Tashqi eshituv yo‘lining yot jismi (corpora aliyena). Tashqi eshituv yoʻliga noʻxat, tugmalar, pista, yongʻoq poʻchogʻi va boshqa yot jismlar, baʼzan hasharotlar kirib qolishi mumkin.
Klinik belgilari. Bolalar odatda tashqi eshituv yoʻli yot jismini uzoq vaqt his etmaydilar. Yot jismni yiring va koʻchgan epidermis oʻrab olgandan soʻng tashqi eshituv yoʻlining yorigʻi toʻliq yopilib, bemor qulogʻi bitishiga, shangTllashiga shikoyat qila boshlaydi. Tashqi eshituv yoʻliga kirib qolgan tirik yot jismning harakatlanishi (suvarak, kana, chivin va boshq.) bemorda yomon hissiyotlarni keltirib chiqaradi. Quloq ichiga glitserin,oʻsimlik yogʻi yoki spirtli eritmalarning iliq tomchilari tomizilgandan soʻng hasharot harakatdan toʻxtaydi, shunda u yuvib chiqariladi.
Tashxis bemor shikoyatlari, anamnez ma’lumotlari va otoskopiya natijalari asosida qoʻyiladi. Anamnez maʼlumotlaridan yot jism tashqi eshituv yoʻliga qachon va qaysi vaziyatda kirganligi, uni chiqarishga urinishlar boʻlganligi aniqlanadi. Dastlab tashqi eshituv yoʻli atrof maydonining terisi koʻzdan kechiriladi. Otoskopiyada tashqi eshituv yoʻlida yot jism (tugmacha, noʻxat, choʻpcha, pista, yongʻoq poʻchogʻi, qogʻoz boʻlagi ) borligi koʻzga tashlanadi.
Davolash. Tashqi eshituv yoʻli yot jismi bilan ogʻrigan bemor shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj boʻladi. Yot jismni pinset, qisqich, zond yordamida chiqarib olishga urinishlar ogʻir asoratlarga olib kelishi mumkin. Bunday urinishlar tashqi eshituv yoʻli devorlarining jarohatiga, yot jismni yanada ichkariroqqa siljishi va nogʻora pardani jarohatlab, nogʻora boʻshligʻiga kirishi, keyinchalik oʻrta quloqni yalligʻlanishi, eshituv suyakchalarini yoki yuz asab tolasini zararlanishiga olib kelishi mumkin.
Tashqi eshituv yoʻliga iliq suvni yoki furatsilin eritmasini bosim bilan yuborib, yot jismni yuvib chiqarish eng zararsiz usul hisoblanadi. Muolaja Jane shpritsi yordamida bajariladi
Nogʻora pardasida teshik borligi aniqlangan bemor qulogʻini yuvish man etiladi. Kattalashishga moyil boʻlgan organik yot jismni (noʻxat, loviya) chiqarib olish uchun tashqi eshituv yoʻliga dastlab 96% spirt tomiziladi; spirt taʼsirida bujmayib, kichraygandan yot jism yuvib chiqariladi. Tashqi eshituv yoʻlini toʻliq yopib turgan yot jismni yuvib chiqarish qiyin,chunki yot jismning orqa tomoniga kirgan suvni tashqariga oqib chiqishi qiyinlashadi.
Yot jismni oʻtmas ilgak (pinset ishlatilmaydi!) yordamida chiqarib olish muolajasini faqat mutaxassis bajarishi lozim. Bunda oʻtmas ilgak koʻz nazorati ostida gorizontal holda yot jismning orqa tomoniga ehtiyotkorlik bilan oʻtkaziladi va vertikal holatda chiqarib olinadi. Tashqi eshituv yoʻlida bajariladigan barcha muolajalar (ayniqsa yalligTanish jarayonida) ogʻriq bilan kechadi, shuning uchun bolalarda va ayrim katta yoshdagi bemorlarda bunday muolaja mahalliy yoki umumiy ogʻriqsizlantirish ostida bajarilishi lozim.
Tashqi eshituv yoʻli orqali yot jismni chiqarish imkoni boʻlmagan hollarda u mahalliy va umumiy ogʻriqsizlantirish ostida jarrohlikyoʻli orqali olinadi. Buning uchun, quloq orqasi sohasida teri kesilib, tashqi eshituv yoʻlining yumshoq toʻqimasi suyakdan ajratiladi va shu kesim orqali tashqi eshituv yoʻli suyak qismining orqa devori ochiladi. Yot jismni chiqarib olishning bu usuli ham ijobiy natija bermaganda tashqi eshituv yoʻlining suyak qismi iskana yordamida kengaytiriladi va nogʻora pardaga zarar yetkazmay ehtiyotkorlik bilan chiqarib olinadi. Baʼzan nogʻora boʻshligʻiga kirib qolgan yot jism umumboʻshliq kengaytirilgan jarrohlik amalida chiqarib olinadi.