Burun boʻshligʻida pastki,oʻrta va yuqori burun yoʻllari tafovut etiladi
Pastki burun yoʻlining yuqori devorida burun chigʻanogʻining old uchidan 1-1,5 sm masofada burun – koʻz yosh kanalining teshigi joylashgan. Bu kanalning uzunligi 12-24 mm boʻlib, u burun boʻshligʻini koʻz kosasi bilan bogʻlab turadi. Kanal bola tug'ilishi bilan ochiladi, ochilmay qolgan hollarda bolada koʻz yoshining chiqarilishi qiyinlashadi.
Pastki burun yoʻlining lateral devori pastki burun chigʻanogʻining birikish joyida nisbatan yupqa boʻlganligi sababli diagnostik va davolash maqsadida yuqori jagʻ boʻshligʻini teshish muolajasi shu maydonda osonroq bajariladi: bunda maxsus igna chigʻanoqning birikish joyida, uning old uchidan 1,5-2 sm tashlab yuqori – lateral yoʻnalishda sanchiladi.
Oʻrta burun yoʻli oʻrta va pastki burun chigʻanoqlari orasida joylashgan. Oʻrta burun yoʻlining old qismida, burun chigʻanogʻi ostida yarim oy tirqish (hiatus semilunaris) joylashgan boʻlib, orqa qismda u kichik qadoqcha shaklida kengayish – gʻalvirsimon voronkani (infundibulum ethmoidale) hosil qiladi.
Voronkaning old va yuqori qismiga
peshona boʻshligʻi kanali,
oʻrta qismiga – gʻalvirsimon boʻshliqning old katakchalari,
orqa va pastki qismiga – yuqori jagʻ boʻshligʻining tabiiy yoʻli ochiladi.
Oʻrta burun chigʻanogʻining orqa uchi sohasida qanottanglay teshigi (foramen sphenopalatinum) joylashgan boʻlib, undan arteriya, vena va asab tolalari oʻtadi.
Keyingi yillarda endoskop yordamida burun ichi mikrojarrohlik amalini bajarish usuli keng qoʻllanilmoqda, bu esa burun boʻshligʻining asosiy anatomik tuzilmalarini yaxshi bilishni talab etadi. Masalan, oʻrta burun yoʻlining old boʻlimida joylashgan “ostiomeatal kompleks” anatomik tuzilmalar tizimi boʻlib, uning tarkibiga
gʻalvirsimon voronkaning ichki devori,
ilgaksimon oʻsimta,
uning oldida, yaʼni oʻrta burun chigʻanogʻi yuqori uchining birikish maydonda joylashgan burun yostiqchasi hujayralari (agger nasi),
ilgaksimon oʻsimtaning orqasida, yaʼni oʻrta burun chigʻanogʻi old uchining ostida joylashgan gʻalvirsimon boʻshliqning yirik katakchasi – gʻalvirsimon pufakcha (bulla ethmoidalis) va, nihoyat,
burun toʻsigʻining qarama-qarshi maydoni kiradi.
Yuqori burun yoʻli oʻrta burun chigʻanogʻi va burun tomi orasida joylashgan. Ponasimon va gʻalvirsimon boʻshliqning orqa katakchalari shu burun yoʻliga ochiladi.
Burun yondosh boʻshliqlari tabiiy yoʻllarini oʻrta va yuqori burun yoʻllarida bir-biriga yaqin joyda ochilishi yalligʻlanish jarayonini keng tarqalishiga (ayniqsa yosh bolalarda) yordam berib, klinik ahamiyatga ega.
Burun boʻshligʻiga kirishdan oldin teri bilan qoplangan burun dahlizi (vestibulum nasi) joylashgan. Burun boʻshligʻi shilliq parda bilan qoplangan, lekin unda shilliq osti qavati boʻlmaydi. Burun boʻshligʻining shilliq pardasida ikkita maydon – nafas olish (regio respiratoria ) va hid bilish (regio olfactoria) maydonlari tafovut qilinadi.