Tashqi eshituv yoʻli (meatus acusticus externus) quloq suprasi boʻshligʻining bevosita davomi boʻlib, uzunligi 2,5 sm, diametri 0,7- 0,9 sm ga teng. U oʻrta va tashqi quloqni bir-biridan ajratib turuvchi nogʻora parda oldida tugaydi. Tashqi eshituv yoʻli 2 qismdan iborat: tashqi togʻay-parda va ichki suyak qismlari (2-rasm).
Togʻay-parda qismi tashqi eshituv yoʻlining 2/3 qismini tashkil qilib, quloq suprasi togʻayining davomi uning asosini tashkil qiladi. Bu erda u orqaga va yuqoriga ochilgan novsimon shaklga ega.Tashqi eshituv yoʻlining togʻay-parda qismida vertikal joylashgan va fibroelastik toʻqima bilan yopilgan Santorini tirqishlari (incisurae Santorini) mavjud, shuning uchun tashqi eshituv yoʻlining parda qismi oson siljiydi va tortganda yoki nogʻora pardani quloq voronkasi yordamida koʻzdan kechirganda kengayadi. Santorini tirqishlari sohasida tashqi eshituv yoʻli quloq oldi soʻlak bezi bilan chegaradosh, shuning uchun yalligTamsh jarayoni tashqi quloqdan quloq oldi beziga tarqalishi mumkin. Togʻay-parda qismining yorigʻi suyak qismiga oʻtish joyida ancha torayadi (istmus).
Togʻay-parda qismi terisining qalinligi 1-2 mm, bu qism tuklar, yogʻ va quloq kirini ishlab chikaruvchi serumenal bezlarga boy boʻladi. Yogʻ va serumenal bezlar ajralmasi hamda koʻchgan epidermis toʻplami quloq kirini (chirk) hosil boʻlishida qatnashadi. Quloq kiri qurib, chaynash harakatida tashqi eshituv yoʻli togʻay-parda qismining tebranishi hisobiga tashqariga koʻproq ajraladi. Suyak qismining terisida tuklar va chirk ishlab chiqaruvchi bezlar boʻlmaydi, u suyak usti pardasiga zich yopishgan boʻlib, asta-sekin yupqalashib boradi (0,1 mm) va epidermis sifatida nogʻora pardaning tashqi qavatiga oʻtadi.
Tashqi eshituv yoʻlining togʻay-parda va suyak qismlari oʻzaro zich fibroz toʻqima bilan birikadi. Suyak qismi tashqi eshituv yoʻlining 1/3 qismini tashkil qiladi; uning old va pastki devori nogʻora suyagi, yuqori va orqa devori-chakka suyagining tangasimon qismi va soʻrgʻichsimon oʻsimtadan hosil boʻlgan. Suyak qismining taxminan oʻrtasida tashqi eshituv yoʻlining eng tor joyi – boʻyinchasi (istmus) joylashgan. Tashqi eshituv yoʻli gorizontal va frontal yoʻnalishlarda biroz qayrilgan, shuning uchun suyak qismi va nogʻora pardani koʻzdan kechirish paytida u quloq suprasini orqaga va yuqoriga tortish bilan toʻgʻrilanadi. Bolalar qulogʻini koʻzdan kechirish paytida quloq suprasi orqaga va pastga tortiladi. Tashqi eshituv yoʻlining suyak qismi egatcha (sulcus tympanicus) bilan tugaydi, nogʻora parda oʻzining pay halqasi (annulus tympanicus) yordamida shu egatchaga birikadi.
Tashqi eshituv yoʻlining old devori chakka-pastki jagʻ boʻgʻimi bilan yonma-yon joylashadi, bunda pastki jagʻ suyagining harakati uning togʻay-parda qismiga tarqaladi. Old devori sohasidagi yalligʻlanish jarayoni keskin ogʻriq bilan kechadi, ayniqsa pastki jagʻning harakatida ogʻriq kuchayadi. Bemor iyagi bilan yiqilganda tashqi eshituv yoʻlining old devori jarohatlanishi mumkin.
Tashqi eshituv yoʻlining yuqori devori ikki suyak plastinkasidan tuzilgan. Yuqori plastinka kalla oʻrta chuqurchasining tubini hosil qilishda ishtirok etsa, pastki plastinkasi – attic ning tashqi devori hisoblanadi. Jarrohlik amali paytida nogʻora usti boʻshligʻi shu devor orqali ochiladi. Kalla suyagi asosi shu sohada singanda tashqi eshituv yoʻlidan qon va miya suyuqligi oqadi.
Tashqi eshituv yoʻlining orqa devori soʻrgʻichsimon oʻsiqning old devorini tashkil qiladi. Klinik ahamiyati shundaki, tashqi eshituv yoʻli orqa-yuqori devorining qizarishi va osilib turishi soʻrgʻichsimon oʻsimta kataklarining yalligTamshidan darak beradi.Uning asosidan yuz asab tolasining (YII juft) pastga tushuvchi tissasi oʻtadi.
Tashqi eshituv yoʻlining pastki devori uni quloq oldi soʻlak bezidan ajratib turadi. Suyak qismida pastki devor yuqori devorga nisbatan 4-5 mm uzunroq boʻladi.