Hiqildoqning eng tor oʻrta boʻlimi -ovoz burmalari (plicae vocalis) va ovoz yorigʻi (rima glottidis) dan hosil boʻlgan. Ovoz burmalari qalqonsimon togʻay plastinkasining old birikmasi va choʻmichsimon togʻaylarning ovoz oʻsiqlari orasida joylashib, ovoz mushagi, elastik va pay tolalaridan tuzilgan. Ovoz burmalarining uzunligi erkaklarda 18-25 mm, ayollarda – 14-21 mm teng. Ovoz yorigʻi parda oraligʻi (pars intermembranacea) va togʻay oraligʻi qismlariga (pars intercartilaginea) boʻlinadi. Birinchi qismi ovoz burmalari, ikkinchi qismi – choʻmichsimon togʻaylarning ovoz oʻsiqlari bilan chegaralangan.
Ovoz burmalari ostida burma osti boʻshligʻi (cavitas infraglottica), yaʼni hiqildoqning pastki qavati joylashgan. Ushbu maydonning shilliq pardasi yumshoq toʻqima va limfa tugunlarga juda boy boʻlib, yalligʻlanish yoki boshqa omillar taʼsirida tez shishadi.
Hiqildoqning yuqori boʻlimi – dahlizi – hiqildoq usti qopqogʻi, choʻmichhiqildoq usti burmalari, choʻmichsimon togʻaylar bilan chegaralangan boʻlib, dahlizning juft burmalari (plicae vestibulares) va hiqildoq qorinchalari (ventriculus laringis) dan iborat. Dahliz burmalari ovoz burmalarining ustida joylashib, yumshoq biriktiruvchi toʻqima, bez va mushak tolalardan iborat. Hiqildoq qorinchalari dahliz va ovoz burmalari orasida joylashgan boʻlib, limfoid toʻqima toʻplamiga ega. Bolalarda bu qorinchalar yaxshi rivojlangan boʻlib, qalkonsimon togʻayning yuqori chetiga, baʼzan til ildizining oʻrtasigacha davom etadi. Hiqildoq qorinchalarida baʼzan havoli kista hosil boʻlishi mumkin (laringotsele ).