Hiqildoqning fonatsiya yoki ovoz chiqarish faoliyati nafas va nutq faoliyatlari bilan uzviy bogʻliq. Ovoz nafas chiqarish jarayoni paytida, ovoz burmalari yopiq holatida hosil boʻladi. Ovoz hosil boʻlishida bir nechta aʼzolar: diafragma, plevra, oʻpka, bronxlar, traxeya, hiqildoq, halqum, ogʻiz va burun boʻshliqlari hamda burun yondosh boʻshliqlari ishtirok etadi. Ovoz burmalari koʻndalang, boʻyiga va vertikal tekislikda tebranadi. Ularni koʻndalang tebranishi (ichkariga va tashqariga) ovoz hosil boʻlishida muhim ahamiyatga ega.
Hiqildoqda hosil boʻlgan ovozning tembri, kuchi va balandligi rezonatorlar (hajmi va shakli bilan bir-biridan farq qilgan turli havoli boʻshliqlar) yordamida oʻzgaradi.
Hiqildoqning nutq faoliyati muhim ijtimoiy ahamiyatga ega. Insonning nutqi eng oliy va eng etuk moslashuv jarayoni hisoblanadi. Soʻz – bu ikkinchi signal tizimi, bosh miya maxsuloti boʻlib, nutq aʼzolaridan markaziy asab tizimiga yuboriladigan taʼsir nutqning asosiy qismidir. Nutq aʼzolariga “faol” (hiqildoqning ovoz burmalari, til, lablar, yumshoq tanglay, halqum ) va “passiv”" (tish, kattiq tanglay, yuqori jagʻ) artikulyatsiya aʼzolari kiradi. Artikulyatsiya aʼzolarida unli va unsiz tovushlar hosil boʻlib, tovushlar soʻzga aylanadi. Shivirlab gapirganda ovoz burmalari yopilmay, bir-biriga biroz yaqinlashadi, shunda oʻpkadan chiqarilayotgan havo oqimi hiqildoq sohasida yengil toʻsiqqa duch keladi va hosil boʻlgan tovush shovqinga oʻxshaydi. Artikulyatsiya aʼzolari va rezonatorlar yordamida bu shovqin unli va unsiz tovushlarga aylantiriladi.
Ovozni hosil boʻlishi, ovoz tuzilmalari kasalliklari va ularni oldini olish masalasi bilan foniatriya fani shugʻullanadi (grek soʻzlari: phone-tovush, yatria – davolash).
Zamonaviy foniatriya boʻlimlari mikrolaringoskopiya, laringostroboskopiya, fibrolaringoskopiya tekshirub usullarini, ovozning spektr tahlilini amalga oshirishda foydalaniladigan asboblar, hiqildoq mikrojarrohligi uchun asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Bu boʻlimlarda hiqildoq kasalliklari aniqlanib, davolanadi, vokal va nutq kasb egalari tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi, konservatoriya va teatr oʻquv yurtlariga kiruvchi abituriyentlar nazoratdan oʻtadilar.
Kuylovchi ovoz nutqga nisbatan ancha keng koʻlamga ega boʻladi. Gapirganda oddiy ovozning koʻlami bir oktava chegarasida (4-6 ton) boʻlsa, xonanda ovozi – ikki oktava, baʼzan undan ham ortiq koʻlamga ega. Kuylovchi ovoz koʻkrak va faltset ovozlarga boʻlinadi. Inson ovozining balandligi ovoz burmalarning tebranish tezligiga bogʻliq. Shuning uchun xonandalarda uzuk-qalqonsimon mushagi yaxshi rivojlangan boʻlib, faltset ovozni hosil qilishda ishtirok etadi.
Ovozning kuchi ovoz osti boʻshligʻining havo bosimiga, ovoz burmalarining tarangligi va tebranish koʻlamiga bogʻliq. Ovozning tembri, yaʼni uning rang-barangligi turlicha boʻladi. Odatda ovoz tembri “yoqimsiz”, ”kuylovchi”, “metall”, ”boʻgʻiq”, ”yumshoq” deb baholanadi. Ovoz tembri asosiy tovush bilan birga paydo boʻladigan turli tovushchalar – obertonlardan shakllanadi. Obertonlar ovoz yorigʻida, ovoz burmalarining tebranishida havo oqimi rezonans boʻshliqlardan oʻtayotgan paytda hosil boʻladi. Rezonatorlar doimiy va oʻzgaruvchan rezonatorlarga boʻlinadi. Qattiq tanglay doimiy rezonatorlardan biri boʻlib, uning shakli ovoz tembriga taʼsir etadi. Oʻzgaruvchan rezonatorlar kuylaganda yoki gapirganda ovoz tembrini, kuchini va balandligini oʻzgartirish qobiliyatiga ega. Ovoz tembrini mashq yordamida oʻzgartirish mumkin. Kuylovchi ovozlar balandligi bilan bir-biridan farq qiladi. Erkaklar ovozida bas, bariton va tenor, ayollar ovozida – kontralto, metssosoprano va soprano ovozlari tafovut etiladi.Kuylovchi ovozning turini aniqlashda ovoz burmalarining boʻyi va eni eʼtiborga olinadi. Bas ovozida ovoz burmalari uzun va keng (boʻyi 24-25 mm, eni 3-4 mm), sopranoda – kalta va tor (buyi 14-19 mm, eni 1,5-2 mm) boʻladi. Ovoz burmalari bevosita laringoskopiya tekshiruvida oʻlchanadi.
Bolalar ovozi past – alt va baland – diskant ovozlarga boʻlinadi. Bolalar ovozi yumshok, “kumush” ovoz boʻlib, kuchi chegaralanganligi bilan ajralib turadi. Balogʻat yoshida (oʻgʻil bolalarda 14-16 yoshda, qizlarda 12-14 yoshda ) ovoz mutatsiyasi sodir boʻladi. Mutatsiya davrida oʻgʻil bolalar ovozi bir oktavaga, qizlar ovozi ikki tonga pasayadi. Qizlarda hayz koʻrish davrida ovozni sababsiz boʻgʻilishi yoki yoʻtal kuzatilishi mumkin. Mutatsiya davrida qichqirish, uzoq vaqt ovoz chiqarib oʻqish va kuylash man etiladi. Vokal va nutq kasb egalari – xonandalar, dramatik aktyorlar, qoʻshiqchi – havaskorlar va pedagoglar gigiyenik hamda sogʻlomlashtirish qoidalariga rioya qilishlari lozim. Gigiyenik qoidalarga chiniqish, jismoniy mashqlar, sport bilan shugʻullanish, chekishdan, spirtli ichimliklardan voz kechish, oʻtkir va shoʻr ovqatlarni cheklash, sogʻlomlashtirish qoidalariga – vaqti-vaqti bilan vrach koʻrigidan oʻtish, ogʻiz boʻshligʻi, yuqori nafas yoʻllari, xususan burun va burun yondish boʻshliqlari kasalliklarini davolash tadbirlari kiradi.