Burun boʻshligʻi endofotografiyasi – obyektiv tekshiruv usullaridan biri boʻlib, u olingan maʼlumotlarni hujjatlashtirish imkonini beradi. Bunday tekshiruv nafaqat statistik qaydnomani tuzish, balki dinamik kuzatuvni olib borish va erta tashxis qoʻyish maqsadida qoʻllaniladi. Burun boʻshligʻini tasvirga tushirish muolajasi endoskop yoki jarrohlik mikroskopiga oʻrnatilgan fotomoslama yordamida bajariladi. Endofotografiya usuli shilliq pardaning holatini, uning koʻzga ilinmas oʻzgarishlarini (polip, oʻsma, bitishmalarni) aniqlash imkonini beradi. Turli vaqtlarda bajarilgan tasvir qogʻozlarini taqqoslash patologik jarayonning kechimini baholash imkonini beradi, bu esa oʻsma jarayonining boshlangʻich bosqichlarini aniqlash uchun muhim ahamiyatga ega. Endofotografiya burun va burun yondosh boʻshliqlari kasalliklarining qiyosiy tashxisotida ham ahamiyatli. Jarrohlik mikroskopi orqali bajarilgan fototasvirlar fotoendoskop yordamida bajarilgan tekshiruvni ancha boyitadi. Tasvirga tushirish ishlari jarrohlik amalidan oldin, uning ayrim bosqichlarida va jarrohlik amalidan keyingi davrda bajariladi. Kichik kattalashtirish (5-marta) ostida olingan fototasvirlar ayniqsa aniq boʻladi. Ushbu tekshiruv burun boʻshligʻining chuqur boʻlimlarida, masalan xoanalarda, burun yondosh boʻshliqlarining tabiiy yoʻllarida bajarilgan jarrohlik amallarining samaradorligini baholashda ayniqsa keng qoʻllaniladi.
Rangli va rangsiz endo-va mikrofototasvirlar bolalar amaliyotida alohida ahamiyat kasb etadi, chunki bolada endoskopiya tekshiruvini takroran oʻtkazish ancha qiyin.
Masofali termografiya – bu burun yondosh boʻshliqlari sohasi teri qoplamlarining termografiya tekshiruvi boʻlib, bemorda bir necha bor oʻtkazilishi mumkin.