Faringomikoz – halqumning zamburugʻ kasalligi boʻlib, 93% hollarda halqum kandidozi, 5-6% – halqum mikozi (leptotrixoz) uchraydi. Faringomikozni rivojlanishiga qandli diabet, qon va oshqozon-ichak kasalliklari, ichak disbakteriozi, xavfli oʻsmalar sabab boʻladi. OITS bilan ogʻrigan bemorlarning 10% aynan shu mikozlar tufayli hayotdan koʻz yumadi.
Kasallikning rivojida organizmdagi immunologik oʻzgarishlar, hujayra immunitetini buzilishi etakchilik qiladi. Spetsifik va nospetsifik sensibilizatsiya, allergiya, halqum shilliq pardasining jarohati faringomikozni rivojlanishiga yordam beradi.
Mikoz oʻchoqlari odatda tanglay murtaklari, tanglay ravoqchalari, halqumning orqa devori va til sohasida joylashib, epiteliyni qalinlashishi, granulalar (tepachalar) hosil boʻlishi va turli nekrotik oʻzgarishlar bilan namoyon boʻladi.
Klinik belgilari. Faringomikozning klinik manzarasi organizmning zamburugʻlarga qarshi himoya kuchiga bogʻliq. Bemor halqum sohasida noxushlik his etishiga, yutinganda tomogʻi ogʻrishiga, holsizlikka, kuchli va davomli yoʻtalga shikoyat qiladi. Uning umumiy ahvoli yomonlashib, boshi ogʻriydi, tana harorati biroz koʻtariladi.
Halqum shilliq pardasi mikozi chegaralangan yuzaki (jarayonga bitta murtak jalb etiladi) yoki tarqoq chuqur yara pardali shakllarda kechadi (jarayon halqum shilliq pardasi va murtaklarga tarqaladi). Yuzaki faringomikozni difteriyadan, chuqur faringomikozni – lakunar, yarali – nekrotik angina, xavfli oʻsma va halqum zaxmidan farqlash lozim.
Tashxis kasallikni boshlanishi, bemor shikoyatlari, faringoskopiya va patologik ajralmaning mikologik tekshiruvi asosida qoʻyiladi.
Davolash. Faringomikozni davolashdan oldin zamburugʻning turi va mikostatik dorilarga sezuvchanligi aniqlanadi. Faringomikozni davolashda lamizil tabletkasini 14 kun davomida bir kunda bir marta ichish yaxshi natija beradi. Mahalliy usulda yod-glitserin, xinozol, levorin, 2% natriy gidrokarbonat, natriy tetraborat, anilin boʻyoklari, etakridin laktat, kumush nitrat eritmalari tavsiya etiladi. Faringomikozni davolashda lazer nuri ham qoʻllaniladi. Davolash tadbirlari giposensibilizatsiya va vitaminoterapiya bilan birga olib boriladi.
Surunkali faringit bilan ogʻrigan bemorlar dispanser nazorati ostiga olinib, davolash tadbirlari oʻtkaziladi.