Paratonzillit (paratonsillitis) – paratonzillyar (murtak atrofi) toʻqimasining, yaʼni murtak qobigʻi va halqum fassiyasi oraligʻi yumshoq toʻqimasining oʻtkir yallig^lanishi. 80% hollarda kasallik surunkali tonzillit bilan ogʻrigan bemorlarda anginaning asorati sifatida rivojlanadi.
Patogenezi. Infeksiyani murtaklardan murtak atrofi toʻqimasiga tarqalishiga murtak kriptalari chuqurroq (qobigʻiga yaqin) joylashganligi sabab boʻladi. Murtakning yuqori choʻqqisida infeksiya oʻchogʻi ayniqsa keskin rivojlangan boʻladi (murtakning ushbu maydoni kapsulaga ega emas). Baʼzan murtak usti chuqurchasida tanglay murtagining qoʻshimcha boʻlagi boʻlib, u tonzillektomiyada olinmay qoldirilganligi shu maydonda hoʻppoz rivojlanishiga qulay sharoit yaratadi. Bundan tashqari, paratonzillyar hoʻppozni paydo boʻlishiga turli jarohatlar yoki yuqumli kasalliklar sabab boʻladi, bunda infeksiya gematogen yoʻl orqali tarqaladi.
Paratonzilitning rivojida 3 bosqich tafovut qilinadi.
shish bosqichi;
infiltratsiya bosqichining 3-4- kuni yiring paydo boʻlishi;
hoʻppoz bosqichi.
Klinik belgilari. Paratonzillit koʻpincha bir tomonlama xarakterga ega. U odatda anginadan yoki surunkali tonzillitning xurujidan soʻng sogʻayish davrida rivojlanadi (bir tomonlama keskin ogʻriqni paydo boʻlishi asorat rivojlanganligidan darak beradi).
Paratonzillit turli maydonlarda joylashishi mumkin:
old-yuqori (supratonzillyar) hoʻppoz murtak yuqori choʻqqisining yonida, murtak qobigʻi va tanglay-til (old) ravoqchasining yuqori qismi orasida;
orqa paratonzillyar hoppoz murtak va tanglay-halqum (orqa) ravoqchasi orasida;
pastki paratonzillyar hoʻppoz murtakning pastki choʻqqisi va halqum yon devori orasida;
yonbosh (tashqi) hoʻppoz murtakning oʻrta qismi va halqum yon devori orasida joylashadi.
Supratonzillyar hoʻppoz birinchi oʻrinni egallab,70% hollarda uchraydi, undan keyin orqa para-
tonzilyar hoʻppoz – 16%, pastki paratonzillyar hoʻppoz – 7% va yonbosh paratonzillyar hoʻppoz – 4% hollarda uchraydi.
Old-yuqori paratonzillyar hoʻppoz trizm, quloq sohasiga tarqalgan ogʻriq, tanglay murtagini pastga, ichkariga va orqaga siljishi, yumshoq tanglay va old ravoqcha sohasiga tarqalgan infiltratsiya, manqalanish belgilari bilan kechadi.
Orqaparatonzillyar hoʻppozda odatda yengil trizm, quloq sohasiga tarqalgan kuchli ogʻriq, tanglay murtagini tashqariga va oldinga siljishi, yumshoq tanglay shishi va infiltratsiyasi kuzatiladi.
Pastki paratonzillyar hoʻppoz trizm, quloq sohasiga tarqalgan kuchli ogʻriq (tilni harakatida ogʻriq kuchayadi), infiltratsiya jarayonini old ravoqchaning pastki boʻlimiga, baʼzan hiqildoqhalqumning yon devoriga tarqalishi bilan namoyon boʻladi.
Yonboshparatonzillyar hoʻppozda bemorning umumiy ahvoli ogʻir, yutinganda quloq sohasiga tarqalgan kuchli ogʻriq, trizm, tanglay murtagini ichkariga siljishi, halqum yon devorining infiltratsiyasi, tana haroratini koʻtarilishi kuzatiladi.
Klinik belgilari. Paratonzillit umumiy va mahalliy belgilar bilan kechadi. Umumiy belgilar bemorning nisbatan ogʻir ahvoli, tana haroratining 39-400C ga koʻtarilishi, holsizlik, uyquni buzilishi, ovqat va soʻlakni yutolmaslik bilan ifodalanadi.
Halqum va qisman buyin mushaklarining yalligʻlanishi va boʻyin limfadeniti tufayli bemor boshini harakatlantirganda keskin ogʻriq paydo boʻladi, shuning uchun u boshini yon tomonga egib turishga majbur boʻladi, yon tomonga esa butun gavdasini burib qaraydi.
Mahalliy belgilarga quloq va tishlarga tarqalgan kuchli ogʻriq, bemor ovqatdan va suyuqlik ichishdan bosh tortadi, ogʻzining burchagidan soʻlak oqadi, turli darajali trizm (chaynov mushaklarining tonik qiskarishi) qayd etiladi. Bemor ogʻzini faqat 1-2 sm ga ochish imkoniga ega xolos, shuning uchun faringoskopiyani bajarish ancha qiyinlashadi. Trizmni paydo boʻlishi mushaklar fassiyasi yalligʻlanishini va jarayon hoʻppoz bosqichiga aylanganligini bildiradi. Tanglay mushaklari nimfalajida ochiq manqalanish va ichgan suyuqlikni burun boʻshligʻiga kirishi belgilari kuzatiladi. Mahalliy limfa tugunlar kattalashib, zararlangan tomonda ogʻriydi, pastki jagʻ burchagi koʻpincha paypaslanmaydi. Qonda leykotsitoz 10,0-15,0 . 109 /l, qon formulasining chapga siljishi, ECHT oshishi kuzatiladi.
Kasallikning 4-6 – kuni hoʻppoz oʻz-oʻzidan ochilishi mumkin. Shundan soʻng bemorning ahvoli yaxshilanib, tana harorati pasayadi. Ammo qator hollarda, hoʻppozni yonbosh joylashuvida, jarayon parafaringeal boʻshliq ichiga tarqalib, parafaringeal hoʻppozni rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
Faringoskopiya manzarasi infiltratni joylashuviga bog liq bo ladi. Ho ppozning old-yuqori joylashuvida murtakning yuqori choʻqqisi sohasida keskin sharsimon boʻrtish hosil boʻlganligi va u tanglay ravoqchalari va yumshoq tanglay bilan birga oʻrta chiziq tomon, tilcha esa qarama-qarshi tomonga siljiganligi koʻrinadi. Orqa joylashuvda tanglay-halqum ravoqchasi va halqumning yon devori sohasida keskin shish paydo boʻlganligi, tanglay murtagi va tilcha shishgan va orqaga siljiganligi koʻrinadi. Paratonzillitning pastki joylashuvida shish hiqildoqning yuqori boʻlimlariga tarqalishi va yorigʻini toraytirib, nafas olishni qiyinlashtirishi mumkin. Bu holda faringoskopiya manzarasida ravoqchalarning pastki qismi, murtaklarning pastki choʻqqisi va til negizi sohasining shishi va infiltratsiyasi koʻrinadi (134-rasm).
Tashxis bemor shikoyatlari kasallik boshlanishi, klinik belgilar va faringoskopiya manzarasi asosida qoʻyiladi. Noaniq hollarda shish yoʻgʻonroq nina yordamida teshib koʻriladi. Oʻtkir paratonzillyar hoʻppozni toksik difteriya, tanglay murtagining xavfli oʻsmasidan farqlash lozim.
Toksik difteriya toʻsatdan boshlanadi; tashqisni aniqlashda epidemiologik holat muhim ahamiyatga ega; bunda bemorda adinamiya, holsizlik kuzatilib, tana harorati 39-400C ga koʻtariladi; tanglay murtaklari shishib, qalin, yashil, shilliq qavatga singib ketgan karash bilan qoplanadi, karash qiyinchilik bilan olinib, ostida qonaydigan yarali maydon qoladi; karash odatda ravoqchalarga va yumshoq tangning orqa yuzasiga tarqaladi; karash suvda erimaydi va choʻkadi, predmet oynachasi bilan ezganda ezilmaydi. Bemorda boʻyin toʻqimalarining shishi, uni boʻyin va koʻkrak qafasining yuqori qismiga tarqalishi, asab va yurak-qon tomir tizimlarining zararlanish belgilari (tomir urishi ipsimon, qon bosimini pasayishi, ekstrasistoliya, uyquchanlik) kuzatiladi; mahalliy limfa tugunlar biroz kattalashib, ogʻriydi. Davolashda difteriyaga qarshi zardob yaxshi samara beradi.
Murtakning xavfli oʻsmasida (saraton, sarkoma) tanglay murtagi kattalashib, yuzasi qattiq, gʻadir-budir boʻladi; bemorning tana harorati meʼyorda boʻlib, tomogʻi ogʻrimaydi; kasallik 3 hafta-dan ortiq davom etadi; zararlangan tomonda mahalliy limfa tugunlar kattalashadi.
Davolash tadbirlari paratonzillitning bosqichiga bogʻliq boʻladi. Bemorning tomogʻiga issiq boylam qoʻyilib, tomogʻini antiseptik eritmalar bilan 4-6-marta chayish tavsiya qilinadi. Paratonzillitning shish va infiltrativ bosqichlarida unga asosan penitsillin, sefalosporin qatoriga mansub antibiotiklar va makrolidlar (fenoksimetilpenitsillin, ampitsillin, sefazolin, klaforan, oleandomitsin, klaritromitsin va boshq.), dezintoksikatsiya va antigistamin dori vositalari, tana haroratini tushurish,ogʻriqsizlantirish, tinchlantirish va yurak faoliyatini yaxshilash tadbirlari buyuriladi. Ogʻir hollarda infuzion terapiya oʻtkaziladi.
Ayrim hollarda paratonzillyar hoʻppozni infiltratsiya bosqichida ochish yaxshi natija beradi, chunki bunda patologik ajralma chiqishi yaxshilanib, jarayonni yiringli bosqichiga oʻtishining oldi olinadi.
Paratonzillit hoʻppozga aylangan hollarda hoʻppoz sohasi teshib koʻriladi, keyin hoʻppoz oʻchogʻi shoshilinch jarrohlik amali yordamida ochilib, bir vaqtning oʻzida yalligʻlanishga qarshi davolash tadbirlari olib boriladi. Odatda bu kasallikning 3-6- kuniga toʻgʻri keladi. Paratonzillyar hoʻppoz oʻchogʻi 2% dikain, 1% promekain, lidokain yoki 0,5-1% novokain eritmalari yordamida bajarilgan mahalliy aplikatsion yoki infiltratsion ogʻriqsizlantirishdan keyin ochiladi; jarrohlik amalini bajarishdan oldin mushak orasiga 2 ml 50% analgin yoki 1ml 2% promedol yuboriladi.
Yiringli oʻchoqni oʻz-oʻzidan ochilishini kutish qatʼiyan man etiladi!
Odatda hoʻppoz toʻqimaning eng boʻrtgan maydonida ochiladi. Bu maydonni aniqlash qiyin boʻlgan hollarda old-yuqori paratonzillyar hoʻppoz xayolan oʻtkazilgan ikki chiziqning oʻzaro kesishgan nuqtasida, yaʼni sogʻlom tomonda oxirgi yuqori oziq tish va tilcha asosining oʻrtasidan (yuqori oziq tishlar boʻlmagan hollarda tilcha asosidan) oʻtkazilgan gorizontal hamda til-tanglay (old) ravoqchaning pastki qismidan yuqori tomonga qarab oʻtkazilgan vertikal chiziqlarning oʻzaro kesishgan nuqtasida ochiladi. Toʻqima bir marta ishlatiladigan tigʻ yordamida sagital yoʻnalishda 0,5-1,0 sm chuqurlikda kesiladi. Oʻrtacha oʻlchamli oʻtkir uchli Koxer qisqichi yordamida kesim kengaytiriladi va yiringli toʻplam chiqariladi. Yiringli ajralma chiqarilgandan soʻng bemorga ogʻizni 0,1% kaliy permanganat, furatsilin, 2% ichimlik sodasi yoki 3% vodorod peroksidi eritmalari bilan bir necha bor chayish buyuriladi. Yiringli ajralma toʻliq chiqarilmagan va bemorning umumiy holati yengillashmagan hollarda jarohat maydoni bir sutkadan keyin takroran kengaytiriladi.
Orqa paratonzillyar hoʻppoz orqa ravoqchaning eng boʻrtgan maydonida, chuqurligi 0,5-1 sm vertikal kesim yordamida ochiladi.
Pastki va yonbosh paratonzillyar hoʻppozlar dastlab teshib koʻrilgach, keyin ochiladi. Anamnez maʼlumotlarida anginalarni tez-tez takrorlanib turishi, jarayonni uzoq vaqt davom etishi, hoʻppozlarni ochish ijobiy natija bermasligi, sepsis, parafaringit, boʻyin flegmonasi, mediastinit belgilarini paydo boʻlishi tonzillektomiya jarrohlik amalini bajarishga koʻrsatma boʻlib xizmat qiladi.
Murtak atrofining yumshoq toʻqimalari 1% novokain yoki trimekain yordamida ogʻriqsizlantirilgandan soʻng trizm kamayib, zararlangan maydonni koʻzdan kechirish osonlashadi. Tonzillektomiya jarrohlik amali umumiy yoki mahalliy ogʻriqsizlantirish ostida bajariladi. Tanglay-til va tanglay-halqum ravoqchalari murtakning yuqori choʻqqisidan toʻliq ajratilgandan soʻng dastlab hoʻppoz oʻchogʻi ochiladi, keyin qolgan maydonlar ajratiladi va murtakning pastki choʻqqisi taftish qilinadi.