Hiqildoq mushaklari tashqi va ichki guruhlarga boʻlinadi (147-rasm).
Tashqi mushaklar hiqildoqni yuqoriga koʻtarish va pastga tushirish vazifasini bajaradi. Ularga quyidagi mushaklar kiradi: toʻshqalqonsimon (m.sternothyroideus), toʻshtilosti (m.sternohyoideus),qalqontilosti (m.thyrohyoideus), kuraktilosti (m.omohyoideus), bigiztil osti (m. stylohyoideus), ikki qorinchali mushak (m.digastricus ).
Hiqildoqning ichki mushaklari togʻaylarni harakatga kehirib, ovoz tirqishining enini oʻzgartiradi. M.Gracheva (1956) hiqildoq mushaklarini quyidagi guruhlarga boʻladi:
ovoz tirqishini toraytiruvchi mushak – uzukqalqonsimon mushak (m.cricothyroideus);
ovoz tirqishini kengaytiruvchi mushak – orqa uzukchoʻmichsimon mushak (m. sricoarytenoideus posterior);
yordamchi mushaklar – koʻndalang choʻmichsimon (m.arytenoideus transversus), egri choʻmichsimon (m.arytenoideus obligvus) va tashqi uzukchoʻmichsimon mushak (m.cricoarytenoideus lateralis );
ovoz burmalarini harakatlantiruvchi mushaklar – ovoz mushagi (m.vocalis), qalqonchoʻmichsimon (m.thyroarytenoideus) va uzukqalqonsimon mushak (m.cricothyroideus);
hiqildoq usti qopqogʻini harakatlantiruvchi mushaklar hiqildoqqa kirish joyining enini oʻzgartiradi.Ularga choʻmichhiqildoqusti (m.arepiglotticus), egri choʻmichsimon (m.arytenoideus obligvus) va qalqonhiqildoq usti mushaklari (m. thyroepiglotticus ) kiradi.
Impuls markaziy asab tizimidan asosiy toraytiruvchi mushak va uning yordamchilariga yoki asosiy kengaytiruvchi mushak va uning yordamchilariga etib keladi. Bu mushaklarning qisqarishi natijasida ovoz yorigʻi torayadi yoki kengayadi.
Hiqildoq yorigʻining shakli qum soatni eslatadi: oʻrta boʻlimida u tor, yuqorida va pastki boʻlimida – keng boʻladi. Ovoz burmalari, hiqildoq usti qopqogʻining til yuzasi va choʻmichsimon togʻaylar orasidagi maydondan tashqari (ular koʻpqavatli yassi epiteliy bilan qoplangan) shilliq parda koʻpqavatli hilpillovchi epiteliy bilan qoplangan.