Difteriyada rivojlangan angina yoki halqum difteriyasi tanglay murtaklari va ogʻizhalqum shilliq pardasida, ya ʼni infeksiya kirish maydonida, fibrinli karash hosil boʻlishi bilan kechgan oʻtkir yuqumli kasallik.
Etiologiyasi. Kasallikni tashqi muhitga chidamli difteriya tayoqchasi (Corynebacterium diphteriae) koʻzgʻatadi. Infeksiya asosan havo-tomchi yoki kontakt yoʻl orqali tarqaladi. Yashirin davr 2-7 kun davom etadi. Difteriya kattalarga nisbatan bolalarda koʻproq uchraydi.
Klinik belgilari. Kasallik oʻtkir boshlanib, bemorning tana harorati koʻtariladi. Difteriyaning klinik kechimi xilma-xil boʻlganligi sababli, kasallikning quyidagi shakllari tafovut qilinadi:
mahalliy shakli: karashli, orolchali, kataral;
halqum, burun va hiqildoqni zararlanishi bilan kechuvchi tarqoq difteriya;
toksik shakli: gemorragik va gangrenozli difteriya.
Difteriyaning mahalliy shakli – eng koʻp uchrab, 70-80% ni tashkil qiladi. Jarayon chegaralangan maydonni qamrab oladi, organizmning umumiy zaharlanish belgilari bosh ogʻriqi, holsizlik, ishtahani pasayishi, boʻgʻim va mushaklarni ogʻrishi bilan namoyon boʻladi. Dastlabki soatlarda bemorni tomogʻi ogʻrishi bezovta qiladi, ikkinchi kuni – ogʻriq ancha zoʻrayadi, nutqi noaniq boʻlib, ogʻizdan yoqimsiz hid keladi. Tana harorati balandligiga qaramasdan bemoming yuzi rangpar boʻladi (lakunar va follikulyar anginada bemorning ikki yuzi odatda qizil, lablari quruq boʻladi). Mahalliy limfa tugunlar biroz kattalashib, ogʻriydi. Faringoskopiyada murtaklarning va tanglay ravoqchalarining koʻkimtir qizarishi va shishi, lakunalar sohasida (orolcha shaklida) va murtaklarning tomoq yuzasida (karash shaklida) kulrang-oqish qalin karashlar koʻrinadi. Karashlar sargʻish yoki yashil boʻlib, tanglay ravoqchalari, yumshoq tanglay, tilcha va halqumning orqa devorida joylashadi. Difteriyaning kataral shaklida karash kuzatilmasligi ham mumkin
Halqum difteriyasining tarqoq shakli 3-5% hollarda uchraydi va karashni burunhalqum, burun, hiqildoq va traxeyaning shilliq pardasiga tarqalishi bilan kechadi. Bemorda pastga tarqaluvchi hiqildoq torayish hollari rivojlanishi mumkin. Bemorda zaharlanish belgilari ancha keskin namoyon boʻlib, tana harorati 39 0 C ga koʻtariladi, tomogʻi ogʻrib, yutinganda ogʻriq zoʻrayadi. Bundan tashqari bemorda taxikardiya, aritmiya, qon bosimini pasayishi, es-hushni xiralashishi kabi belgilar kuzatiladi.
Difteriyaning toksik shakli kam uchraydi. Kasallik oʻtkir boshlanib, bemorning tana harorati 40 0 C ga koʻtariladi, halqum shilliq pardasining va buyin teri osti yogʻ toʻqimasining shishi erta paydo boʻladi. Bemorni tomogʻi ogʻrib, yutinganda ogʻriq zoʻrayadi, nafas olishi qiyinlashadi. Keyingi bosqichlarda yumshoq tanglay falaji rivojlanib, yumshoq tanglayning harakati buzilib, bemor yutinganda ovqat parchalari burun boʻshligʻiga kiradi, bemorda manqalanish yuzaga keladi. Mahalliy limfa tugunlar kattalashib, parafarengial, jagʻ osti va boʻyin toʻqimalarining shishi bilan birga kechadi. Shish oʻmrov suyagi va hatto kovurgʻalargacha pastga tarqalishi mumkin. Ayrim hollarda klinik manzarada gemorragik diatez (gemorragik difteriya) belgilari etakchilik qilib, burundan,yuqori nafas yoʻllaridan qon ketishi, teri ostiga qon quyulishi belgilari kuzatilishi mumkin.
Tashxis. Anginalarning barcha shakllari difteriyaga shubha tugʻdirishi kerak. Difteriya ga xos kulrang – oqish yoki sargʻish-kulrang karash kasallikning ikkinchi kuni oxirida paydo boʻladi. Qalin karash qiyinchilik bilan olinib, predmet oynachasi orasiga qoʻyib siqilganda ezilmay, oʻz holatiga qaytadi, suyuqlikda choʻkadi. Karash olingan joyda u qayta hosil boʻladi. Zararlangan maydondan olingan surtmaning bakteriologik tekshiruvi tashxisni tasdiqlaydi. Karashning chetidan olingan surtma yoki karash parchasida 75-80% hollarda Lyoffler tayoqchasi aniqlanadi.
Difteriyaning asoratlari ham kasallikning ogʻir kechimi bilan birga zoʻrayib boradi. Eng ogʻir va eng koʻp uchraydigan asorat – bu miokardit. Yumshoq tanglayning pereferik falaji (sayyor va tilhalqum asab tolasi halqum shoxchalarining zararlanishi) bir yoki ikki tomonlama boʻlishi mumkin. Kamdan-kam hollarda oyoqlarning va diafragmaning periferik falajlari, bolalarda esa hiqildoq torayishi (difteriya krupi) rivojlanishi mumkin.
Qiyosiv tashxis. Difteriya keskin rivojlangan zaharlanish belgilari, adinamiya va tana haroratini past boʻlishi, faringoskopiya manzarasi va boshqa belgilari bilan oʻtkir birlamchi tonzillitdan (xususan, lakunar anginadan) farq qiladi.
Davolash. Difteriya, ayniqsa uning toksik shakli aniqlangan bemor darhol yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilib, sanitariya-epidemiologiya boʻlimiga shoshilinch xabar yoʻllanadi. Difteriyaga qarshi antitoksik zardob infeksiya oʻchogʻidagi va qondagi zaharli moddalarni neytrallash xususiyatiga ega boʻlib, hujayralar bilan birikkan zaharli moddalarga taʼsir koʻrsatmaydi. Shu sababdan difteriyaga qarshi zardobni erta qoʻllash lozim.
Zardob Bezredko usulida yuboriladi. Toʻliq davolash miqdorini yuborishdan 1 soat oldin anafilaktik shokni oldini olish maqsadida teri ostiga 0,5 ml zardob yuboriladi. Difteriyaninng mahalliy shaklida 10000-30000 AE, 1-2 kundan soʻng yana 5000 AE zardob yuboriladi. Difteriyaning tarqoq shaklida zardobning dastlabki miqdori 30 000 – 40 000 AE, keyingisi -10 000 AE ni tashkil qiladi. Difteriyaning toksik shaklida zardobning umumiy miqdori 100 000-200 000 AE ga etadi.
Bemorga detoksikatsiya va simptomatik vositalar, vitaminlar buyuriladi. Ikkilamchi asoratlarni oldini olish maqsadida antibiotikoterapiya va antigistamin dori vositalari tavsiya etiladi. Hozirgi kunda davolashda noxush taʼsiri kamaytirilgan “diaferm”- tozalangan zardob qoʻllanilmoqda.
Difteriyani boshidan kechirgan bemorlarning 5-10% batsilla tashuvchi boʻlib qoladi va atrofdagilar uchun xavfli hisoblanadi. Burun va tomoq surtmasi tekshiruvida uch marta manfiy natija olinganda bemor batsilla tashuvchi emas deb hisoblanadi.