Gʻalvirsimon boʻshliqlar (sinus ethmoidaliyes) bir-biridan yupqa suyak plastinkalari bilan ajralgan va shilliq parda bilan qoplangan oʻzaro bogʻliq alohida katakchalardan iborat. Katakchalarning soni, hajmi va joylashuvi turlicha boʻlib, har ikki tomonda ularning soni 8-10 taga etadi. Har ikki tomonda gʻalvirsimon labirint yagona gʻalvirsimon suyakdan iborat boʻlib, yuqorida peshona, orqadan ponasimon, tashqaridan yuqori jagʻ boʻshliqlari bilan chegaralangan. Gʻalvirsimon boʻshliqning tashqi devori koʻz kosasining qogʻozsimon plastinkasi boʻlib, u boʻshliq katakchalarini koʻz kosasidan ajratib turadi. Ichki devori burun boʻshligʻining tashqi devorini hosil qilishda ishtirok etadi. Gʻalvirsimon boʻshliq katakchalarining yuqori devori kalla suyagining old chuqurchasi yonida joylashgan gʻalvirsimon plastinka (lamina cribrosa) bilan chegaralangan. Chaqaloqlarda gʻalvirsimon boʻshliq toʻliq shakllangan boʻladi.
Gʻalvirsimon boʻshliq katakchalarining shilliq osti pardasi juda yumshoq boʻlib, yalligʻlanganda burun boʻshligʻida polipga oʻxshab osilib turadi.
Gʻalvirsimon boʻshliq katakchalari oʻrta burun yoʻliga ochilgan old va yuqori burun yoʻliga ochilgan orqa katakchalarga boʻlinadi.
Gʻalvirsimon boʻshliqlarning oʻziga xos anatomik-topografik xususiyatlari patologik jarayonni koʻz kosasi, kalla ichi, koʻrish asab tolasiga tarqalishiga yordam beradi