Nogʻora boʻshligʻi ham topografik joylashuvi, ham klinik ahamiyati boʻyicha boshqa boʻshliqlarga nisbatan asosiy oʻrinni egallaydi. Oʻrta quloq yopiq havoli tizimining havo almashinuvini nogʻora boʻshiligʻini burunhalqum bilan ulab turgan eshituv nayi orqali taʼminlaydi.
Nogʻora boʻshligʻi (cavum tympanica) nogʻora parda va labirint orasida joylashgan boʻlib, toʻrt qirrali notoʻgʻri kub shaklini eslatadi. Unda 6 ta devor tafovut qilinadi:
tashqi va ichki;
yuqori va pastki;
old va orqa.
o
Nogʻora boʻshligʻining hajmi 0,75-1,0 sm , vertikal va old-orqa oʻlchami 15 mm, koʻndalang oʻlchami 2-6 mm teng. Bundan tashqari, nogʻora boʻshligʻi shartli ravishda yuqori – attik (epitympanum), oʻrta – (mesotumpanum) va pastki (hipotympanum) boʻlimlarga boʻlinadi.
Nogʻora boʻshligʻining tashqi devorini nogʻora parda hosil qilib, u tashqi quloqni oʻrta quloqdan ajratib turadi.
Nogʻora boʻshligʻining yuqori boʻlimi – nogʻora usti chuqurligi, attik yoki epitimpanum nogʻora pardaning taranglashgan qismining yuqori chetidan teparoqda joylashgan. Uning tashqi devorini tashqi eshituv yoʻli yuqori devorining suyak plastinkasi va nogʻora pardaning salqi qismi hosil qiladi. Nogʻora boʻshligʻining yuqori qismida bolgʻacha va sandoncha tanalarini biriktiruvchi boʻgʻim joylashgan boʻlib, boʻshliqni ichki va tashqi boʻlimlarga boʻladi. Nogʻora usti chuqurligi tashqi boʻlimining pastki qismida, nogʻora pardaning tarang qismi va bolgʻacha boʻyinchasi orasida nogʻora pardaning yuqori chuqurchasi yoki Prussak choʻntagi joylashgan. Bu tor boʻshliq hamda undan pastda va tashqarida joylashgan nogʻora pardaning old va orqa chuqurliklari (old va orqa
Trelch choʻntaklari) surunkali epitimpanitda bajariladigan jarrohlik amalida klinik ahamiyatga ega. Kasallikning qaytalanishini oldini olish maqsadida jarrohlik amali paytida bu choʻntaklar albatta koʻzdan kechirilishi lozim.
Nogʻora boʻshligʻining oʻrta qismimezotimpanum (mesotympanum)- eng katta boʻlim boʻlib, nogʻora parda tarang qismining joylashuviga mos keladi.
Pastki boʻlimi – gipotimpanum (hypotympanum)- nogʻora pardaning pastki birikish joyida joylashgan chuqurcha hisoblanadi.
Nogʻora boʻshligʻining yuqori devori yoki tomi (tegmen tympani) qalinligi 1-6 mm gacha boʻlgan yupqa suyak plastinkasidan iborat boʻlib, nogʻora boʻshligʻini kalla suyagining oʻrta chuqurchasidan ajratib turadi. Suyak plastinkada suyak nuqsonlari (degistsensiyalar) mavjudligi tufayli kalla suyagi oʻrta chuqurchasining bosh miya qattiq pardasi bevosita nogʻora boʻshligʻining shilliq pardasiga tegib turadi, shuning uchun oʻrta quloqdagi yalligʻlanish jarayoni bosh miya toʻqimasiga tarqalishi va kalla ichi asoratlarning rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
Yosh bolalarda chakka suyagining toshsimon va tangachasimon qismlarining chegarasida nogʻora boʻshligʻining tomi sohasida bitmagan toshtangachasimon tirqish (fossa petrosquamosa) mavjud boʻlib, undan qon tomirlar toʻplami bilan birga biriktiruvchi toʻqima toʻplami oʻtadi va infeksiyaning tarqalish yoʻli boʻlib xizmat qilishi mumkin. Shuning uchun yosh bolalarda oʻtkir yiringli oʻrta otitda qattiq miya pardasi taʼsirlanishi natijasida meningizm belgilari paydo boʻlishi mumkin.Keyinchalik bu tirqishning oʻrnida toshtangachasimon chok-sutura petrosquamosa shakllanadi. Baʼzan chakka suyagining ichki yuzasida tirqish qoldiqlari saqlanib qolganligi natijasida kattalarda rivojlangan mastoidit kasalligida suyak toʻqimasi ostida yiring toʻplanishi mumkin.
Nogʻora boʻshligʻining pastki, boʻyinturuq devori (pars jugularis) yoki nogʻora boʻshligʻining tubi uning ostida yotgan ichki boʻyinturuq venaning yuqori piyozchasi (bulbus venae jugularis) bilan chegaralangan. Boʻshliq tubi nogʻora parda chetidan 2,5-3 mm pastroqda joylashgan. Baʼzan bu devorda suyak nuqsonlari – degistsensiyalari boʻlib, vena piyozchasi nogʻora boʻshligʻi ichiga boʻrtib turadi. Shuning uchun oʻrta quloqdagi yalligʻlanish jarayoni boʻyinturuq venaga tarqalib, septikopiyemiya asoratini rivojlanishiga yoki paratsentez paytida vena piyozchasi jarohatlanib, quloqdan kuchli qon oqishiga sabab boʻlishi mumkin.
Nogʻora boʻshligʻining old devori, eshituv nayi va uyqu arteriyasi devori (pars tubaria,s.caroticus). Bu devorning yuqori qismini ikki teshik egallagan boʻlib, ularning kattasi – eshituv nayining ichki teshigi (ostium tympanicum tubae auditivae), kichigi – uning ustida joylashgan nogʻora pardani taranglashtiruvchi mushak yarim doira kanalidir.
Pastki qismida nogʻora boʻshhgʻmmg old devori yupqa suyak plastinkasidan tashkil topgan boʻlib, nogʻora boʻshligʻini ichki uyqu arteriyasi kanalidan ajratib turadi. Qon tomirlar va asab tolalari bu devordagi kichik teshikchalar orqali nogʻora boʻshligʻiga kiradi. Baʼzan yalligʻlanish jarayoni nogʻora boʻshligʻidan uyqu arteriyasining suyak devoriga tarqalishi yoki arteriya devori paratsentez paytida jarohatlanib, kuchli qon oqishiga sabab boʻlishi mumkin.
Nogʻora boʻshligʻining orqa yoki soʻrgʻichsimon devori (pars mastoideus) soʻrgʻichsimon oʻsiq bilan chegaralangan. Uning yuqori qismida keng yoʻl – gʻorga kirish yoʻli (aditus ad antrum) joylashgan. Bu yoʻl nogʻora boʻshligʻining tomini, yaʼni attikni soʻrgʻichsimon oʻsiq gʻori bilan (antrum mastoideum), yaʼni soʻrgʻichsimon oʻsiqning doimiy katakchasi bilan bogʻlab turadi. Gʻorga kirish joyidan pastda, dahliz darchasining pastki cheti sathida, orqa devorda oʻz ichiga uzangicha mushagini joylashtirgan piramida tepaligi (eminentia pyramidalis) joylashgan. Uzangicha mushagining payi tepalik choʻqqisidan boshlanib, uzangicha boshchasida tugaydi. Piramida tepaligining tashqi tomonida kichik teshik boʻlib, undan nogʻora tori -horda tympani chiqadi.
Nogʻora boʻshligʻining tashqi, yaʼni nogʻra parda devori (pars membranaceus) yuqorida nogʻora parda va attikning yuqori-tashqi devori, pastda-tashqi eshituv yoʻlining pastki devoridan hosil boʻlgan. Nogʻora pardadan yuqorida tashqi devorni eni 3-6 mm boʻlgan tashqi eshituv yoʻlining yuqori devor plastinkasi tashkil qiladi. Shu plastinkaning pastki chetiga, yaʼni nogʻora oʻymasiga (incisura tympanica) nogʻora parda birikadi
Nogʻora boʻshligʻining ichki (labirint) devori (pariyes labyrinthicus) oʻrta quloqni ichki quloqdan, yaʼni labirintdan ajratib turadi. Ichki devorning markaziy boʻlimida chigʻanoq asosiy gajagining tashqi devori hosil qilgan tepalik (promontorium) joylashgan. Tepalikning yuzida nogʻora chigali (plexus tympanicis) bor. Nogʻora chigalini quyidagi asab tolalari hosil qiladi:
til-halqum asab tolasining shoxchasi boʻlgan nogʻora asab tolasi (n.tympanicis),
uch shoxli asab tolasi (n.trygeminis),
yuz asab tolasi (nfacialis)
ichki uyqu chigalining (plexus carotis internus) simpatik tolalari.
Tepalikning yuqori-orqa qismida uzangi asosi (basis stapedis) bilan yopilgan dahlizning oval darchasi (fenistra vestibuli), orqa-pastki qismida ikkilamchi nogʻora parda (membrana tympani secundaria) bilan yopilgan aylana teshikchigʻanoq darchasi (fenistra sochleae) joylashgan. Chigʻanoq darchasi nogʻora boʻ shligʻining orqa devoriga qaragan boʻlib, qisman promontorium tepaligining orqa-pastki boʻrtigʻi bilan yopilgan.
Bevosita oval darcha ustida fallopiy suyak kanali joylashgan boʻlib, ichidan yuz asab tolasining gorizontal shoxchasi oʻtadi.Bu kanal devori juda yupqa va baʼzan tirqishlarga ega boʻlganligi cababli oʻrta quloqdagi patologik jarayon yuz asab tolasiga tarqalib, yuz asab tolasi nevriti rivojlanishiga sabab boʻlishi mumkin. Kanalning yuqori-orqa tomonida tashqi (gorizontal) yarim doira kanal ampulasining boʻrtigʻi joylashgan.Oval darcha ustida nogʻora pardani taranglashtiruvchi mushak yarimkanali oʻtadi (7-rasm).
Nogʻora boʻshligʻining shilliq pardasi burunhalqum shilliq pardasining davomi hisoblanadi. U nogʻora boʻshligʻi devorlarini va eshituv suyakchalarini qoplab, bir vaqtning oʻzida periost (mukoperiost) vazifasini ham bajaradi. Nogʻora boʻshligʻida u bir nechta burma va choʻntaklar hosil qilib,nogʻora boʻshligʻining oʻrta va yuqori qavatlarini bir-biridan ajratib turadi. Shilliq parda burmalari va suyak tuzilmalar nogʻora boʻshligʻi choʻntaklarini yoki sinuslarini hosil qilishda qatnashadi, bu esa surunkali oʻrta otitlami rivojlanishida klinik ahamiyatga ega. Nogʻora sinusi piramida tepaligining ostida joylashib, ichki boʻyinturuq venaning yuqori piyozchasiga va chigʻanoq darchasigacha davom etadi. Yuz sinusi ichki tomondan yuz asab tolasi kanali, orqadan piramida tepaligi va oldindan promontorium tepaligi bilan chegaralangan.
Oʻrta quloq shilliq pardasini qoplagan epiteliy qavati burunhalqum epiteliy qavatining oʻzgargan shakli boʻlib, eshituv nayi timpanal teshigi sohasida u 2-3 qatorli silindrik hilpillovchi epiteliydan iborat (epiteliyning tuklari eshituv nayining timpanal teshigidan burunhalqum tomon harakatlanadi). Epiteliy qavatida qadaxsimon hujayralar soni kam boʻladi. Bu maydondan uzoqlashgan sari nogʻora boʻshligʻining shilliq pardasi bir qavatli kubsimon, orqa boʻlimlarda – bir qavatli yassi epiteliy bilan qoplangan boʻladi; mezotimpanum va epitimpanumning orqa qismida hilpillovchi epiteliy hujayralari koʻp uchraydi. Promontoriy tepaligi sohasi shilliq pardasida shilliq ishlab chiqaruvchi va shilliq ishlab chiqarmaydigan silindrik hujayralardan, kam miqdorda – hilpillovchi va undan ham kam miqdorda – qadaxsimon hujayralardan tashkil topgan.