Nogʻora pardaning tashqi quloq tomon qaragan yuzini chuqur quloq arteriyasi (a.auricularis profunda), oʻrta quloq tomon karagan yuzini old nogʻora arteriyasi (a.tympanica anterior) qon bilan taʼminlaydi. Nogʻora pardaning qon tomirlari 2 ta toʻr hosil qilib joylashadi (tashqi va ichki qon tomir toʻrlari). Nogʻora pardaning tashqi va ichki yuzasining qon tomirlari oʻzaro anastomoz hosil qiladilar. Meʼyorda otoskopiyada nogʻora pardada qon tomirlar koʻrinmaydi, oʻtkir oʻrta otit kasalligi rivojlanishi bilan ular yaqqol koʻzga tashlana boshlaydi.
Nogʻora pardadan vena qoni tashqi boʻyinturuq venaga, koʻndalang sinusga va oʻrtada joylashgan meningial venalarga, limfa suyuqligi esa quloq oldi, quloq orti va orqa boʻyin limfa tugunlariga quyiladi.
Nogʻora pardaning innervatsiyasini quloqchakka asab tolasi (n. auriculotemporalis), sayyor asab tolasining quloq shoxchasi ( ramus auricularis n.vagus) va nogʻora asab tolasi (n.glossopharyngeusning shoxchasi) taʼminlaydi.