Yarim doira kanallar 3 ta boʻlib, ular oʻzaro perpendikulyar tekisliklarda joylashgan:
tashqi yoki gorizontal kanal (canalis semicircularis lateralis);
old yoki frontal vertikal kanal (canalis semicircularis anterior);
orqa yoki sagital vertikal kanal (canalis semicircularis posterior).
Tashqi kanal 300 ostida gorizontal, old kanal – frontal, orqa kanal – sagital tekisliklarda joylashadi. Har bir kanal kengaygan ampula oyoqchasiga va dahlizning elliptik choʻntagiga qaragan silliq oyoqchasiga ega. Old va orqa vertikal kanallarning silliq oyoqchalari birlashib, umumiy oyoqcha hosil qiladi. Shunday qilib, yarim doira kanallar dahlizning elliptik choʻntagida beshta teshik orqali bir – biri bilan bogʻlanadi. Tashqi kanalning suyak ampulasi soʻrgʻichsimon oʻsiq gʻoriga kirish joyiga yaqin joylashib, uning ichki devorini hosil qiladi.
Suyakli labirint tuzilmalari juda kichik. Masalan, chigʻanoqning choʻqqisidan asosigacha boʻlgan masofa 28-30 mm, suyakli spiral plastinkaning eni 1 mm, yarim doira kanallarning diametri 0,8 -1,5 mm, uzunligi-12-18 mm ga teng.
Pardali labirint suyakli labirint shaklini takrorlaydi. U ham uch boʻlimdan tashkil topgan:
- chiganoq yoʻli;
- dahliz kopchalari;
- pardali yarim doira kanallar.
Pardali labirint endolimfa suyuqligi bilan toʻlgan boʻlib, ushbu suyuqlik ichki quloqdagi retseptor hujayralarni kislorod va oziq moddalar bilan taʼminlaydi. Endolimfani qon tomirlar tasmasi (stria vascularis) ishlab chiqariadi. Agar bu suyuqlik haddan tashqari koʻp ishlab chiqarilsa, xuddi gidrotsefaliyaga oʻxshash labirint gidripsi vujudga keladi (Menyer kasalligi).
Suyakli va pardali labirintlar orasida perilimfa bilan toʻlgan perilimfa boʻshligʻi joylashgan. Pardali labirint biriktiruvchi toʻqima tolalari yordamida perilimfa boʻshligʻi ichida osilib turadi. Perilimfa boʻshligʻi chigʻanoq suv oqavasi (chigʻanoq kanalchasi – aqueductus sochlea) orqali bosh miya toʻr pardasi osti boʻshligʻi bilan aloqa hosil qiladi. Endolimfa esa pardali labirintning yopiq tizimida joylashib,bosh miya suyuqliklari bilan aloqa hosil qilmaydi.
Ichki quloqda 2 ta retseptor aʼzolari joylashgan:
eshituv a ʼzosi;
muvozanatni saqlash a ʼzosi.
Eshituv aʼzosi chigʻanoq yoʻlida, muvozanatni saqlash aʼzosi esa dahliz qopchalarida va pardali yarim doira kanallarda jolashgan.
Chigʻanoq yoʻli (ductus cochlearis) aylanma spiral kanal boʻlib, chigʻanoqning ichida, dahliz va nogʻora narvonlari orasida joylashgan. Koʻndalang kesimda u uchburchak shakliga ega. Chigʻanoq yoʻlining devorlarini dahliz va nogʻora (asosiy) membranalari hamda suyakli chigʻanoqning tashqi devori hosil qiladi. Chigʻanoq yoʻlining dahliz narvoniga karagan yuqori devorini ikki qavat yassi epiteliy hujayralaridan iborat dahliz (Reysner) membranasi, pastki devorini – asosiy (bazilyar) membrana hosil qiladi. Nigʻora (asosiy) membrana chigʻanoq yoʻlini nogʻora narvonidan ajratib turadi. Spiral suyak plastinkasining (lamina spiralis ossea) cheti bazilyar membrana orqali suyakli chigʻanoqning qarama-qarshi devori bilan tutashadi. Chigʻanoq yoʻlidagi bazillyar membranada spiral boylam (lig. spirale) joylashgan boʻlib, uning tashqi devori qon tomirlarga boy qon tomir tasmasini (stria vascularus) hosil qiladi. Bu erda joylashgan uch qator hujayralar endolimfani ishlab chiqaradi. Bazilyar membrana koʻndalang joylashgan elastik tolalardan iborat tuzilma boʻlib, koʻpgina kapillyar qon tomirlar toʻriga ega. Elastik tolalarning uzunligi va qalinligi chigʻanoqning asosiy gajjagidan choʻqqisi tomon ortib boradi. Butun chigʻanoq yoʻli boʻylab spiralsimon joylashgan bazillyar membranada spiral aʼzo (Korti aʼzosi), yaʼni eshituv analizatorning periferik retseptori joylashgan.
Spiral aʼzo (Korti aʼzosi) ichki neyroepitelial, tashqi tukli, tirgak va oziqlantiruvchi, Korti yoylarini hosil qiluvchi tashqi va ichki ustun hujayralardan tuzilgan. Ichki ustun hujayralardan ichkariroqda bir qator ichki tukli hujayralar (ularning soni 3500 etadi); tashqi ustun hujayralardan tashqariroqda 20 000 yaqin tashqi tukli hujayralar uch qator boʻlib joylashgan. Tukli hujayralar chigʻanoq spiral tuguni hujayralaridan tarqalgan periferik asab tolalari bilan sinapslar yordamida bogʻlanadi. Spiral aʼzoning tirgak hujayralari ushlab turish va oziqlantirish vazifasini bajaradi. Spiral aʼzoning sezgir hujayralari orasida epiteliy ichi boʻshliqlari boʻlib, ular “kortilimfa” deb atalgan suyuqlik bilan toʻlgan. Kimyoviy tarkibi boʻyicha kortilimfa endolimfaga oʻxshasada, undan ancha farq qiladi.
Korti aʼzosining tukli hujayralari ustida elastik membrana (membrana tectoria) joylashgan. Bu membrana ham bazillyar membrana singari spiral suyak plastinkasi chetidan boshlanadi. Uning tashqi cheti erkin boʻlganligi sababli bazillyar plastinka ustida osilib turadi. Elastik membrana ostida ham kortilimfa suyuqligi oqadi. Elastik membrana uzunasiga va radial joylashgan protofibrillalardan tuzilgan boʻlib, uning ichiga tashqi tukli neyroepiteliy hujayralarining tuklari tarqaladi. Hujayralar tuklarining uzunligi turlicha boʻlib, eng kalta tukli (130-135 mkm) hujayralar chigʻanoqning asosida joylashgan. Chigʻanoqning asosidan chigʻanoq yoʻliga koʻtarilgan sari hujayralar tuklarining uzunligi asta-sekin oshib boradi. Eng uzun tukli (230-234 mkm) retseptor hujayralari chigʻanoq yoʻlining choʻqqisida joylashgan. Bazillyar plastinka tebranganda tuklarning taranglashishi va qisilishi tufayli uzangicha va ichki quloq suyuqliklari tebranishlarining mexanik energiyasi asab impulsiga aylanadi.
Spiral aʼzoning har bir tukli hujayrasi faqat bitta asab tolasi bilan taʼminlangan boʻlib, bu asab tolasi qoʻshni hujayralarga tarmoqlanmaydi. Shuning uchun asab tolasining degeneratsiyasi faqat unga tegishli hujayrani nobud boʻlishiga olib keladi.
Bundan tashqari, spiral aʼzoning sezgir hujayralari afferent va efferent innervatsiyaga ega bulib, u markazga intilgan va markazdan qochgan oqimni amalga oshiradi. Agar ichki tukli hujayralarga afferent (markazga intilgan) innervatsiyasining 95% toʻgʻri kelsa, asosiy efferent (markazdan qochgan) oqim esa, aksincha, tashqi tukli epiteliy tomon yoʻnalgan boʻladi.
Pardali labirint dahlizida 2 pardali qopchalar – elleptik va sferik kopchalar joylashgan. Otolit retseptorlari ikkala qopchaning ichki yuzasida joylashgan va neyroepiteliy bilan qoplangan kichik tepachalardan iborat. Ular elliptik qopcha dogʻi (macula utriculi) va sferik qopcha dogʻi (macula sacculi) deb ataladi. Otolit retseptor aʼzosi ham tayanch va sezuvchan hujayralardan tuzilgan.
Pardali yarim doira kanallar suyak yarim doira kanallar ichida joylashib, ularning shaklini takrorlaydi,yani ular ham ampula va silliq oyoqchalarga ega. Pardali yarim doira kanallarning diametri suyak yarim doira kanallar diametridan kichikrok boʻladi (12-rasm). Pardali yarim doira kanal ampulasi ichida kichik aylana boʻrtish (crista ampullaris) boʻlib, bu boʻrtishda tuklari birlashib “moʻyqalam”(crista ampullaris) hosil qilgan tukli hujayralar joylashgan. Burchakli tezlanish taʼsirida endolimfa yarim doira kanalning ampula oyoqchasi yoki silliq oyoqchasi tomon siljib, neyroepiteliy hujayralarni qitiqlaydi, natijada mexanik energiya asab impulsiga aylanadi. Shunday qilib, sezgir muvozanay hujayralar 5 retseptor maydonlarida: uchta yarim doira kanallar ampulalarida – bittadan, ikki dahliz qopchalarida – bittadan joylashgan. Dahliz va yarim doira kanallar reseptorlarining har bitta sezgir hujayrasi bir nechta asab tolalari bilan taʼminlangan, shuning uchun bitta asab tolasining zararlanishi hujayrani nobud boʻlishiga olib kelmaydi va boshqa sezgir hujayralarga zarar yetkazmaydi.