Halqumning termik va kimyoviy kuyishlari koʻproq nazoratsiz qolgan yosh bolalarda sodir boʻladi ( nazoratsiz qolgan bola toʻsatdan choynak tumshugʻidan choy yoki qaynoq suvni, sut yoki suyuq ovqatni ichib qoʻyishi mumkin). Bundan tashqari bola turli suyuqliklarni, shu jumladan konsentratsiyasi yuqori kislota, ishqor, ogʻir metal tuzini, yod eritmasini, permanganat kaliy kristallari yoki boshqa zaharli moddalarni ichib yuborishi mumkin. Kattalar orasida ruhiy holati oʻzgarganda oʻz joniga qasd qilish maqsadida yuqorida qayd etilgan zaharli moddalarni ichish hollari uchraydi.
Bolalarda ogʻiz boʻshligʻi va halqum shilliq pardasi kuyishlari hiqildoq shilliq pardasi kuyishiga nisbatan yengilroq kechadi.
Klinik belgilari. Dastlab halqum sohasida kuchli ogʻriq paydo boʻladi, ogʻriq yutinganda, qusganda va yoʻtalganda kuchayadi. Nnavshadil spirt va sirka kislotaning kuchsiz eritmasi ogʻiz boʻshligʻi, halqum shilliq pardalarini yuzaki kuydiradi. Oʻtkir kislota yoki ishqor yutib yuborilganda ogʻiz boʻshligʻi va halqumning shilliq pardalarida nekroz, devorlarini emirilishi kuzatiladi.
Kuyishning I darajasida shilliq pardaning epiteliy qatlami kuyadi, ogʻiz boʻshligʻi, tanglay ravoqchalari, tilcha, halqum va baʼzan hiqildoqqa kirish joyining shilliq pardasi keskin qizarib, shishadi.
Kuyishning II darajasida bemorda umumiy zaharlanish belgilari kuzatilib, jarohat maydonida shilliq parda shishib, shishasimon boʻladi va nekrotik karash bilan qoplanadi.
Kuyishning III darajasida bemorda keskin umumiy zaharlanish belgilari, qon asidozi, eritrositlar gemolizi rivojlanib, buyrak, jigar, yurak, qon tomir yetishmovchiligi rivojlanish xavfi tugʻiladi. Faringoskopiyada nafaqat shilliq parda, balki shilliq osti toʻqimalari kuyganligi va chuqur nekroz jarayoni yuz berganligi, shilliq parda oq karash bilan qoplanganligi koʻrinadi.
Tashxis kasallikni boshlanishi, bemor shikoyatlari, qaysi zaharli moddani qanday vaziyatda ichganligi, bemorning umumiy ahvoli, ichgan ichimlikni hidi, qayt qilingan suyuqlikni xarakteri va boshqa tekshiruvlar natijasini eʼtiborga olgan holda qoʻyiladi. Bemor yutinganda ogʻriqni paydo boʻlishi, nafas olishi va yutinishi qiyinlashganligi, ogʻzidan koʻp miqdorda soʻlak oqishi eʼtiborga olinadi. Tekshiruv paytida vrach kuyish qachon va qanday vaziyatda sodir boʻlganligini, kuydiruvchi moddani va organizmning umumiy zaharlanish darajasini aniqlashi lozim.
Faringoskopiyada kuygan maydonning hajmi va kuyish darajasi aniqlanadi. Kerak boʻlganda halqumning rentgenologik tekshiruvi oʻtkaziladi.
Davolash. Bemorga shoshilinch ravishda birinchi tibbiy yordam koʻrsatiladi. Kimyoviy kuyishlarda zaharli moddani neytrallashga qaratilgan chora-tadbirlar oʻtkaziladi. Kislota bilan zaharlanganda halqum ohak suvi, ishqor bilan zaharlanganda esa 1% sirka kislotasining eritmasi yoki sut va suv aralashmasi (1:2) yoki tuxum oqsili bilan oshqozon va qiziloʻngach yuviladi. Bemorga ichish uchun ogʻriqsizlantiruvchi dori buyurilib,parhez taomlar tavsiya etiladi.
Keyingi davolash tadbirlari kuyish, organizmning umumiy zaharlanish va nafasning buzilish darajalariga qarab oʻtkaziladi. Halqum va ogʻiz boʻshligʻining yengil kuyishlarida jarohat maydoniga 0,5% novokain eritmasi yoki 10% lidokain aerozoli sepilib, och pushti rangli permanganat kaliy eritmasi bilan chayiladi. Ichishga 3,0 anestezin qoʻshilgan 100 ml oʻsimlik yogʻi tavsiya etiladi (bir osh qoshiqdan 4-6 mahal). Agar ogʻiz boʻshligʻi kaliy permanganat kukuni bilan kuygan boʻlsa, 5% askorbin kislotasi eritmasi bilan bir necha marta lidokain aerozoli yoki dikain bilan ogʻriqsizlantirilib, toza boʻlguncha artiladi. Keyinchalik simptomatik va patogenetik davolash tadbirlari oʻtkaziladi.