Retrofaringial hoʻppoz (halqum orti hoʻppozi) – halqum mushaklari fassiyasi va boʻyin fassiyasining umurtqa oldi plastinkasi orasida joylashgan limfa tugunlar va yumshoq toʻqimasining yiringliyalligʻlanishi. Ushbu sohada limfa tugunlar va yumshoq toʻqima 4 yoshgacha boʻlgan bolalarda yaxshi rivojlangan boʻladi.
Patogenezi. Kasallik koʻpincha raxit, ekssudativ diatez yoki gipotrofiya bilan ogʻrigan, immuniteti sust yosh bolalarda koʻproq uchraydi. Kasallikning rivojlanishiga yuqumli kasalliklar (oʻtkir respirator virusli va boshqa yuqumli kasalliklar, oʻtkir adenoidit, oʻtkir oʻrta otit), halqum orqa devorining jarohati sabab boʻladi.
Klinik belgilari. Kasallik toʻsatdan, baʼzan asta-sekin boshlanadi.Bemorning tomogʻi ogʻriydi, yutinganda ogʻriqni kuchayishi tufayli bola ovqatlanishdan bosh tortadi, yigʻlaydi, bezovtalanib, uyqusi buzilib, ogʻzidan soʻlagi oqib, xirillab nafas oladi. Tana harorati 39-40 0 C gacha koʻtariladi. Bola boshini orqaga va yalligʻlangan tomonga egib turadi. Boʻyin limfa tugunlari kattalashib, ogʻ-riydi. Qonda leykotsitoz 10,0 – 20,0 . 10 9 /l, ECHT 40 mm/soatga etadi. Kasallik 7- 8 kun, baʼzan undan ortiq vaqt davom etadi.
Halqum orti boʻshligʻining hoʻppozi halqumning qaysi boʻlimida joylashganligiga qarab turli klinik belgilar bilan namoyon boʻladi:
Hoʻppoz ogʻizhalqum sohasida joylashganda faringoskopiyada ogʻizhalqum orqa devorining oʻrtasida oʻng yoki chap,baʼzan ikki tomonda toʻq qizil boʻrtish koʻrinadi
Hoʻppoz burunhalqum sohasida joylashganda bemorda burun orqali nafas olishni keskin buzilishi, yopiq manqalanish kuzatilib, burnidan koʻp miqdorda shilimshiq ajralma oqadi; faringoskopiyada yumshoq tanglay oldinga siljigan, halqumning orqa devorida yumshoq boʻrtish hosil boʻlganligi koʻrinadi.
Hoʻppoz hiqildoqhalqum sohasida joylashganda bemor xirillab qiynalib nafas oladi, yutinishi ham qiyinlashib, boshini majburiy holatda orqaga tashlab turadi. Ogʻzidan koʻp miqdorda soʻlak oqib, til negizi oldinga siljitilganda yoki hiqildoqhalqum sohasi paypaslanganda uning orqa devorida yumshoq shish borligi aniqlanadi.
Yosh bolalarda nafas harakatlarini reflektor toʻxtashini oldini olish maqsadida halqumni barmoq yordamida tekshirish va til negizini tortish chaqqonlik va ehtiyotkorlik bilan bajarilishi lozim.
Til negizini kuch bilan bosish man etiladi!
Retrofaringeal hoʻppozni hiqildoqhalqum yot jismi va boʻyin spondilitidan farqlash lozim. Bunga anamnez maʼlumotlari va G.M.Zemtsov boʻyicha boʻyin sohasini rentgenografiya tekshiruvi yordam beradi.
Tashxis kasallikning boshlanishi, bemor shikoyatlari, faringoskopiya, orqa rinoskopiya, laringoskopiya, shprits yordamida teshib koʻrish, rentgenografiya, KT, MRT va laboratoriya tekshiruvlarining natijalari asosida qoʻyiladi.
Davolash. Bemorga yalligʻlanishga qarshi va infuzion terapiyani buyurish bilan birga shoshilinch ravishda jarrohlik amali bajarilishi lozim.
Hoʻppoz ogʻizhalqum ortida joylashganda yiringli oʻchoq mahalliy va umumiy endotraxeal ogʻriqsizlantirish ostida ogʻiz orqali ochiladi. Bemorda shok holatini va nafasni toʻxtab qolishini oldini olish maqsadida mushak orasiga 50% analgin va 0,1% atropin eritmalari yuboriladi. Bemor kursiga oʻtqizilgandan soʻng tili shpatel bilan asta bosilib, keyin ogʻizhalqum orqa devorining eng boʻrtgan joyiga shprits yordamida uzun yoʻqon nina sanchilib, yiringli ajralma soʻrib olinadi va koʻzdan kechiriladi.
Keyin uchidan 0,5 sm qoldirib uchiga steril leykoplastir oʻralgan oʻtkir tigʻ yordamida hoʻppoz maydoni vertikal oʻrta chiziq boʻylab kesiladi. Hoʻppoz oʻchogʻi ochilganda yiringli ajralma bir zumda ogʻizhalqumni toʻldiradi, shuning uchun uni chaqqonlik bilan elektr soʻrgʻich yordamida soʻrib olish yoki bemorni boshini tezda pastga egib, ogʻzi ostiga chayindi suvlar uchun buyraksimon tozcha qoʻyiladi, tomogʻi rezina ballonchaga soʻrib olingan 2% ichimlik soda yoki gipertonik eritma bilan chayiladi.
Hoʻppoz burunhalqum ortida joylashganda yumshoq tanglay koʻtarilib, hoʻppoz oʻchogʻi dastlab teshib koʻriladi. Yiringli ajralma mavjud boʻlgan hollarda u elektr soʻrgʻich bilan soʻrib olinadi, keyin hoʻppoz oʻchogʻi pastdan yuqoriga qarab kesiladi.
Hoʻppoz oʻchogʻi hiqildoqhalqum ortida joylashganda chap qoʻlning koʻrsatkich barmogʻi hiqildoqhalqumga kiritilgan holda yiringli oʻchoq barmoq boʻylab teshib koʻriladi, yiringli toʻplam mavjud boʻlganda u shpris bilan soʻrib olinadi, keyin hoʻppoz maydoni yuqoridan pastga qarab kesiladi.
Yirik hoʻppozlarda yoki til shpatel bilan qattiq bosilganda bemorda nafas harakatlarini toʻxtab qolishi kuzatilishi mumkin. Bunday hollarda hoʻppoz maydoni dastlab teshib koʻrilib, nafas harakatlari tiklangandan keyingina ochilishi lozim.
Yiringli jarayon boʻyinning orqa-yon yuzi va mushak ostiga tarqalganda, hamda hoʻppoz oʻchogʻini ogʻiz orqali ochish imkoni boʻlmaganda retrofaringial hoʻppoz mushakning orqa cheti orqali ochiladi; bunda mushak yuqori boʻlagining terisi, teri osti yogʻ qatlami va boʻyin fassiyasi kesilib, ilgak yordamida mushak chetga tortiladi va oʻtmas usulda boʻyin umurtqalarining old yuzi va yiring qopchasi ochiladi. Zarurat tugʻilganda jarrohlik amalidan oldin bemorga intubatsiya yoki traxeostomiya amallari bajariladi. Jarrohlik amali bilan birga yalligʻlanishga qarshi, desensibilizasiya, dezintoksikatsiya, vitaminlar, immunitetni oshirish, simptomatik davolash tadbirlari oʻtkaziladi.
Tonzillogen mediastinit juda kam uchraydi va yuqorida qayd etilgan asoratlarda yiringli jarayonni boʻyinning asab, qon tomir yoʻllari orqali koʻks oraligʻiga tarqalishi natijasida rivojlanadi. Bunda boʻynning yon tomonida ogʻriqli shish paydo boʻladi.
Davolash. Parafaringeal hoʻppoz mediastinit asorati bilan kechganda halqum atrofi boʻshligʻi tashqi tomondan ochiladi (tashqi usul). Bunda teri toʻsh-oʻmrov-soʻrgʻichsimon mushagining old cheti boʻylab kesiladi. Keyin pastki jagʻ burchagi sohasida toʻqimalar parafaringeal boʻshliqgacha qavatma-qavat ochilib, yiringli uchoq kengaytiriladi. Yiring chiqarilgandan keyin boʻshliq antibiotik eritmalari bilan yuvilib, rezina chiqargich oʻrnatiladi. Jarohat maydoniga boylam qoʻyiladi va kuniga ikki mahal almashtiriladi. Bu usul koʻks oraligʻining boʻyin qismini koʻzdan kechirish imkonini beradi. Jarrohlik amalidan soʻng bemorga antibiotiklar va simptomatik terapiya buyuriladi.
Ogʻir hollarda bemorga jarroh maslahati uyushtirilib, zarur boʻlsa mediastinotomiya jarrohlik amali bajariladi.
Tonzillogen sepsis. Angina va paratonzillitning asorati boʻlgan tonzillogen sepsis hozirgi kunda juda kam uchraydi, lekin kasallik juda ogʻir kechadi. Bemoming tana harorati keskin koʻtarilib, koʻzlari sargʻayib, qaltirash, holsizlik kuzatiladi, uning boshi, boʻgʻimlari, mushaklari ogʻriydi, mahalliy limfa tugunlari kattalashib, paypaslanganda ogʻriydi, baʼzan ichki boʻyinturuq vena sohasi ogʻrishi mumkin. Bemorning terisida gemorragik toshma, turli aʼzolarida metastatik yiringli oʻchoqlar paydo boʻladi. Mahalliy limfa tugunlar, taloq va jigar kattalashadi.
Qon tahlilida kamqonlik, leykotsitoz (20-30 10 9 /l), neytrofilyoz (80-90%), limfopeniya (5- 15%), EchT ni oshishi (45-60 mm/soat), streptokokk, stafilokokk bakteriyalar aniqlanadi.
Davolash. Tonzillogen sepsisni davolashda kuchli antibiotikoterapiya oʻtkaziladi, infeksiya oʻchoqlari bartaraf qilinib, yalligʻlangan murtaklar olib tashlanadi. Davolash tadbirlari samara bermagan hollarda yalligʻlangan tomonda quyidagi jarrohlik amali bajariladi: umumiy yuz venasi ichki buyinturuq venaga tutashgan joyda jarrohlik amali oʻtkazilib, venalar koʻzdan kechiriladi. Yuz va buyinturuq venalaridagi tromb olib tashlanadi, yalligʻlangan va kattalashgan limfa tugunlar kesilib, parafaringeal boʻshliq ichiga rezina chiqargich kiritiladi. Jarrohlik amali baʼzan ikki tomonda bajariladi.