Havo oqimi burun boʻshligʻida isitiladi, namlanadi, tozalanadi.
Havoni isitilishi quyidagicha amalga oshiriladi:
sovuq havo burun shilliq pardasining termoreseptorlariga taʼsir koʻrsatganda burun chigʻanoqlari, ayniqsa kalorifer vazifasini bajaruvchi pastki chigʻanoqlar qonga toʻlib, hajmi ancha kattalashadi, buning natijasida burun yoʻllari keskin torayadi. Sovuq havo burun chigʻanoqlari shilliq pardasining kattalashgan yuzasiga tegib kichik oqim bilan tor burun yoʻllaridan oʻtishi natijada uning oʻtish muddati choʻziladi va demak, isitiladi.
Havoni namlanishi shilliq bezlar, qadaxsimon hujayralar ishlab chiqgan ajralma, limfa va koʻz yoshi suyuqligi hisobidan sodir boʻladi. Bir sutka davomida kattalarda burun boʻshligʻidan bugʻ bilan 500 ml suv chiqarilib, ushbu suvning miqdori tashqi havoning namligi, harorati va burun boʻshligʻining holatiga bogʻliq boʻladi.
Havoni tozalanishida bir necha mexanizmlar ishtirok etadi. Yirik chang zarrachalari burun dahlizidagi qalin tuklar yordamida mexanik usulda ushlanib qolinadi. Birinchi toʻsiqdan oʻtgan kichikroq chang zarrachalari esa mikroblar bilan birga shilimshiq ajralma bilan qoplangan shilliq pardaga yopishib qoladi. Burun yoʻllarining torligi va qiyshiqligi ham changni ushlanib qolishiga yordam beradi. Qadaxsimon hujayralar ishlab chiqgan shilliq modda tarkibida lizosim, laktoferrin, immunoglobulinlar mavjud boʻlib, ular qator mikroblarga qarshi bakteriosid va bakteriostatik taʼsirga ega. Burun boʻshligʻiga havo oqimi bilan kirgan chang zarrachalari, bakteriyalar va kimyoviy moddalarning 40 – 60% shilimshiq ajralmaga yopishib, fermentlar yordamida parchalanadi va soʻlak bilan tuflab chiqariladi yoki yutib yuboriladi.
Nafas yoʻllarining oʻz-oʻzini tozalash mexanizmi mukosilliar transport (mukotsilliar klirens) deb ataladi va u muhim fiziologik ahamiyatga ega. Har bir tukli hujayra oʻz yuzasida 200-300 ta gacha tuklarga ega boʻlib,ularning uzunligi 5-8 mkm,diametri 0,15-0,3 mkm ga teng. Tuklarning har biri harakat moslamasiga – aksonemaga ega. Tuklar bir daqiqada 10-15-marta harakatlanishi mumkin. Ularning harakati tufayli burun ajralmasi, unga yopishib qolgan chang zarrachalari,zararli kimyoviy moddalar va mikroblar burunhalqum tomon siljitiladi va yutib yuboriladi. Tuklarning harakatiga turli omillar taʼsir koʻrsatishi mumkin: turli yuqumli kasalliklar (masalan, qizamiq, skarlatina, OʻRVK va boshq.), tana haroratini koʻtarilishi, zararli kimyoviy moddalar, pH koʻrsatkichini oʻzgarishi tuklar harakatini buzilishiga, hilpillovchi epiteliy metaplaziyasiga, uni koʻp qavatli yassi epiteliyga aylanishiga olib keladi. Uch shoxli asab tolasi taʼsirlanganda tuklarning harakati tezlashadi, simpatik asab tizimi taʼsirida – sekinlashadi. Glitserin, vezelin, sovuq havo hilpillovchi epiteliy faoliyatini susaytiradi, adrenalin esa, aksincha, uni kuchaytiradi. Tamaki tutini taʼsirida epiteliy faoliyati 5 daqiqadan soʻng toʻxtab qolishi mumkin.
Burun kasalliklarini davolashda burunga uzoq vaqt davomida (ikki haftadan ortiq) qon tomirlarini toraytiruvchi yoki boshqa tomchilarni tomizish hilpillovchi epiteliy faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatishini esda tutish lozim!
Burunning himoya mexanizmlariga aksirish va koʻz yoshini chiqarish faoliyatlari ham kiradi. Meʼyorda koʻz yoshi suyuqligi burun – koʻz yoshi kanalining teshigi orqali burun boʻshligʻiga (pastki burun yoʻliga) erkin oʻtadi. Burun boʻshligʻining gipertrofiya jarayonlarida yoki sovuq havo taʼsirida burun boʻshligʻi shilliq pardasining shishi tufayli kanalning teshigi torayib, koʻzdan tinmay yosh oqishi kuzatiladi.
Aksa urish jarayoni burun dahlizi va shilliq qavatida turib qolgan zararli moddalarni tashqariga chiqaruvchi himaya mexanizmi bo‘lib, 3 davrdan iborat:
Aksa urishga tayyorlanish davri
Aksa urish davri
Aksa urgandan keyingi tiklanish davri
Shuni yodda tutish lozimki, aksa urish jarayonida burun kataklarini siqish mumkin emas. Chunki bu holar birinchidan zararli moddalar va bakteriyalarni burun bo‘sh‘ligida qolib ketishi, natijada, patologik jarayon rivojlanishiga sharoit yaratsa, ikkinchidan, burun bo‘shlig‘ida yuqori bosimni hosil qilib turli asoratlar keltirib chiqarishi mumkin.