Hid bilish maydoni (regio olfactoria) burun boʻshligʻining yuqori qismida joylashgan. U burun tomidan boshlab oʻrta burun chigʻanogʻining medial chetigacha boʻlgan maydonni hamda shu sathga toʻgʻri kelgan burun toʻsigʻi shilliq pardasini egallaydi.
Hid bilish maydonininig shilliq pardasi hid bilish epiteliysi bilan qoplangan,yuzasi 24 sm .kv.ni tashkil qiladi. Hid bilish epiteliysi orasida tozalash vazifasini bajaruvchi hilpillovchi epiteliy maydonchalari ham uchraydi. Hid bilish epiteliysi bazal, tayanch va sensonevral hujayralardan tuzilgan. Tayanch hujayralar sargʻish pigmentga ega, shuning uchun rinoskopiyada hid bilish maydoni sargʻish boʻlib koʻrinadi. Hid bilish hujayralari ipsimon shaklda boʻlib, periferik tolalarining (dendritlar) uchi kengayish hosil qiladi. Bu hujayralarning markaziy tolalari esa (aksonlar) hid bilish iplari (fila olfactoria) tarkibida yuqoriga koʻtariladi va elaksimon plastinka tirqishlaridan oʻtib, kalla suyagi boʻshligʻiga kiradi. Bu yerda hid bilish yoʻlining I-neyroni hid bilish asab tolasining piyozchasida (bulbus olfactoria) tugaydi. II-neyron tractus olfactoria tarkibida trigonum olfactorium, substantia perforata, septum pellucidum sohasiga yetib borib, oʻsha joyda tugaydi. Bu yerdan boshlangan III-neyron bosh miya poʻstloqining hid bilish markaziga boradi.
Hid bilish maydonining shilliq pardasida serozli suyuqlik ishlab chiqaruvchi oddiy va shoxli naysimon Boumen bezlari mavjud. Ular ishlab chiqargan suyuqlik hidli moddalarni eritish qobiliyatiga ega. Tayanch hujayralar ishlab chiqaruvchi pigment ham ushbu jarayonda ishtirok etadi.