Burunning hid bilish faoliyati inson uchun juda muhim faoliyatlardan biri hisoblanadi. Uning yordamida inson atrof muhitning hidini, oziq-ovqat maxsulotlarining sifatini baholay oladi. Kirayotgan havoning hidini bilish qobiliyati organizmni tashqi muhitning zararli taʼsirlaridan himoya qiladi. Masalan, aynigan ovqat, havodagi zararli moddalarning hidi odamni hushyor tortishga va kerakli himoya choralarini koʻrishga undaydi.
Yuqori nafas yoʻliga havo oqimining faqat 0,01 yoki 0,001 qismi kirishiga qaramasdan hid bilish retseptori hidli moddaning juda kam miqdorini ilgʻab oladi. Retseptor boʻlimining oʻta sezgirligi tufayli inson 1:0,0000023 aralashma hidini bilish qobiliyatiga ega. (milliarddan 23 qismi)
Hid bilish analizatori kimyoviy sezgi aʼzolariga kiradi, hidli moddalarning yogʻda eruvchi molekulalari (odorivektorlar) uning adekvat qoʻzgʻatuvchisi boʻlib xizmat qiladi. Hid bilish refleksi asosan I va V juft bosh miya asab tolalari hamda vegetativ asab tizimi orqali amalga oshiriladi.
Hid bilish reseptorlarining 3 guruhi tafovut etiladi:
1) sof olfaktor;
2) sof trigeminal;
3) olfaktotrigeminal.
Burun orqali nafas olinganda hidli moddalar havo oqimi bilan burun boʻshligʻining yuqori qismi, yaʼni hid bilish maydoniga yetib boradi. hid bilish maydoni (region olfactoria) hid bilish tirqishidan (rima olfactorius) boshlanadi. U oʻrta burun chigʻanogʻining pastki cheti va burun toʻsigʻi orasida joylashib, eni 3-4 mm teng.
Hid bilishning kimyo, fizikaviy va fizik-kimyo nazariyalari mavjud boʻlib, kimyo nazariyasi boʻyicha burun boʻshligʻiga kirgan hidli moddalarning molekulalari (odorivektolar) hid bilish hujayralari tuklarini qoplagan suyuqlikka singib, ularning oqsili bilan birikadi. Hosil boʻlgan birikmaning taʼsirida oʻzgargan hid bilish hujayralarining ionli potensiali asab tolasi hujayralarini qoʻzgʻalishiga olib keladi. Paydo boʻlgan qoʻzgʻalish neyronlar zanjiri boʻylab bosh miya poʻstloqidagi hid bilish oʻzaklariga yetib boradi. Fizik nazariyasiga binoan hid bilish hujayralarining har bir guruhi maʼlum odorivektorlar taʼsirida, fizik-kimyo nazariyasi boʻyicha esa hid bilish aʼzosi hidli moddalarning elektrkimyoviy energiyasi taʼsirida qoʻzgʻaladi.
Hid bilish qobiliyatining birlamchi va ikkilamchi buzilishlari kuzatiladi.
Birlamchi buzilishlar hid bilish analizatorining retseptor hujayralari, oʻtkazish yoʻllari yoki markaziy boʻlimlarining kasalliklari,
ikkilamchi buzilishlar – havo oqimini hid bilish maydoniga kirmasligi natijasida yuzaga keladi.
Turli yalligʻlanish jarayonlari, shilliq pardaning polipoz oʻzgarishlari, atrofiya jarayonlari hid bilish qobiliyatini pasayishi (giposmiya) va baʼzan yoʻqotilishiga (anosmiya) olib kelishi mumkin.