Kompyuter tomografiyasi (KT) tekshiruvi anʼanaviy rentgenografiyaga nisbatan koʻproq qulayliklarga ega. Unda toʻqimalar (suyak, shilliq parda, suyuqlik) zichligi orasidagi farq yaqqol namoyon boʻlishidan tashqari,tekshirilayotgan aʼzoning koʻndalang kesimi ham qogʻozga tushiriladi. Odatda KT tekshiruvi koronar, aksial yoki sagital yoʻnalishlarda, jarrohlik amaliga tayyorgarlik jarayonida koʻpincha koronar proeksiyada, murakkab hollarda – koronar va aksial proeksiyalarda bajariladi. KT tekshiruvi burun va burun yondosh boʻshliqlari ichi tuzilmalarining oʻzaro joylashuvining aniq tasvirini koʻrsatib, anatomik buzilishlarning xarakteri, patologik jarayonlarga taʼsiri haqida chuqurroq tasavvurga ega boʻlish imkonini beradi va jarrohlik amalining hajmini rejalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi; jarrohlik amali paytida jarroh ishini ancha yengillashtiradi. U kompyuter tomogrammasiga asoslanib chuqur joylashgan boʻshliqlarda keraksiz amallarni bajarishdan voz kechib, kerakli jarrohlik amalini aniq rejalashtiradi.
Bundan tashqari, KT tekshiruvi burun yondosh boʻshliqlari oʻsmalarini, patologik jarayonning tarqalish darajasini va qaytalanuvchi yalligʻlanish jarayonining sabablarini aniqlashga hamda rinogen koʻz kosasi va kalla ichi asoratlarini oldini olishga yordam beradi.