Gerpetik angina – halqum orqa devori va yumshoq tanglayda yaralanishga moyil mayda pufakcha va toshmalarni paydo boʻlishi bilan kechadigan oʻtkir yuqumli kasallik. Kasallikni adenoviruslar, gripp va Koksaki viruslari qoʻzgʻatadi. Infeksiya havo-tomchi yoʻli va qoʻllar orqali tarqaladi. Pufakchalar yorilgandan soʻng epiteliy qavati fibrin bilan qoplanib, bir vaqtning oʻzida pufakchalar tanglay-til va tanglay-halqum ravoqchalarida hamda yumshoq tanglayda paydo boʻlishi mumkin. Kasallik koʻpincha yosh bolalarda uchraydi.
Klinik belgilari Gerpetik angina oʻtkir boshlanadi, bemorning tana harorati 38-40 0 C ga koʻtarilib, boshi, tomogʻi ogʻriydi, yutinganda ogʻriq kuchayib, u holsizlanadi. Bir tomonlama konyuktivit gerpetik anginaga xos muhim belgi hisoblanadi. Juda kam hollarda yosh bolalarda serozli meningit belgilari paydo boʻlishi mumkin.
Faringoskopiyada dastlabki soatlarda shilliq pardaning tarqoq qizarishi aniqlansa, keyinchalik yumshoq tanglay, tilcha, tanglay ravoqchalari, murtaklar va halqumning orqa devorida kichik qizgʻish pufakchalar paydo boʻladi. Kasallik boshlangandan 3-4 kun oʻtib pufakchalar yorilib yoki oʻz-oʻzidan soʻrilib ketadi va shilliq parda yana oʻz holiga qaytadi.
Davolash. Antibiotikoterapiya yaxshi samara bermasligini eʼtiborga olgan holda bemorga simtomatik terapiya va viruslarga qarshi dorilar (atsiklovir, interferon yoki uni oʻrnini bosuvchi dori) buyurilib,1% li kalsiy xlorid eritmasi vena ichiga tomchilab yuborish ijobiy natija beradi.