatdan otoskopiya paytida aniqlanadi. Yirik ekzostozlar tashqi eshituv yoʻlining yorigTni toʻliq yopishi, baʼzan qolgan qismini quloq kiri toʻplami bila yopilishi natijasida bemorda eshitish qobiliyatining pasayishi, qulogʻini shangʻillashi,bitishi, baʼzan bosh ogʻriqi belgilari kuzatiladi.
Tashxis bemor shikoyatlari, otoskopiya va tashqi eshituv yoʻli tuzilmalarini zond yordamida tekshirish natijalari asosida qoʻyiladi. Bundan tashqari rentgenografiya, kompyuterli tomografiya tekshiruvlari aniq tashxis qoʻyishga yordam beradi.
Davolash. Kasallik jarrohlik usuli yordamida davolanadi. Davolashda ekzostozning oʻlchamlari va shakli eʼtiborga olinadi; oyoqchali ekzostoz endaural yoʻl orqali olib tashlanadi. Bunda ekzostoz asosining terisi 1% novokain bilan ogʻriqsizlantirilgandan soʻng uning oyoqchasi maxsus iskana yordamida chopib olinadi.
Tarqoq yassi ekzostozlar umumiy ogʻriqsizlantirish ostida quloq orqasi sohasida bajarilgan jarrohlik amali yordamida olib tashlanadi, bunda tashqi eshituv yoʻli, asosan uning orqa suyak devori iskana yordamida kengaytiriladi. Nogʻora halqasi yonida joylashgan ekzostozlarni olib tashlash paytida oʻrta quloq tuzilmalari jarohatlanishi mumkinligini inobatga olish lozim. Tashqi eshituv yoʻlining chandiqli torayishini oldini olish maqsadida jarrohlik amalidan soʻng unga 7-10 kunga bioinert naycha kiritiladi va ikkilamchi infeksiya rivojlanishini oldini olish uchun jarohat maydoni parvarish qilinadi.