Eshituv (Evstaxiy) nayi (tuba auditiva) oʻrta quloqni burunhalqum orqali tashqi muhit bilan bogʻlab turadi. Uning uzunligi kattalarda 3,5 sm, chaqaloqlarda – 2 sm ga teng. Eshituv nayi oʻrta quloqdagi havo bosimini tashqi atmosfera bosimi bilan tenglashtirib turadi (barofunksiya), yaʼni havoni almashtirish vazifasini bajaradi.
Eshituv nayi uning 1/3 qismini egallagan kalta suyak (pars ossea) va 2/3 qismini egallagan uzun togʻay (pars membranacea cartilaginea) qismlardan tuzilgan. Bu qismlar birlashib pastga yoʻnalgan oʻtmas burchak hosil qiladi. Togʻay qism suyak qismiga oʻtish joyida eshituv nayining eng tor joyi – boʻyinchasi (isthmus) joylashgan boʻlib, uning diametri 1-1,5 mm ga teng. Eshituv nayining nogʻora teshigi (diametri 4-5 mm) nogʻora boʻshligʻi old devorining yuqori qismida, halqum teshigi – undan 1-2,5 sm pastroqda joylashib, pastki burun chigʻanoqlarining orqa uchi sathida burunhalqumning tashqi devoriga ochiladi. Halqum teshigi sohasida limfoid toʻqima toʻplami – nay murtagi (tonsilla tubaria) joylashgan.
Bolalarda eshituv nayi kalta, keng va biroz gorizontal joylashgan boʻladi. Shu sababli yosh bolalarda sut, soʻlak va boshqa suyuqliklar eshituv nayi orqali nogʻora boʻshligʻi ichiga kirishi va oʻrta quloqning yalligʻlanishiga sabab boʻlishi mumkin. Eshituv nayining shilliq pardasi hilpillovchi silindrik epiteliy bilan qoplangan boʻlib,tuklar oʻrta quloqdan halqum tomonga harakatlanadi. Tinch holatda eshituv nayi togʻay qismining devorlari bir-biriga tegib turadi, shuning uchun uning yorigʻi odatda yopiq holatda boʻladi. Eshituv nayining yorigʻi yutinganda, chaynaganda, esnaganda ochiladi. Uning ochilishi yumshoq tanglayni taranglashtiruvchi (m. tensor velipalatini) va koʻtaruvchi (m. levator velipalatini) mushaklarning qisqarishi natijasida sodir boʻladi, chunki ularning tolalari eshituv nayi togʻay qismining devoriga zich yopishgan boʻladi. Eshituv nayining oʻtkazuvchanligi buzilganda oʻrta quloqda turli patologik jarayonlar yuzaga kelishi mumkin. Shu sababdan bemorlarda eshituv nayi oʻtkazuvchanligini tiklash muhim ahamiyatga ega.